Logo

Elchi Vitaliy Fen: Toshkentda o'tadigan oliy darajadagi uchrashuvlar O'zbekiston va Janubiy Koreya xalqlari farovonligi yo'lida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga kuchli turtki beradi

Iyun 14, 2024. 07:06 • 5 daq

259
Elchi Vitaliy Fen: Toshkentda o'tadigan oliy darajadagi uchrashuvlar O'zbekiston va Janubiy Koreya  xalqlari farovonligi yo'lida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga kuchli turtki beradi

SЕUL, 14-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Vitaliy Fen Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning mamlakatimizga 13-iyun kuni boshlangan davlat tashrifi arafasida "Dunyo" AA uchun intervyu berdi va unda O'zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari haqidagi fikrlarini bayon edi.



— So'nggi yillar davomida O'zbekiston – Janubiy Koreya aloqalari ikki davlat turli vazirlik va idoralari o'rtasidagi doimiy va sermahsul muloqoti natijasida faollashib bormoqda.

O'zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganidan beri 18 marta davlat rahbarlari darajasidagi muntazam uchrashuvlar bo'lib o'tdi.

E’tiborlisi, 2019-yil aprel oyida mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi - alohida strategik sheriklik darajasiga ko'tarildi.

2023 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol o'rtasida ilk uchrashuv o'tkazilgan edi.

Muloqot chog'ida O'zbekiston bilan Janubiy Koreya o'rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko'p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko'rib chiqildi. Azaldan yaqin do'stlik rishtalariga, xalqlarimizning mentaliteti, an’ana va qadriyatlari o'xshashligiga asoslangan ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda O'zbekiston bilan Janubiy Koreya o'rtasidagi siyosiy munosabatlar alohida strategik sheriklik an’analariga mos tarzda o'zaro ishonch, manfaatlarni hurmat qilish, xalqaro maydonda bir-birini keng qo'llab-quvvatlash tamoyillari asosida rivojlanmoqda. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik barcha dolzarb masalalar bo'yicha tomonlarning nuqtayi nazari va yondashuvlari o'xshash va yaqindir.

O'zbekiston rasmiy Seulning Koreya yarim orolida global xavfsizlikni ta’minlash borasidagi tinchliksevar siyosatini ma’qullaydi.

2023 yil sentyabr oyida TIV o'rtasida o'zaro hamkorlikning yangi formati – vazirlar darajasidagi strategik muloqot yo'lga qo'yildi. Bu 32 yillik diplomatik munosabatlarda erishilgan yuksak ishonchning dalili bo'ldi.

Qayd etish kerak, keyingi yillarda o'zaro savdo va investitsiya ko'rsatkichlari barqaror oshib bormoqda. Janubiy Koreyaning O'zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan to'g'ridan – to'g'ri investitsiyalari hajmi 7 milliard AQSH dollardan oshdi. Mamlakatimizda Janubiy Koreyalik hamkorlar bilan birgalikda 726 ta qo'shma korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 32 tasi 2024 yilda tashkil etilgan.

Ushbu korxonalarning faoliyati asosan savdo, yengil sanoat, tog'-kon, kimyo, oziq - ovqat sanoati, mashinasozlik, uy-joy-kommunal xo'jaligi, sog'liqni saqlash, turizm, xizmatlar va boshqa qator sohalarga ixtisoslashgan.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya Eksimbanki va uning fondlari bilan ko'p yillar davomida samarali hamkorlik qilinayotgani, ular bilan birgalikdagi loyihalarning umumiy portfeli 3 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.

Ikki mamlakat hamkorligida Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan texnologik va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, ta’lim va sog'liqni saqlash sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni jadallashtirish, infratuzilma, "yashil" energetika, raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash va boshqa yo'nalishlardagi qo'shma loyihalarni ilgari surish amaliy hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari sifatida belgilab olingan.

Bugungi kunda Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari tomonidan yurtimiz iqtisodiyotining turli sohalarida yuzlab ustuvor investitsiya loyihalari amalga oshirildi va oshirilmoqda.

O'zbekistonda xorijiy investorlarga yaratilgan qulay shart-sharoitlar natijasida "Samsung Group", "KIA Motors", "LG Corporation", "POSCO Group", "Hyundai Motor Group", "Lotte Group" kabi yirik koreys kompaniyalarining yurtimizga ishonchi ortib bormoqda.

