Logo

"Markaziy Osiyo – Xitoy": mintaqaviy hamkorlikning samarali modeli

Iyun 17, 2025. 07:12 • 4 daq

636
"Markaziy Osiyo – Xitoy": mintaqaviy hamkorlikning samarali modeli

TOSHKЕNT, 17-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Qozog'iston poytaxti Ostona shahrida bo'lib o'tadigan "Markaziy Osiyo – Xitoy" ikkinchi sammitida ishtirok etadi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur platformaning asosiy maqsadi mintaqa davlatlari va Xitoy o'rtasidagi ko'p qirrali aloqalarni mustahkamlash, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni jadallashtirishdan iborat.

Format kun tartibi doirasida global va mintaqaviy, siyosat, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport, hududlararo aloqalar, qishloq xo'jaligi, energetika, "yashil" energetika, bojxona ishi, madaniy-gumanitar kabi sohalarda hamkorlikni mustahkamlash, milliy taraqqiyot strategiyalarini "Bir makon, bir yo'l" tashabbusi bilan uyg'unlashtirish bo'yicha fikr almashiniladi.

Tizimli tus olayotgan "Markaziy Osiyo – Xitoy" muloqoti, birinchi navbatda, o'zaro iqtisodiy manfaatlarga qaratilgan. Xitoy so'nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlarining savdo hamkorlari orasida doimiy ravishda yetakchi o'rinni egallab kelmoqda. Xitoy kapitali ishtirokida mintaqaning barcha mamlakatlarida sanoat, energetika, transport, logistika va savdo sohalarida o'nlab loyihalar amalga oshirilyapti.

Markaziy Osiyo va Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari tomonidan tashkil etilgan qo'shma korxonalar soni bugungi kunda 6 mingga yaqin. Mintaqaning Xitoy bilan umumiy savdo aylanmasi 2024 yilda 94,8 milliard dollarni tashkil etgan bo'lsa, 2025 yilda hisob-kitoblarga ko'ra, bu ko'rsatkich 100 milliard dollarga etadi.

Markaziy Osiyo "Bir makon, bir yo'l" strategiyasining asosiy elementi bo'lib, uning doirasida Yevropaga yangi transport yo'laklarini yaratish uchun yo'llar, savdo markazlari va logistika infratuzilmasini qurish ishlari jadal olib borilmoqda.

Birinchi "Markaziy Osiyo – Xitoy" sammiti 2023-yil 18-19-may kunlari Sian shahrida bo'lib o'tgan edi. Mazkur sammit Sian deklaratsiyasining imzolanishi, davlat rahbarlarining har ikki yilda bir marta navbatma-navbat Xitoy va mintaqa davlatlaridan birida uchrashuvlar o'tkazish mexanizmini yo'lga qo'yish, shuningdek, idoralararo darajada o'zaro hamkorlikni faollashtirish bilan yakunlandi. Natijada 9 ta ko'p tomonlama hujjat imzolandi va 19 ta hamkorlik platformasi yaratildi.

 Xususan, format doirasida qishloq xo'jaligi vazirlari, ichki ishlar, tashqi ishlar vazirlari, ta’lim vazirlari, transport vazirlari, bojxona xizmatlari rahbarlari, iqtisodiyot va savdo vazirlarining uchrashuvlari, tahliliy markazlar, axborot agentliklari forumlari va boshqa ko'p tomonlama hamkorlik mexanizmlari ishga tushirildi.

"Markaziy Osiyo-Xitoy" ikkinchi sammitiga tayyorgarlik 2025 yil aprel oyida Olmaotada bo'lib o'tgan tashqi ishlar vazirlarining VI uchrashuvidan boshlandi. Unda Ostona shahrida bo'lib o'tadigan oliy darajadagi sammit kun tartibi muhokama qilindi va imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlar kelishib olindi.

Tahlilchilarning aytishicha, bu format mintaqaviy hamkorlikning uzoq muddatli tizimiga aylanishni va’da qilmoqda.

"Markaziy Osiyo – Xitoy" formatining faol ishtirokchisi sifatida O'zbekiston Xitoy bilan ikki tomonlama asosda sheriklikni muvaffaqiyatli davom ettirmoqda. Ikki davlat rahbarlari o'rtasida yaqin, ishonchli siyosiy muloqot yo'lga qo'yilgan bo'lib, bu ikki tomonlama hamkorlikka barqarorlik va dinamik xususiyat taqdim etmoqda.

2022-yilda O'zbekiston va Xitoy ikki tomonlama munosabatlarni mavsumiy strategik sheriklik darajasiga ko'tardi. Bu maqom yuqori darajadagi o'zaro ishonch, barqarorlik va xalqaro vaziyatdan qat’iy nazar, har ikki tomonning yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini aks ettiradi. Mazkur jihat, shuningdek, O'zbekiston va Xitoyning ko'p qirrali munosabatlarini uzoq muddatli asosda mustahkamlash niyatini tasdiqlaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar bunday taraqqiyotning muhim omillaridandir. 

Ular mamlakatga yirik xorijiy investorlarni, jumladan, Xitoy korporatsiyalarini jalb qilish uchun sharoit yaratdi. Xususan, Xitoy kompaniyalari yurtimizda energetika, qurilish, mashinasozlik, kimyo, to'qimachilik sanoati va boshqa sohalarda qo'shma loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. 

Bugungi kunda Xitoy O'zbekistonning yetakchi savdo-iqtisodiy hamkoriga aylangan. 2024-yilda ikki mamlakat o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 13 milliard dollardan oshdi. 2011-yildan beri hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo'mitasi faoliyat yuritib kelyapti. Uning 7-majlisi 2024-yil 13-may kuni Toshkentda bo'lib o'tdi. Xitoy O'zbekistonning investitsiyaviy sheriklari orasida ham yetakchi bo'lib qolmoqda. 2024 yilda umumiy qiymati 1,9 milliard dollarlik 64 ta loyiha ishga tushirildi, 2017-2024-yillarda Xitoy investitsiyalarining umumiy hajmi 23,1 milliard dollarni tashkil etdi. 

Hozirgi paytda mamlakatimizda Xitoy investitsiyasi ishtirokidagi 3,5 mingdan ortiq korxona bor. Ulardan 220 tasi 2025-yilda tashkil etilgan. Parlamentlararo va hududlararo hamkorlik ham faol rivojlanib, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda. Bu o'zaro ishonch va har tomonlama aloqalarni chuqurlashtirishga intilishning yuksak darajasini ifodalaydi. Buning uchun ikki mamlakat xalqlari o'rtasidagi tarixiy rishtalar mustahkam poydevor bo'lib xizmat qilyapti.

O'zbekiston-Xitoy munosabatlarining konstruktiv xususiyati butun mintaqaviy kun tartibi uchun ijobiy tendensiyasini belgilab beradi, sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda muhim o'rin tutadi, shuningdek, "Markaziy Osiyo – Xitoy" formatidagi hamkorlik samaradorligini oshirishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

Ostona shahrida bo'lib o'tadigan "Markaziy Osiyo – Xitoy" sammiti mintaqaning eng dolzarb va muhim masalalar bo'yicha konsolidatsiyasiga yangi turtki berishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbarining mazkur sammitda ishtirok etishi esa O'zbekiston ishonch, yaxshi qo'shnichilik muhitini mustahkamlash va dolzarb mintaqaviy hamda xalqaro muammolarni hal etishda o'zaro maqbul yondashuvlarni konstruktiv izlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.

O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish