Tojikistondan munosabat: "Markaziy Osiyo – Xitoy" formati mintaqaviy hamkorlikning barqaror va tizimli mexanizmi sari ishonch bilan rivojlanmoqda
Iyun 19, 2025. 10:35 • 3 daq
• 265
DUSHANBE, 19-iyun. /"Dunyo" AA/. Geosiyosiy tadqiqotlar markazi direktori, Rossiya-Tojikiston (slavyan) universitetining Xorijiy mintaqaviy tadqiqotlar va tashqi siyosat kafedrasi professori, tarix fanlari doktori "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 17-iyun kuni Ostona shahrida bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyo – Xitoy" sammitidagi ishtiroki haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Sammit Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi muloqotning yangi formatiga o'tish bo'ldi. Sian shahrida bo'lib o'tgan sammitda 54 ta tashabbus ilgari surilgan edi, 19 ta hamkorlik platformasi yaratildi, bu tomonlarning siyosiy va iqtisodiy konsolidatsiyasining yuqori darajasidan dalolat beradi.
Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlarida har ikki yilda bir marta navbatma-navbat uchrashuvlar o'tkazish tamoyilining belgilanishi tomonlarning doimiy va barqaror muloqot shakli sifatida ushbu formatni mustahkamlash istagini aks ettiradi.
"Markaziy Osiyo – Xitoy" formati mintaqaviy hamkorlikning barqaror va tizimli mexanizmi sari ishonch bilan rivojlanmoqda. Ostonadagi sammit nafaqat ko'p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishning navbatdagi bosqichi, balki Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi hamkorlikning yangi arxitekturasi – tenglik, barqaror rivojlanish va o'zaro manfaatlarga asoslangan arxitekturani shakllantirish yo'lidagi muhim qadam bo'ldi.
Sammit doirasida 17-iyun kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Raisi Si Szinpin o'rtasida muzokaralar bo'lib o'tdi. Davlat rahbarlari har tomonlama keng qamrovli strategik sheriklik sifatida belgilab berilgan ikki tomonlama munosabatlar misli ko'rilmagan darajada yuqori ekanligini tasdiqladilar. Ikki davlat rahbarlarining muzokaralarida, shuningdek, siyosiy muloqot chuqurlashgani qayd etildi. Tashqi ishlar vazirlarining strategik muloqoti faol ishlamoqda, iyun oyida Samarqandda O'zbekiston va Xitoy Hududlararo ikkinchi forumi bo'lib o'tdi.
Mamlakat yetakchilari huzurida O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lishi bo'yicha ikki tomonlama muzokaralarning yakunlangani to'g'risidagi bayonnomaning imzolanishi uchrashuvning muhim yakuni bo'ldi. Bu O'zbekistonning jahon iqtisodiyotiga to'liq integratsiyalashuvi uchun yangi istiqbollarni ochadi.
Sammitda so'zga chiqqan O'zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo'shma korxonalar va loyihalar soni 10 mingdan oshganini, tovar ayirboshlash hajmi 100 milliard dollarga yetganini ta'kidladi. U Xitoy sarmoyasi, texnologik va ilmiy yechimlari ishtirokida o'zaro bog'langan sanoat klasterlari, texnoparklar va logistika markazlari tizimini o'z ichiga oladigan "Markaziy Osiyo – Xitoy" sanoat va infratuzilma kamari" uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqishni taklif qildi.
"Markaziy Osiyo – Xitoy" ikkinchi sammiti yakunlari bo'yicha qabul qilingan Ostona deklaratsiyasi shunchaki qo'shma bayonot emas, balki Xitoy va Markaziy Osiyoning beshta davlati o'rtasidagi hamkorlikning yetukligi va institutsionallashuvining yangi darajasini aks ettiruvchi dasturiy siyosiy hujjat bo'ladi, deb umid qilamiz.
Bir so'z bilan aytganda "Markaziy Osiyo – Xitoy" ikkinchi sammiti mintaqa xalqaro munosabatlarda subyektivlikning yangi darajasiga ko'tarilayotganini tasdiqladi. O'zbekiston uchun yangi sarmoyaviy, logistika va ta'lim imkoniyatlarini ochib berdi, strategik manfaatlar ilgari surilishini ta'minladi, shuningdek, jahon iqtisodiy jarayonlariga jadal kirishish katalizatoriga aylandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari