Logo

Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda

Dekabr 19, 2025. 08:15 • 4 daq

140
Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda

TOSHKENT, 19-dekabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi va “Markaziy Osiyo+Yaponiya” formatidagi birinchi sammitdagi ishtiroki arafasida ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi Kenji Xirata “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar almashinuvlar, “C5+” formatining ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi:

– Avvalo, intervyuga vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Maʼlumki, Yaponiya O‘zbekistonning siyosiy, iqtisodiy, madaniy – bir so‘z bilan aytganda, barcha sohalardagi muhim hamkorlaridan biri hisoblanadi, shunday emasmi? Sizningcha, ikki davlat hamkorligini yanada kengaytirish va yangi darajaga olib chiqishda qaysi yo‘nalishlar eng istiqbolli?

– O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev Janobi Oliylarining Yaponiyaga tashrifi arafasida menga intervyu berish imkoniyati berilganidan mamnunman. Taʼkidlashim kerak, O‘zbekiston Yaponiya uchun muhim strategik hamkor bo‘lgani sababli, bu tashrif strategik sherikligimizda muhim qadam bo‘ladi. Yaponiya–O‘zbekiston strategik hamkorligi hozirda yangi bosqichga o‘tmoqda. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, ikki davlat hukumatlari o‘rtasida qator hamkorlik dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.

Bugungi kunda biz mutlaqo boshqacha – O‘zbekistonni ko‘rayapmiz. Yangi O‘zbekiston dunyoga ochiq va xorijiy davlatlar bilan aloqalar orqali modernizatsiyaga erishishga intilmoqda. Bu jarayonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va savdo muhim rol o‘ynaydi, va bu, asosan, xususiy sektor qo‘lidadir. Shu sababli, Yaponiya–O‘zbekiston strategik hamkorligining kelajagi, asosan xususiy sektorga qaratiladi. Albatta, hukumatlar xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda. Shu bois, hamkorlik surʼatini saqlab qolish va uni yanada kuchaytirishga intilamiz.

– Siyosiy va iqtisodiy hamkorlikka alohida urg‘u berdingiz. Shu o‘rinda yana bir muhim jihatni tilga olishimiz kerak – bu madaniy diplomatiya, madaniy aloqadorlik va taʼlim sohasidir. Bunga xalq diplomatiyasi, yapon tilini o‘qitish, talabalar almashinuvi kabi ko‘plab yo‘nalishlarni misol keltirishimiz mumkin. Sizningcha, ushbu sohada ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishga nimalar turtki bo‘la oladi?

– Ha, inson resurslarini rivojlantirish doimo munosabatlarimiz markazida bo‘lib kelgan. Yaponiya hukumati o‘zbekistonlik yoshlar uchun qator stipendiya dasturlarini amalga oshirib kelmoqda. Bugungi kunda 2 ming 400 nafardan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar Yaponiyada tahsil olmoqda. Bundan tashqari, Nagoya universiteti va Sukuba universiteti kabi yetakchi oliy taʼlim muassasalari boshchiligida universitetlararo almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Biz bu yoshlar Yaponiyada o‘qishni tamomlagach, o‘z vataniga – O‘zbekistonga qaytib, Yaponiyada orttirgan bilim va tajribalari orqali mamlakat rivoji va modernizatsiyasiga hissa qo‘shishiga umid qilamiz. Menimcha, bu ham o‘zaro hamkorligimizga yanada turtki beradi.

– Yaponiya barqaror innovatsiyalar, energiya samaradorligi va ekologik toza texnologiyalar sohasida global yetakchilardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston ham yashil iqtisodiyot va qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini ustuvor yo‘nalish sifatida belgilamoqda. Sizningcha, ushbu muhim sohada ikki davlat qanday qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishi mumkin?

- Ha, bu borada ko‘plab aniq yo‘nalishlar mavjud. Taʼkidlaganingizdek, qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish yoki energiya samaradorligini oshirish kabi sohalarda hamkorlik qilish imkoniyatlari juda ko‘p. Alohida eʼtibor qaratishimiz lozim bo‘lgan sohalardan biri – iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda qo‘llaniladigan qo‘shma kreditlash mexanizmidir. Hozircha, biz aniq loyihalarni shakllantirish ustida ishlayapmiz. Yaqin kelajakda bunday amaliy loyihalar albatta amaliyotga tadbiq etiladi.

Biz Yaponiya texnologiyalari va yashil transformatsiya borasidagi tajribasi O‘zbekiston intilayotgan yashil iqtisodiyot rivojiga katta hissa qo‘sha oladi, deb hisoblaymiz. Shu bois, har ikki tomon manfaatiga xizmat qiladigan hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida aniq va amaliy loyihalar ishlab chiqilishiga umid qilamiz.

– Suhbatimizning eng muhim qismi, yaʼni kutilayotgan “Markaziy Osiyo va Yaponiya” muloqotiga to‘xtalsak. Ushbu format g‘oyalar va tashabbuslar almashish uchun muhim ahamiyatga ega. Shu o‘rinda “Markaziy Osiyo +” formati ilk bor Yaponiya bilan boshlanganini alohida taʼkidlash joiz. Shu nuqtai nazardan qaraganda, ushbu format doirasida hozirgacha qanday asosiy yutuqlarga erishildi va kelajakda qaysi istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish kutilmoqda?”

– “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammitining birinchi bosqichi samarali o‘tishiga ishonamiz. Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning yetakchiligi va tashabbusi tufayli boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining ham ushbu formatga qiziqishi hamda keng ko‘lamli hamkorlikka intilishi oshmoqda. O‘zaro tashriflar odatiy holga aylandi. Suv resurslarini boshqarish, chegara nazorati, iqlim o‘zgarishi va boshqa masalalar bo‘yicha doimiy muloqotlar olib borilmoqda.

Bugun C5 yoki C6 mamlakatlarining hamkorlik qilishi oddiy va tabiiy hol bo‘lib qoldi. Ammo 2004 yilda Yaponiya C5 + 1 formatini boshlab bergan paytda vaziyat mutlaqo boshqacha edi. Shundan buyon qanchalik katta yo‘l bosib o‘tilganini ko‘rishimiz mumkin. Menimcha, ushbu C5 + 1 formatining eng muhim tomoni – bu o‘zaro ishonch va birdamlik muhiti shakllantirganidir. Bu oson ish emas, albatta, u uzoq vaqt talab etadi. Shunga qaramay, Yaponiya ushbu formatga asos solganidan faxrlanamiz. Bugun esa amaliy jihatdan katta ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rib turibmiz. Shu sababli, Yaponiya–Markaziy Osiyo davlatlarining hamkorligi va sherikligini mustahkamlash yo‘lidagi saʼy-harakatlarga, eng avvalo, o‘zaro ishonchni mustahkamlash orqali hamroh bo‘lib kelayotganidan juda mamnunmiz.

– Sermazmun suhbat va foydali maʼlumotlaringiz uchun katta rahmat.

– Sizga ham fikr-mulohazalarimni bildirishga imkoniyat yaratganingiz uchun minnatdorlik bildiraman.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish