Germaniyadan munosabat: O'zaro hurmat, a’zolar o'rtasidagi ishonch va umumiy farovonlik, a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishi SHHTning poydevorini tashkil etadi
Sentabr 04, 2025. 20:13 • 3 daq
• 98
BЕRLIN, 4-sentabr. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning Hessen federal o'lkasi davlat kanselyariyasining Yevropa masalalari va xalqaro hamkorlik departamenti sobiq rahbari Mixael Borxmann "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 31-avgust – 1-sentabr kunlari Xitoyning Tyanszin shahrida bo'lib o'tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi ishtiroki haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Shanxay hamkorlik tashkilotining (SHHT) Xitoy raisligida Tyanszin shahrida bo'lib o'tgan navbatdagi yig'ilishi muhim tarixiy voqealardan biri bo'ldi.
SHHT 2001-yilda tashkil topgan va O'zbekiston esa uning tuzilishiga asos solgan davlatlardan biri sanaladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, o'zaro hurmat, a’zolar o'rtasidagi ishonch va umumiy farovonlik hamda a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishi SHHT tashkilotining poydevorini tashkil etadi.
O'zbekiston tashkilotning eng faol a’zosi hisoblanadi. Ayniqsa, Shavkat Mirziyoyev Prezidentlikka saylanganidan keyin mamlakat unda faol, konstruktiv va muhim rol o'ynamoqda. O'zbekiston SHHT doirasida 100dan ortiq tashabbuslarni ilgari surdi va bu tashabbuslarning 80 foizidan ortig'i allaqachon amalga oshirildi. Yana bir qancha yangi tashabbuslar hozirda amalga oshirish jarayonida.
Joriy sammitda ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning ishtiroki faolligi va tashabbuskorligi bilan ajralib turdi. O'zbekiston rahbari barcha tomonlar uchun o'zaro manfaatli bo'lgan bir qator muhim va aniq takliflarni ilgari surdi. Xususan, a’zo davlatlar o'rtasidagi mustahkam va ishonchli muloqotni yanada kengaytirish, iqtisodiy va transport aloqalarini mustahkamlash, transport yo'nalishlarida "SHHT yagona transport makoni"ni shakllantirish va uni "Bir makon – bir yo'l" strategik tashabbusi bilan bog'lash bo'yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish bo'yicha ko'p tomonlama konsepsiyani ishlab chiqish, xavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha takliflarini ilgari surdi.
Albatta, SHHT tashkil etilganidan buyon xavfsizlik masalasi, terrorizm va separatizmga qarshi kurashish, a’zo davlatlarning barqarorligini ta’minlash uchun qo'shma choralar ko'rish uning asosiy ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lib kelmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg'onistonni tashkilot jarayonlariga ko'proq jalb qilish orqali u bilan konstruktiv muloqotni rivojlantirish va mintaqada barqarorlikni mustahkamlash, Afg'onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha takliflar kiritdi.
Umuman, O'zbekiston rahbarining SHHTning yangi a’zolar uchun ham ochiq bo'lib qolishi tarafdori ekanligi, tashkilot doirasida "Global Janub" mamlakatlari faol hamkorlikni yo'lga qo'yishni qo'llab-quvvatlashi uning ochiqligiga yana bir yorqin misoldir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqlar o'rtasidagi muloqotni rivojlantirish va madaniy almashinuvni kengaytirish, xalq diplomatiyasi institutini kuchaytirish orqali uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash to'g'risidagi qarashlari ham e’tiborga molikdir. O'zbekiston bu borada, ayniqsa turizm sohasida tashabbuslarni ilgari surib, mamlakatning boy madaniy merosini yanada ko'proq insonlarga tanitish uchun faol ishlar olib bormoqda. So'nggi yillarda O'zbekistonda turizm ko'rsatkichlarining oshib borayotgani bunga yaqqol dalildir.
O'zbekiston va Xitoy davlatlari rahbarlarining uchrashuvi ikki mamlakat o'rtasida shakllangan yaqin va ishonchli hamkorlikni yana bir bor tasdiqladi. Xitoy bugun O'zbekistonning eng muhim savdo va investitsiya hamkorlaridan biri hisoblanadi.
Misol uchun, yaqin kelajakda ishga tushiriladigan "Ikki hudud – bir bog'" maxsus industrial zonasi Xitoy va o'zbek kompaniyalarining birgalikdagi muvaffaqiyatli sarmoyaviy loyihalaridan biridir. Rais Si Szinpin bilan uchrashuv esa uzoq yillar davomida shakllangan O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi yaqin va ishonchli hamkorlikni yana bir bor mustahkamladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari