SMTI ekspertlari: Xo'janddagi tarixiy sammit mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi
Mart 31, 2025. 12:44 • 6 daq
• 59
TOSHKENT, 31-mart. /"Dunyo" AA/. "O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston o'rtasidagi chegaralar tutashgan nuqtasi hududi to'g'risidagi Bitimning imzolanishi Markaziy Osiyodagi aholi eng zich joylashgan va iqtisodiy faol hududlardan biri – Farg'ona vodiysini rivojlantirishda ayniqsa muhim ahamiyatga ega", deb yozgan O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) bo'lim boshlig'i Azamat Sulimanov va yetakchi ilmiy xodim Saidbek Mamatqobilov "Dunyo" AA uchun sharhida.

–31-mart kuni Xo'jandda chinakam tarixiy voqea – O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston rahbarlarining sammiti bo'lib o'tadi. Uning yakunlari bo'yicha davlatlar rahbarlari Davlat chegaralarining uchrashish nuqtasi to'g'risidagi bitimni imzolaydilar. Bu davlat chegaralarini butun mintaqa xavfsizligi va farovonligini mustahkamlashga hissa qo'shadigan tinchlik, barqarorlik va umumiy rivojlanish hududiga aylantirishga bo'lgan qat'iylikdan dalolatdir.
Farg'ona vodiysini ikkiga bo'lib turgan uchta mamlakat o'rtasida chegara masalalarining hal etilishi – hurmat, suverenitet, tenglik va o'zaro manfaat tamoyillariga asoslangan ko'p yillik mashaqqatli mehnat, samimiy muloqot va hamkorlik samarasidir. Bu, shuningdek, uchta mamlakat xalqlari o'rtasidagi ishonch va do'stlik munosabatlarini mustahkamlashga, ularning turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilgan holda, har tomonlama sheriklikni rivojlantirish uchun mutlaqo yangi istiqbollarni ochadi.
Qayd etish kerakki, ushbu jarayonda butun mintaqaning birlashuvi katta rol o'ynadi, bu esa mohiyatan, yuzaga kelayotgan muammolarni faqat murosa va bir-birining manfaatlarini o'zaro hurmat qilish ruhida tartibga solish uchun asos yaratdi.
Quvonarlisi, aksariyat ekspertlar Markaziy Osiyo qisqa vaqt ichida mintaqa haqidagi tasavvurlarni butunlay ijobiy tomonga o'zgartirdi, degan yakdil fikrni bildirmoqda. Yaqin o'tmishda ham mamlakatlar o'rtasidagi munosabatlar, u xoh chegara masalalari bo'lsin, xoh suvdan foydalanish masalasi bo'lsin, hal etilmagan muammolar va o'tkir qarama-qarshiliklar bilan to'la edi.
Biroq yaqin-yaqingacha ilojsiz deb ko'ringan davlatlararo nizolar bugun endi bema'ni ssenariydek ko'rinmoqda. Turli shubhalar, skeptitsizm va nosog'lom raqobat o'rnini ishonch, o'zaro tushunish va mintaqa oldidagi umumiy muammolarni birgalikda hal etishga bo'lgan intilish egalladi.
Bugun mamlakatlar rahbarlarining siyosiy birlashuvi samarasi o'laroq, Markaziy Osiyo ishonch, yaxshi qo'shnichilik va o'zaro manfaatli hamkorlik makoniga aylandi. Mintaqa yuzaga kelayotgan muammo va tahdidlarni mustaqil yengib, yana-da barqarorlashdi, iqtisodiy va investitsiyaviy faollik markaziga aylangan holda, izchil rivojlanish yo'li sari dadil odimlamoqda. Shuningdek, Markaziy Osiyo global kun tartibini shakllantirishda xalqaro munosabatlarning mas'ul va ishonchli subyekti sifatida tobora muhim rol o'ynamoqda.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning faol tashqi siyosati mintaqani yaqinlashtirish jarayonlariga muhim hissa qo'shdi. Prezident mamlakat rahbari lavozimiga kirishgan dastlabki kunlardanoq, Markaziy Osiyo mintaqasini O'zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining muhim ustuvor yo'nalishi sifatida belgilab berdi.
Yaxshi qo'shnichilik va ishonchni mustahkamlash, mavjud muammolarni tartibga solish, umummintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro maydonda faol hamkorlik qilish mintaqaviy siyosatning asosiy vazifalariga aylandi.
O'zbekiston tashabbusi bilan 2017-yilning noyabr oyi Samarqand shahrida BMT shafeligi ostida tashkil etilgan "Markaziy Osiyo: yagona o'tmish va umumiy kelajak" yuqori darajadagi konferensiyasi mintaqaviy hamkorlikning mutlaqo yangi formatini shakllantirish, shuningdek, mintaqamiz davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarini muntazam o'tkazish uchun kelgusi harakatlarga zamin yaratdi.
Bu esa, o'z navbatida, mintaqada sog'lom siyosiy muhitni shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratdi, Markaziy Osiyoni yana-da birlashtirish uchun asoslar yaratgan holda, davlatlararo munosabatlarni tubdan yaxshilash imkonini berdi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mexanizmining yo'lga qo'yilishi Markaziy Osiyo tarixida burilish nuqtasi bo'ldi, desak xato bo'lmaydi. Maslahat uchrashuvlari strategik masalalarni muhokama qilish va muhim qarorlar qabul qilish uchun asosiy platformaga aylandi. So'nggi yillarda u Markaziy Osiyoda davlatlararo hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini va institutsional asoslarini rivojlantiruvchi va mustahkamlovchi amaliy mexanizm sifatida e'tirof etilmoqda.
Turli mexanizmlar ishga tushirildi, jumladan tashqi siyosiy va tarmoq vazirliklari rahbarlarining uchrashuvlari tashkil etildi. Yetakchi ayollar, rektorlar, olimlar, yoshlar uchrashuvlari, iqtisodiy forum va ko'rgazmalar, qator madaniy-gumanitar tadbirlar muntazam ravishda o'tkazib kelinmoqda.
Konseptual, jumladan uzoq muddatli hujjatlarning qabul qilinishi mazkur format doirasida olib borilgan ko'p yillik o'zaro hamkorlik natijasi bo'ldi. Xususan, 2024-yilning avgust oyida bo'lib o'tgan Ostona sammitida "Markaziy Osiyo – 2040 mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish konsepsiyasi" qabul qilindi. Hujjatda mamlakatlarning dolzarb muammolarni birgalikda hal qilishga va mintaqada kooperatsiya jarayonlarini chuqurlashtirishga intilishi mustahkamlanadi.
Bundan tashqari, xuddi shu sammitda qabul qilingan 2025-2027-yillarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha "Yo'l xaritasi"ning qabul qilinishi mintaqa mamlakatlarining faol harakat qilishga tayyorligini namoyish etib, qabul qilinayotgan konseptual hujjatlarni amalga oshirishga intilishlarini ko'rsatadi.
Shu bilan birga, siyosiy birlashuv va yuksak darajadagi ishonch faol iqtisodiy o'sishga hissa qo'shdi. 2016-yildan buyon mintaqaviy YAIM 80 foizdan oshib, 2024-yil yakunida qariyb 500 milliard dollarga yaqinlashdi.
So'nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari sanoat kooperatsiyasi, qo'shma investitsiyaviy loyihalari va yuqori qo'shimcha qiymatga ega ishlab chiqarishlarni rivojlantirib, an'anaviy savdo chegaralaridan chiqdilar. Bu transport va energetika tizimi hamda yangi logistika yo'nalishlariga integratsiya qilingan yagona mintaqaviy bozorni shakllantirishga olib keladi.
Bundan tashqari, mintaqada chegara savdo-sanoat zonalari tashkil etilmoqda. Yirik qo'shma loyihalarni moliyalashtirish maqsadida ikki tomonlama formatda O'zbekiston-Qirg'iziston va O'zbekiston-Tojikiston investitsiya fondlari ishga tushirildi.
Ushbu institutlar doirasida avtomobilsozlik, elektr-texnika, to'qimachilik sanoati, qishloq xo'jaligi kabi sohalarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish boshlandi. Bu import o'rnini bosuvchi ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish, Markaziy Osiyo sanoat infratuzilmasining barqarorligini ta'minlash uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Boshqacha aytganda, mintaqaviy yaqinlashuv jarayonlari uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyoning ayrim davlatlari uchun murakkab va nozik bo'lgan chegara masalalarini tartibga solishda muhim rol o'ynadi.
Xususan, mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan chegaradosh bo'lgan O'zbekiston Qozog'iston bilan chegara masalasida to'liq kelishib oldi, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg'iziston bilan chegaralarini delimitatsiya qildi.
Shu bilan birga, viza rejimlari soddalashtirilib, o'tkazish punktlarining o'tkazuvchanlik qobiliyati yaxshilanmoqda. Bu fuqarolarning o'zaro sayohatlarining ko'payishiga hissa qo'shayotir. O'zbekiston Markaziy Osiyoning Turkmanistondan boshqa barcha mamlakatlari bilan vizasiz sayohat rejimini saqlab qolgan.
Bugun O'zbekiston va Qozog'iston fuqarolari ro'yxatdan o'tmasdan turib, 30 kunlik muddatga o'zaro sayohat qilish imkoniga ega. O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasida 60 kungacha vizasiz rejim o'rnatilgan, 2023-yilning 1-sentyabrdan boshlab esa, ikki davlat fuqarolarining o'zaro sayohatlari uchun (chet el pasportlari o'rniga) ID-kartalardan foydalanish imkoni yaratildi. O'z navbatida, Tojikiston va O'zbekiston fuqarolari viza rasmiylashtirmasdan 30 kungacha mamlakat hududida qolishlari mumkin. Qirg'iziston va Tojikiston o'rtasida davlat chegarasi to'g'risidagi Bitimning imzolanishi tugab borayotgan oyning muhim voqeasi bo'ldi. Mohiyatan, ikki mamlakat o'rtasidagi uzoq vaqtdan beri davom etayotgan kelishmovchiliklar o'tmishda qoldi va o'zaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Bundan tashqari, tomonlar to'rt yil davomida yopiq bo'lgan ikkita chegara nazorat-o'tkazish punktlarini qayta ochib, aviatashuvlarni tiklash to'g'risida kelishib oldilar.
Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston o'rtasidagi chegaralar tutashgan nuqtasi hududi to'g'risidagi Bitimning imzolanishi Markaziy Osiyodagi aholi eng zich joylashgan va iqtisodiy faol hududlardan biri – Farg'ona vodiysini rivojlantirishda ayniqsa muhim ahamiyatga ega. Ushbu hududlarda 16,5 milliondan ortiq aholi yoki beshta mamlakat umumiy aholisining 20 foizi istiqomat qiladi. Vodiyda aholi zichligi bir kvadrat metrga 200 kishini tashkil etadi, bu Markaziy Osiyo bo'yicha umumiy ko'rsatgichdan 12 barobar ko'pdir.
Chegara masalalarining tartibga solinishi va oldingi cheklovlarning bekor qilinishi savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, transport o'zaro bog'liqligi va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi. Chegaradan o'tish rejimining soddalashtirilishi biznes, transchegaraviy savdoni rivojlantirish hamda savdo migratsiyasi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga ijobiy ta'sir ko'rsatishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Bitim qo'shma infratuzilma loyihalari, jumladan transport yo'laklarini modernizatsiya qilish, logistika markazlarini tashkil qilish va chegara savdo-sanoat zonalarini rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochadi. Bu esa, o'z navbatida, iqtisodiy hayotni faollashtirishga, investitsiyalarning oshishiga va jadal rivojlanayotgan Farg'ona vodiysi uchun ayniqsa muhim bo'lgan yangi ish o'rinlarining yaratilishiga xizmat qiladi.
Muxtasar aytganda, Xo'janddagi uch tomonlama sammit mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashning mantiqiy davomi bo'libgina qolmay, butun dunyoga Markaziy Osiyo murakkab masalalarni tinch, muloqot va o'zaro kelishuvlar yo'li bilan mustaqil hal qilishga tayyor ekanini ko'rsatuvchi muhim belgi bo'ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot