Logo

Pokiston OAV: Islomobodda "Shavkat Mirziyoyev: islohotlar va mintaqaviy integratsiyaning buyuk yetakchisi" nomli kitobi taqdimot qilindi

Noyabr 11, 2025. 17:46 • 3 daq

146
Pokiston OAV: Islomobodda "Shavkat Mirziyoyev: islohotlar va mintaqaviy integratsiyaning buyuk yetakchisi" nomli kitobi taqdimot qilindi

ISLOMOBOD, 11-noyabr. /"Dunyo" AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari Islomobodda o'tkazilgan "Shavkat Mirziyoyev: islohotlar va mintaqaviy integratsiyaning buyuk yetakchisi" nomli kitob taqdimotini keng yoritdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, ushbu mamlakatning "Associated Press of Pakistan" axborot agentligi, "Election Times", "The World News", "Dailyindependent" kabi nufuzli elektron nashrlari, "Pakistan Observer" gazetasi va saytida hamda "ISSI" rasmiy saytida "Islomobodda Shavkat Mirziyoyev: islohotlar va mintaqaviy integratsiyaning buyuk yetakchisi" nomli kitob taqdimot qilindi" sarlavhali maqolalar e'lon qilindi.

Nashrlarda O'zbekiston elchixonasi Islomobod Strategik tadqiqotlar instituti ("ISSI") bilan hamkorlikda pokistonlik yetakchi ekspert, "Janubiy Osiyo tadqiqotlari va xalqaro munosabatlar" tahlil markazi ijrochi direktori Mehmud ul-Hasan Xanning "Shavkat Mirziyoyev: islohotlar va mintaqaviy integratsiyaning buyuk yetakchisi" nomli kitobi taqdimotni o'tkazgani ma'lum qilingan.

"2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, "O'zbekiston-2030" strategiyasi va taraqqiyotga oid boshqa konseptual hujjatlarda O'zbekiston xalqining ertangi kunga bo'lgan xohish-irodasi, Hukumatning mamlakatni rivojlantirishga oid muhim tashabbuslari, ijtimoiy davlatni barpo etish tamoyillari qamrab olingan. Mazkur kitobda ushbu hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati batafsil yoritib berilgan", – deya Sahaid Mahmud so'zlaridan iqtibos keltirilgan materiallarda.

O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev o'z nutqida qisqa vaqt ichida Islomobodda O'zbekiston haqida ikki muhim kitoblar – Muhammad Abbos Xanning "Uzbekistan: The Third Renaissance – The Concept of the Future" (16-oktyabr) hamda Mehmud ul-Hasan Xanning "Shavkat Mirziyoyev: Great Leader of Reforms and Regional Integration" nomli asarlari keng jamoatchilikka taqdim etilayotgani Pokiston ilmiy-akademik doira vakillari orasida mamlakatimizga bo'lgan qiziqishning ortayotganidan dalolat berishi ta'kidladi.

Maqolalarda mamlakatimiz elchisi nutqidan quyidagi iqtibos keltirilgan: "Mehmud ul-Hasan Xanning ushbu kitobida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi yurtimizda ortga qaytmas islohotlar jarayoni, makroiqtisodiy islohotlar, moliyaviy liberallashtirish, kambag'allikni qisqartirish, tashqi siyosat, madaniy diplomatiya va mintaqaviy integratsiya kabi masalalar atroflicha yoritilgan. O'zbekiston yetakchisining "islohotlar statistika uchun emas, inson qadri, sha'ni va kelajagi uchun" ekani haqidagi tamoyiliga tayangan holda yurtimizda "Yangi O'zbekiston" g'oyasini hayotga tadbiq etish amaliy strategiyaga aylangani, raqamli iqtisodiyot, "yashil" energetika, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va yoshlar uchun yangi ish o'rinlarini yaratish borasidagi yutuqlar kitobda chuqur tahlil etilgan",

Nashrlar Pokiston madaniyat vaziri Avrangzeb Xan Khichi o'z chiqishida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini, jamiyat hayotini yangilash, aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy yo'naltirilgan siyosatni yanada mustahkamlashni "Rivojlanishning O'zbekiston modeli", – deya ataganiga alohida e'tibor qaratgan.

Kitob muallifi Mehmud ul-Hasan Xan o'z navbatida mazkur asarni yozishdan asosiy maqsad O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini yoritish, ularning mintaqaviy hamkorlik va integratsiya jarayonlariga ta'sirini ilmiy tahlil qilish, Pokiston jamoatchiligining ushbu jarayon to'g'risidagi xabardorligini oshirish ekanini ta'kidladi.

Pokiston OAVda e'lon qilingan maqolalar "Prezident Shavkat Mirziyoyevni mamlakat ichida islohotlar jarayonini boshqarayotgan va mintaqada integratsiya g'oyasini ilgari surib, amalga tatbiq etayotgan zamonaviy rahbardir. Mazkur kitob esa O'zbekistonning ilg'or tajribasini yoritish bilan birga, ikki xalq o'rtasida do'stlik va o'zaro bog'liqlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi", – degan so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish