Ar-Riyozdan munosabat: O'zbekiston va Ozarbayjon nafaqat iqtisodiy sheriklar, balki o'z mintaqalarida barqarorlik va taraqqiyotga intilayotgan qardosh davlatlardir
Iyul 06, 2025. 14:14 • 2 daq
• 89
AR-RIYOZ, 6-iyul. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistoning "Sahm News" gazetasi muharriri, Masarat tadqiqot va strategiya markazi tadqiqotchisi Abdulhamid al-Kubbi "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2-4-iyul kunilari Ozarbayjonga buyurgan davlat tashrifi va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) sammitidagi ishtiroki haqidagi fikrlarini bildirdi:

– O'zbekiston va Ozarbayjon umumiy tarixiy, chuqur madaniy ildizlar, birodarlik hamda o'zaro hurmat qadriyatlariga asoslangan yaqin munosabatlarni saqlab kelmoqda. Mustaqillikka erishganidan buyon har ikki davlat ham turli sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni faol rivojlantirib, o'zaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko'tardi.
Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgan muhim voqea bo'ldi. Ushbu tashrif iqtisodiy, madaniy va siyosiy sheriklikni mustahkamlab, kelgusida yana-da chuqurroq hamkorlikka asos soldi.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O'zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevni samimiy qutlab, ikki davlat o'rtasidagi qardoshlik munosabatlari chuqur ekanini alohida ta'kidladi. U, shuningdek, strategik sheriklik muhimligini va Ozarbayjon uni mustahkamlashga intilishini qayd etdi. Tashrif siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishga bo'lgan umumiy istakni yana bir bor tasdiqlash uchun imkoniyat bo'ldi.
Ikki davlat rahbarlari muzokaralar chog'ida iqtisodiy hamkorlikni, jumladan savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika va qishloq xo'jaligi sohalarida yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda bir-birini qo'llab-quvvatlash muhimligi ta'kidlandi. Har ikki davlat mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash va umumiy muammolarni, jumladan, xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalarini hal etishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirildi.
Madaniy almashinuvni rag'batlantirish, festivallar, badiiy ko'rgazmalar kabi qo'shma tadbirlarni tashkil etish orqali umumiy madaniy merosni asrab-avaylashga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, turkiy tillarni o'qitishni qo'llab-quvvatlash va ikki davlat yoshlari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida talabalar almashinuv dasturlarini ishlab chiqish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif natijalari shuni ko'rsatdiki, O'zbekiston va Ozarbayjon nafaqat iqtisodiy sheriklar, balki mintaqada barqarorlik va taraqqiyotga intilayotgan qardosh davlatlardir. Tashrif mintaqaviy muammolarni birgalikda hal qilish va xalqlar farovonligini oshirishga intilishlari mushtarakligi ta'kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi O'zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini rivojlantirish, strategik sheriklikni mustahkamlash va hamkorlik uchun yangi ufqlarni ochishda muhim voqea bo'ldi. Bu tashrif nafaqat davlatlararo aloqalarni mustahkamladi, balki xalq o'rtasidagi do'stlik va qardoshlikni mustahkamlashga xizmat qildi. Iqtisodiy, madaniy va siyosiy sohalarda hamkorlik davom etar ekan, kelajak O'zbekiston, Ozarbayjon va butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun manfaatli bo'lgan yangi yutuqlarni va'da qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari