15-aprel kuni Toshkent shahrida O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, O'mon va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo'lib o'tadi
Aprel 15, 2024. 07:08 • 3 daq
• 271
TOSHKENT, 15-aprel. /"Dunyo" AA/. Bugun O'zbekiston poytaxtida "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" formatidagi tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi boshlanmoqda, deb xabar beradi "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston, xususan, Toshkent shahri, Markaziy Osiyo va Ko'rfaz arab davlatlari xalqlari o'rtasidagi ko'p asrlik tarixiy aloqalar, madaniy almashinuvlar va bugungi kunda o'zaro manfaatli hamkorlik uchun ulkan salohiyatga asoslangan mintaqalararo bog'liqlikning yangi formatiga amaliy sur'at bag'ishlaydigan muhim xalqaro forum o'tkaziladigan manzilga aylanmoqda.
2022-yilning 7-sentyabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida "Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi – Markaziy Osiyo" Strategik muloqotining birinchi vazirlar uchrashuvi bo'lib o'tgan edi.
Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, O'mon, Saudiya Arabistoni, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston tashqi ishlar vazirlari Kengash mamlakatlari va Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi siyosat, xavfsizlik, savdo va investitsiya, ta'lim, sog'liqni saqlash, madaniyat, yoshlar va sport sohalaridagi munosabatlarning hozirgi holati hamda istiqbollarini muhokama qildilar.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo va Ko'rfaz arab davlatlari bir-birini ishonchli hamkorlar deb biladi. Formatning barcha ishtirokchilari ikki mintaqaning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorligini kengaytirishdan manfaatdor.
Ikki mintaqa o'rtasidagi tarixiy aloqalar o'zaro hamkorlikni rivojlantirish va faollashtirishning muhim asosi sanaladi. Qadimdan Markaziy Osiyo va Ko'rfaz arab davlatlari xalqlari o'rtasida yaqin savdo aloqalari, umumiy qadriyatlar va an'analar mavjud bo'lgan. Albatta, muqaddas Islom dini xalqlarimizni birlashtiruvchi qudratli omil hisoblanadi.
Format istiqbollarini 2023-yil 19-iyul kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammiti yakunlari tasdiqlaydi. Oliy darajadagi sammitda davlat yetakchilari o'zaro manfaatli hamkorlikning uzoq muddatli yo'nalishlarini belgilab beruvchi 2023-2027-yillarga mo'ljallangan Qo'shma harakatlar rejasini tasdiqladilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitda so'zga chiqib, ulkan iqtisodiy, tabiiy va intellektual resurslarga ega Ko'rfaz davlatlarining global barqarorlik va energetika xavfsizligini ta'minlashdagi o'rnini alohida ta'kidladi.
Davlatimiz rahbari ijobiy tajribadan kelib chiqib, ikki mintaqa o'rtasida siyosat, texnologiya va investitsiya, "yashil" iqtisodiyot, savdo va transport aloqalarini mustahkamlash, ekologiya va iqlim o'zgarishi, turizm, madaniyat va ta'lim kabi qator muhim yo'nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi. O'zbekiston Prezidentining tashabbuslari barcha ishtirokchi mamlakatlar yetakchilari tomonidan yakdil qo'llab-quvvatlandi.
Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi 1981-yil 25-mayda tashkil etilgan mintaqaviy tashkilotdir. Unga Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt, Qatar, O'mon va Bahrayn kiradi. Ushbu davlatlar uglevodorodlar yetkazib beruvchi yetakchi mintaqa va nufuzli jahon moliya markazi hisoblanadi.
Tashkilotning asosiy maqsadi – siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik va integratsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish, ya'ni iqtisodiy va moliyaviy masalalar, ta'lim va madaniyat, ijtimoiy va sog'liqni saqlash, ommaviy axborot vositalari va turizm, qonunchilik va boshqaruv muammolari kabi sohalarni tartibga solishdan iborat. Kengash, shuningdek, sanoat, qishloq xo'jaligi va suv resurslarini muhofaza qilish sohalarida ilmiy va texnologik taraqqiyotni rag'batlantiradi.
Ta'kidlash kerakki, so'nggi yillarda O'zbekistonning Ko'rfaz arab davlatlari bilan aloqalari yangi pog'onaga ko'tarildi. O'zaro manfaatli hamkorlik barcha sohalarda faol rivojlanmoqda. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashilyapti. Ushbu tuzulmaga a'zo mamlakatlar bilan o'zaro tovar ayirboshlash, amalga oshirilayotgan qo'shma loyihalar soni izchil ortib borayotir. Ular orasida "ACWA Power", "Masdar", "Mubadala", "TACA", "Nebras Power" kabi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda umumiy quvvati 15 gigavattdan ortiq quyosh va shamol elektr stansiyalarini hamda energiya saqlash inshootlarini qurish kabi muhim loyihalar amalga oshirilayotganini alohida qayd etish joiz.
Bugungi Toshkent uchrashuvi, shubhasiz, tomonlarning bir-birining salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish yo'lidagi navbatdagi qadami bo'lib, jadal rivojlanayotgan ikki mintaqa davlatlari o'rtasidagi o'zaro tushunish, ishonchli muloqot va teng huquqli sheriklik platformasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot