Qoraqalpoq o‘tovi YUNESKO Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi
Dekabr 11, 2025. 11:02 • 2 daq
• 133DEHLI, 11-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston madaniy merosining o‘n yettinchi elementi jahon miqyosida eʼtirof etildi – bugun qoraqalpoq o‘tovi YUNESKO Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga bir ovozdan kiritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu tarixiy qaror Hindiston poytaxtida YUNESKO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish hukumatlararo qo‘mitasining 20-sessiyasida qabul qilindi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ko‘chmanchi turkiy xalqlar uyi – o‘tovni YUNESKOning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha qo‘shma nominatsiya taqdim etgan edi.
Qoraqalpoq o‘tovining YUNESKO ro‘yxatiga kiritilishi butun O‘zbekiston va xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun ulkan ijtimoiy-siyosiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim voqeadir.
Qoraqalpoq o‘tovi («qora uy») – o‘ziga xos konstruktiv yechimlari, naqshlari va ramzlari bilan ajralib turadigan, qoraqalpoq xalqining dunyoqarashi, estetikasi va tabiiy turmush sharoitini aks ettiruvchi noyob xalq meʼmorchiligi namunasidir. Uning xalqaro miqyosda eʼtirof etilishi esa milliy o‘zlikni saqlash va ommalashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur voqea O‘zbekiston rahbariyatining boy madaniy-gumanitar merosni xalqaro maydonda ilgari surish bo‘yicha izchil va muvaffaqiyatli saʼy-harakatlarining yorqin dalili bo‘ldi, mamlakatimizning ochiqligi va jahon merosi namunalarini saqlash tamoyillariga sodiqligini taʼkidladi.
Qoraqalpoq o‘tovining ro‘yxatga kiritilishi so‘nggi yillarda O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasida jadal rivojlanayotgan hamkorlikning yorqin samaralaridan biridir. O‘zaro manfaatli sheriklik, ayniqsa, joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida tarixiy Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilgandan so‘ng yangi bosqichga ko‘tarildi.
Qoraqalpoq o‘tovi O‘zbekiston madaniy merosining YUNESKOning turli ro‘yxatlariga kiritilgan o‘n yettinchi elementi bo‘ldi, mamlakatimizning Buyuk ipak yo‘lidagi jahon sivilizatsiyasining asosiy markazlaridan biri sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqladi.
Ayniqsa, so‘nggi 7-8 yil ichida O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlik tashkilot ro‘yxatlariga bir nechta muhim nomoddiy va tabiiy madaniy meros elementlarining kiritilishiga olib keldi. Misol uchun, YUNESKO Hukumatlararo qo‘mitasining 20-sessiyasida qoraqalpoq qo‘bizini tayyorlash va ijro etish bo‘yicha anʼanaviy bilim va ko‘nikmalar ham Zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi.
Qoraqalpoq o‘tovining kiritilishi nafaqat monumental yodgorliklarni, balki avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jonli anʼanalar va ko‘nikmalarni – xalqning qalbi va ruhini asrashga qaratilgan muvaffaqiyatli ishlarning uzviy davomidir.
Ushbu voqeylik Qoraqalpog‘iston va butun O‘zbekistonning sayyohlik jozibadorligini oshirish, o‘tov tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi hunarmand-ustalarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlar olib borish, anʼanaviy ko‘nikmalarni yosh avlodga yetkazish, uning boqiyligini taʼminlash uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Qoraqalpoq o‘tovining Reprezentativ ro‘yxatga kiritilishi mazkur tarixiy boylikning xalqaro eʼtirofi va ko‘chmanchilik madaniyatining noyob ramzini saqlab qolish kafolati bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Bir guruh fuqarolar “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
IHMM va BMTTD o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Toshkentda “Renessans” milliy mukofoti taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tmoqda