Bu o'z navbatida, Janubiy Koreya xususiy korxonalarining davlat kafolatlarisiz to'g'ridan to'g'ri O'zbekiston iqtisodiyotiga kiritayotgan sarmoyalari miqdorining ortib borishiga zamin yaratmoqda.

Bugungi kunda, hamkorlikning yangi yo'nalishi sifatida O'zbekiston va Janubiy Koreya o'rtasidagi tashqi savdo aylanmasining nomutanosibligini tenglashtirish hamda eksport-import operatsiyalari nomenklaturasini diversifikatsiya qilish maqsadida ikki davlat o'rtasida Erkin savdo to'g'risida bitim imzolanishi bo'yicha muzokaralar davom etmoqda.

Bundan tashqari, Janubiy Koreya O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo'lishida ham yaqindan ko'maklashib kelmoqda.

Ikki mamlakat munosabatlarida parlamentlararo aloqalar ham muhim o'rin tutadi. O'tgan davr mobaynida parlamentlarimiz tajribasini o'zaro o'rganish, birgalikda xalqaro konferensiyalar o'tkazish, muntazam ravishda delegatsiyalar almashinuvini yo'lga qo'yish borasida amaliy ishlar qilindi.

O'tgan yili ikki mamlakat parlamentlari rahbarlari "Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi hamkorlik forumi" shaklidagi parlament rahbarlarining birinchi yig'ilishi doirasida uchrashgan edi.

Ayni paytda Koreya Respublikasi tajribasi asosida "KOICA" xalqaro hamkorlik agentligi ko'magi bilan O'zbekistonda "Elektron parlament" tizimini joriy qilish borasida ishlar davom ettirilmoqda.

Koreya Respublikasi bilan mehnat migratsiyasi sohasida o'zaro manfaatli hamkorlik yo'lga qo'yilgan. 2007 yildan buyon davlatlarimiz o'rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik doirasida Bandlikka ruxsat berish tizimi bo'yicha 40 mingga yaqin O'zbekiston fuqarosi Janubiy Koreyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborildi. 2018 yil sentyabr oyida Janubiy Koreyaning Kvanju shahrida O'zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonasi tashkil etildi. Hozirgi kunda Janubiy Koreyada Bandlikka ruxsat berish tizimi bo'yicha 15 ming yaqin o'zbekistonliklar mehnat qilmoqda. O'tgan yili Koreya Respublikasi hukumati tomonidan O'zbekiston uchun 5 ming kishi atrofida kvota ajratilgan bo'lsa, 2024 yilda bu ko'rsatkich 12 mingga yetkazildi. Janubiy Koreya tomoni bilan olib borilgan muzokaralar natijasida yil oxirigacha bu ko'rsatkichni 15 mingga yetkazish rejalashtirilgan.

Davlatlarimiz o'rtasidagi do'stona munosabatlarni rivojlantirishda mamlakatlarimiz xalqlari mentalitetining yaqinligi hamda O'zbekistondagi yirik koreys diasporasi muhim rol o'ynaydi.

Toshkent shahrida ochilgan Koreys madaniyati va san’ati uyi esa xalqlarimizning mustahkam do'stligi va mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlar yuqori bosqichga chiqqanining yana bir yorqin tasdig'idir.

Shu bilan birga, O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Samarqand davlat chet tillar universitetida koreys tilida darslar olib borilmoqda.

Hududlararo yaqin aloqalar o'rnatish doirasida, "Toshkent – Seul", "Farg'ona – Inchon", "Samarqand – Kyondju", "Buxoro – Tegu" va boshqa bir qator shaharlar o'rtasida o'zaro hamkorlik kundan-kunga rivojlanib bormoqda.

Muxtasar aytganda, o'tgan davr mobaynida O'zbekiston Respublikasi hamda Koreya Respublikasi o'rtasidagi samarali hamkorlik alohida strategik sheriklik darajasiga chiqdi.

Shu nuqtayi nazardan, Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning mamlakatimizga bo'lajak davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi va mamlakatlarimiz xalqlari farovonligi yo'lida hamkorlik aloqalarini yanada chuqurlashtirish hamda kengaytirishga katta turtki beradi.

Tashrif chog'ida davlat rahbarlari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim qarorlarni qabul qiladilar va qator ikki tomonlama hujjatlarni imzolaydilar. Ikki mamlakat yetakchilari, shuningdek, mintaqaviy, shu jumladan "Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi" formatidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashadilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish