Logo

Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszinda bo'lib o'tadigan sammiti oldidan Xitoyning nufuzli bosma nashrlarida O'zbekiston Prezidentining tahliliy maqolasi chop etildi

Avgust 29, 2025. 19:10 • 3 daq

236
Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszinda bo'lib o'tadigan sammiti oldidan Xitoyning nufuzli bosma nashrlarida O'zbekiston Prezidentining tahliliy maqolasi chop etildi

TOSHKENT, 29-avgust. /"Dunyo" AA/. Xitoyning mashhur "China Daily" va "Global Times" gazetalarida Prezident Shavkat Mirziyoyevning "O'zbekiston va SHHT: global tinchlik va farovonlik yo'lidagi hamkorlik" sarlavhali tahliliy maqolasi e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Yirik tahliliy maqolada Yangi O'zbekistonning taraqqiyot yo'li,  Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida hamkorlik istiqbollari hamda O'zbekiston-Xitoy munosabatlarining tadrijiy rivoji va boshqa ko'plab xalqaro hamda mintaqaviy ahamiyatga ega molik masalalar, haqida so'z yuritiladi.   

"China Daily" gazetasida Xitoyning ingliz tilida chop etiladigan eng yirik va bosh nashri bo'lib, bugungi kunda tiraji bir millionni tashkil qiladi. Gazetaning uchdan ikki qismi xorijga tarqatiladi. "China Daily" gazetasining raqamli platformasidagi o'quvchilari soni esa milliardlarga yetadi. Ta'kidlash joizki, raqamli auditoriyasi 350 million obunachini o'zida jamlagan, veb sahifasini 180 mamlakatda kuniga 52 million kishi tomonidan o'qiladigan, ijtimoiy tarmoqlardagi folloverlari soni bir necha o'n millionlab bo'lgan "China Daily" gazetasi keltirilgan iqtiboslar jahonning top ommaviy axborot vositalarida berib boriladi. "O'zbekiston va SHHT:global tinchlik va farovonlik yo'lidagi hamkorlik" sarlavhali tahliliy maqolasi avvalida davlatimiz rahbari O'zbekiston va Xitoy munosabatlariga alohida to'xtalib o'tgan. 

"Ikki davlat rahbarlarining muntazam siyosiy muloqoti, ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishning muhim omilidir. 2024 yil yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifim chog'ida Xitoy raisi Si Szinpin va men munosabatlarimizni yangi davr uchun har tomonlama keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarining misli ko'rilmagan yuksak darajasiga ko'tardik hamda xalqaro maydonda hamkorlik va o'zaro aloqalarning muhim yo'nalishlarini belgilab oldi. Munosabatlarimizdagi bunday misli ko'rilmagan taraqqiyotga qadrdon do'stimiz – Rais Si Szinpinning O'zbekiston-Xitoy har tomonlama hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlash borasidagi shaxsiy e'tibori va tinimsiz sa'y-harakatlari tufayli erishildi. Barcha kelishuvlarimiz Hukumatlararo qo'mita, Parlamentlararo guruh va Tashqi ishlar vazirlarining strategik muloqoti mexanizmlari orqali amalga oshirilmoqda" – deyiladi maqolada.

Muallif o'z maqolasida o'zaro siyosiy-ishonch va strategik sheriklikni mustahkamlash, bir-birining tub manfaatlarini to'liq tushunish va hisobga olishga yordam berishini aytadi. 2017 yildan beri ikki davlat o'rtasidagi tovar ayriboshlash hajmi uch barobarga oshib, 14 milliard dollarga yetdi. Bu raqamni yaqin kelajakda 20 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. O'tgan yillar mobaynida mamlakatga 24,6 milliard dollar miqdorida Xitoy sarmoyasi kirib keldi.

Yirik tahliliy maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonning SHHT doirasidagi hamkorlikning turli yo'nalishlari bo'yicha erishilgan natijalar va kelgusi rejalar borasida atroflicha to'xtaladi.

Davlatimiz rahbari SHHT xavfsizlikni ta'minlash va ekstremizmga qarshi kurashishdan tortib, iqlim kun tartibi, raqamlashtirish va "yashil" iqtisodiyotgacha bo'lgan umumiy vazifalarni hal etishning o'ziga xos platformasiga aylanib borayotganini ham ta'kidlagan. Shu munosabat bilan u SHHT Taraqqiyot bankini tuzish va Yevroosiyoning butun transport va iqtisodiy aloqa arxitekturasini o'zgartirishga qodir bo'lgan Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston temir yo'li qurilishini jadallashtirishni taklif qildi.

Markaziy Osiyoning SHHTning o'zagi sifatidagi roliga alohida e'tibor qaratilmoqda. Mintaqa allaqachon Sharq va G'arb o'rtasidagi bog'lovchiga aylangan va xavfsizlik, barqaror rivojlanish va integratsiya masalalarida tobora ko'proq o'z kun tartibini shakllantirmoqda. Shu tariqa, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mazkur maqolasi nafaqat mamlakatning SHHTdagi ustuvor yo'nalishlarini aks ettiradi, balki Tyanszinda bo'lib o'tadigan sammit uchun ham ohangni belgilaydi. G'oyalar ko'lami va teranligi nuqtai nazaridan davlatimiz rahbarining maqolasini Shanxay hamkorlik tashkiloti mexanizmlari orqali global tinchlik va farovonlikni chuqurlashtirishga qaratilgan strategik harakatlar dasturi deyish mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish