O'zbekiston va SHHTga a'zo davlatlar OAV xodimlari Toshkentda barpo etilgan Milliy madaniy markazlar pavilyoni bilan tanishdilar
Sentabr 25, 2025. 19:38 • 2 daq
• 301
TOSHKENT, 25-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Bugun O'zbekiston va Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Toshkentda barpo etilgan O'zbekistondagi Milliy madaniy markazlar pavilyoni bo'ylab press-tur tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Press-tur O'zbekiston Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mitasi va O'zbekistondagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi hamkorligida o'tkazildi.
Tur avvalida O'zbekiston Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mitasi raisi o'rinbosari Bekzod Shukurov ishtirokchilarga Milliy madaniy markazlar pavilyoni barpo etish g'oyasi va bu yerda yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil so'zlab berdi.
– O'zbekistondagi Milliy madaniy markazlar pavilyoni Mamlakatimizda yashab kelayotgan barcha millat va elatlarning o'z madaniyati va urf-odatlari, an'analarini saqlab qolish, rivojlantirish uchun yana bir ulkan imkoniyatga aylangan mazkur pavilyon yurtboshimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan bo'lib, joriy yil "30 iyul – Xalqlar do'stligi kuni" arafasida foydalanishga topshirilgan – dedi rais o'rinbosari Bekzod Shukurov. – Mazkur pavilyon millatlararo totuvlik, umummilliy hamjihatlik borasida O'zbekistonning siyosatini ifodalaydi, o'zaro madaniy almashinuv maydoni vazifasini ham bajaradi, Bu manzil, shuningdek, O'zbekistonda turli millat vakillarining yagona bayroq ostida tinch-totuv yashab kelayotganining ifodasidir.
Pavilyon hududida yurtimizdagi turli millat va elatlarning o'ziga xos madaniyat va milliy an'analarni ifodalovchi ikki qavatli binolar barpo etgan. Bugungi kunda bu manzil mamlakatimizda millatlararo totuvlik va umummilliy hamjihatlik borasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni ifodalaydigan, o'zaro madaniy almashinuv maydoni vazifasini bajarib kelmoqda.
Milliy madaniy markazlar pavilyoni qisqa vaqt ichida millatlararo totuvlikni targ'ib etuvchi muhim tadbirlarga mezbonlik qildi. O'zbekiston davlat mustaqilligining 34 yilligi doirasida "Umummiliy totuvlik" festivali, "Qovun sayli", Milliy madaniy markazlar vakillari ishtirokida "Zakovat" bellashuvi, O'zbekiston va Turkmaniston mustaqilligining 34 yilligiga bag'ishlangan "O'zbek–turkman munosabatlari – yangi tarixiy bosqichda" mavzusidagi madaniy-ma'rifiy tadbirlar shular jumlasidandir.
Shundan so'ng, jurnalistlar 22 ta millat, xususan qozoq, qirg'iz, turkman va boshqird xalqlarining o'tovlari, koreys, belarus, ukrain, grek, nemis, dungan, polyak, yahudiy, gruzin, arman, tatar va qrim-tatar, uyg'ur, turk, tojik, xitoy, rus hamda ozarbayjon xalqlarining ikki qavatdan iborat do'stlik uylarini ko'zdan kechirdilar. Kichik eksponatlarda milliy liboslar, cholg'u asboblari, dekorativ-amaliy san'at buyumlari, diqqatga sazovor joylar maketlari va boshqalar o'rin olgan.
Har bir do'stlik uylari bilan yaqindan tanishish chog'ida turli millat vakillari o'zlarining badiiy chiqishlarini taqdim etishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Jenevadagi Millatlar saroyida O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni o‘tkazildi
Jenevada “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining taqdimoti bo‘ldi
“Saodat” jurnalining bir asrlik yubiley bayrami nishonlandi
Qoraqalpoq o‘tovi YUNESKO Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi