Logo

Berlindan munosabat: "Jizzax – 2025" biznes-forumi O'zbekiston-Germaniya iqtisodiy hamkorligini kengaytirish yo'lidagi muhim qadam

Aprel 25, 2025. 18:06 • 2 daq

363
Berlindan munosabat: "Jizzax – 2025" biznes-forumi O'zbekiston-Germaniya iqtisodiy hamkorligini kengaytirish yo'lidagi muhim qadam

BERLIN, 25 aprel. /"Dunyo" AA/. "Xalqaro biznes-forum Jizzax – 2025" tadbirida ishtirok etgan Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari "Dunyo" AA uchun intervyusida mazkur anjumanning ahamiyati va hududning iqtisodiy salohiyati haqida to'xtaldilar:

Irina Yusupova, "Robert Bosch" kompaniyasining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari

– Kompaniyamiz Jizzax viloyati hamda u yerdagi istiqbolli loyihalar bilan yaqindan tanishish maqsadida mazkur forumda ishtirok etdi. Viloyatning yuqori iqtisodiy salohiyati to'g'risida batafsil ma'lumotga ega bo'ldik. Biznes-forumda 30 ta mamlakatdan 200 dan ortiq kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Bizni qiziqtirgan barcha savollarga javob oldik va "B2B" uchrashuvlar o'tkazdik.

O'zbekistonda "Robert Bosch" kompaniyasining vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda. Asosan qurilish sohasi bilan uzviy bog'liq ikkita texnologik yo'nalishda ya'ni isitish va sovitish uskunalari kabi termotexnika mahsulotlari hamda qurilish sohasida maxsus jihozlar yetkazib berish bo'yicha ish olib boryapmiz. "Robert Bosch" kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirish uchun mamlakatda barcha imkoniyatlar, ishchi kuchi, xomashyo va ayniqsa xorijiy kompaniyalar uchun katta afzalliklar mavjud. O'ylaymanki, kelgusida kompaniyamiz O'zbekistonga investitsiya kiritib, o'z korxonasini ishga tushirsa, ikki tomon uchun ham juda manfaatli bo'ladi.

Yuliya Shammasova, "Jet Team Consult" konsalting kompaniyasi rahbari:

– Mazkur forum men uchun juda samarali o'tganidan xursandman. U bizga tadbirkorlar, tuman va shaharlar ma'muriyatlari rahbarlari bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot qilish va hamkorlik o'rnatish uchun katta zamin yaratdi. Kompaniyamiz Germaniyaning qishloq xo'jaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalariga ixtisoslashgan yirik firmalar bilan bevosita ishlaydi.

Mazkur forumda ham ushbu sohalar bo'yicha Jizzax viloyatining salohiyati bilan tanishdik, qishloq xo'jaligida tejamkor, atrof-muhitga zarar keltirmaydigan texnologiyalarni joriy etish, chorva mollari uchun ozuqa ishlab chiqarish, chiqindi gazlarni qayta ishlash bo'yicha qator loyihalarni taklif qildik va moliyalashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdik. Anjumanda "DEVI", "Kronen", "econ trag", "InNoSol" va "SICK Sensor Intelligenz" kabi nemis kompaniyalarining qishloq xo'jaligi bo'yicha zamonaviy yechimlari va loyihalarini taqdim etdik. Mahalliy tadbirkorlar va tuman hokimlari bilan yuqoridagi sohalarda hamkorlikni yo'lga qo'yishga kelishib oldik.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish