Logo

Turkiyadan munosabat: O'zbekiston va Iordaniya mushtarak ma'naviy va tarixiy ildizlarga ega davlatlar zamonaviy dunyoda yangi hamkorlik ko'priklarini barpo eta olishiga misol bo'ladi

Avgust 29, 2025. 16:56 • 2 daq

48
Turkiyadan munosabat: O'zbekiston va Iordaniya mushtarak ma'naviy va tarixiy ildizlarga ega davlatlar zamonaviy dunyoda yangi hamkorlik ko'priklarini barpo eta olishiga misol bo'ladi

ANQARA, 29-avgust. /"Dunyo" AA/. Turkiya Radio va televideniye oliy kengashi eksperti Axmet Akali "Dunyo" AA uchun intervyusida Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning 25-26-avgust kunlari O'zbekistonga buyurgan davlat tashrifi yakunlarini izohladi:

– Iordaniya Podshohining Samarqandga tashrifi haqiqatan ham tarixiy voqea bo'ldi. Bu ikki davlat munosabatlari tarixida bunday darajadagi birinchi davlat tashrifi bo'lib, tomonlar hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarishga tayyor ekanliklarini darhol ko'rsatdi.

Uchrashuvlarning asrlar davomida ilm-fan, madaniyat va diplomatiya markazi bo'lib kelgan Samarqand shahrida bo'lib o'tgani ramziy ma'noga ega. Uning ulug'vor obidalari muzokaralar uchun yorqin zamin bo'lib, O'zbekiston o'zining boy merosini zamonaviy tashabbuslar bilan uyg'unlashtirish istagini ta'kidladi.

Muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlar o'z ko'lami bilan hayratlanarli. Siyosat, savdo, investitsiya, qishloq xo'jaligi, ta'lim va turizm kabi muhim sohalarni qamrab olgan 15 ta hujjat imzolandi.

Viza rejimini soddalashtirish va Hukumatlararo komissiya tuzish haqidagi kelishuvlar muhim qadamlardir. Bu tashabbuslar ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga, ishonchni mustahkamlashga, odamlar o'rtasidagi aloqalarni faollashtirishga tubdan yordam berishi mumkin. Kimyo va to'qimachilik sanoati, "aqlli qishloq xo'jaligi", farmatsevtika, turizm va IT kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish to'g'risidagi kelishuv ham bundan kam ahamiyatga ega emas. Bularning barchasi amaliy daromad va o'zaro manfaatlarga qaratilgan strategik yondashuvni aks ettiradi.

Tashrif muhitini alohida qayd etishni istardim. O'zbekiston yuksak darajadagi tashkilotchilik va chinakam sharqona mehmondo'stlikni namoyish etdi. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Iordaniyaning oliy mukofoti – "An-Nahda" ("Renessans") ordeni bilan taqdirlash marosimi ham ramziy ma'noga ega bo'ldi. Bu nafaqat hurmat belgisi, balki O'zbekistonning xalqaro munosabatlarning yangi arxitekturasini shakllantirishdagi rolini e'tirof etishdir.

Muzokaralar yakunida O'zbekiston Prezidenti va Iordaniya Podshohi birgalikda daraxt ekdilar va bu jarayon menda katta taassurot qoldirdi. O'ylaymanki, daraxt qanday ildiz otib, o'ssa, O'zbekiston va Iordaniya hamkorligi ham shunday mustahkamlanib, kelajak avlodlar uchun o'z mevasini beradi.

Ishonchim komilki, ushbu tashrif ikki tomonlama munosabatlarni to'laqonli sheriklikka aylantirishning boshlang'ich nuqtasi bo'lib, mushtarak ma'naviy va tarixiy ildizlarga ega davlatlar zamonaviy dunyoda yangi hamkorlik ko'priklarini barpo eta olishiga misol bo'ladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish