Logo

O'zbekiston-YOII: mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi ko'p tomonlama hamkorlikni kengaytirish sari navbatdagi qadamlar

Iyun 27, 2025. 07:14 • 5 daq

635
O'zbekiston-YOII: mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi ko'p tomonlama hamkorlikni kengaytirish sari navbatdagi qadamlar

TOSHKЕNT, 27-iyun. /"Dunyo" AA/. Amaliy tashrif bilan Minsk shahrida bo'lib turgan O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining (YOIK) navbatdagi yig'ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etadi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Bojxona ittifoqi va Yagona iqtisodiy makon negizida tuzilgan xalqaro integratsion iqtisodiy birlashmadir. Ittifoq 2014-yil 29-mayda Qozog'istonning Ostona shahrida Belarus, Qozog'iston va Rossiya davlat rahbarlari tomonidan imzolangan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi to'g'risidagi shartnoma kuchga kirganidan so'ng 2015-yil 1-yanvardan ish boshladi. 2015-yilda Armaniston va Qirg'iziston shartnomaga qo'shildi.

O'zbekiston 2020 yilda YOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olgan.  Birlashma nizomiga ko'ra, kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar YOII organlari yig'ilishlarida qaror qabul qilish huquqisiz ishtirok etishi, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasiga mamlakat vakilini tayinlashi mumkin.

O'zbekistonning YOII bilan hamkorligini ushbu formatda rivojlantirish milliy manfaatlarga javob beradi va teng huquqlilik, shuningdek, ishtirokchi davlatlar tomonidan bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslanadi.

O'zbekiston Prezidenti mamlakatimiz kuzatuvchi maqomini olganidan beri mazkur birlashma Oliy Kengashining yettita yig'ilishida qatnashdi.

Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 26-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida bo'lib o'tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig'ilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etdi va muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari so'zining avvalida so'nggi yillarda mamlakatimiz kuzatuvchi sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan 22 ta yo'nalishda samarali hamkorlikni yo'lga qo'yganini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, 2024-yilda O'zbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 11 foizga oshdi. Oktabr oyida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan savdo, sanoat, moliya, qishloq xo'jaligi, transport va boshqa sohalarda 40 ga yaqin chora-tadbirlarni o'z ichiga olgan yangi uch yillik hamkorlik rejasi qabul qilindi.

O'zbekiston YOIIning savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi qator tarmoq dasturlarida faol ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o'zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo'nalishlariga alohida to'xtaldi.

Xususan, mamlakatimiz yetakchisi o'zaro savdodagi to'siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etishga chaqirdi. Shu nuqtayi nazardan, O'zbekiston va YOII davlatlari o'rtasidagi savdoda tarif va notarif cheklovlarni qo'llamaslik masalasini ekspertlar darajasida ishlab chiqish taklif etildi. Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish dasturlarini qo'llab-quvvatlash mexanizmlari va vositalariga qo'shilishdan manfaatdorlik bildirildi.

"Qo'shma loyihalarni ilgari surish uchun ishonchli moliyaviy manbalarni shakllantirish maqsadida kelgusi yil boshida tartib-taomillarni yakunlab, Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo'lishni rejalashtirmoqdamiz, – degan edi O'zbekiston yetakchisi.

Jumladan, joriy yilning 9 aprel kuni davlatimiz rahbari "O'zbekiston Respublikasining Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etish haqidagi Bitimga (Ostona, 2006-yil 12-yanvar) qo'shilishi to'g'risida" gi Qonunni imzoladi.

Bitimning asosiy maqsadi investitsiya faoliyati orqali unga qo'shilgan ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy o'sishiga va ular o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga ko'maklashishdir. Shuningdek, bank faoliyati doirasida to'liq va samarali ishtirok etish huquqi ta’minlanadi. Bundan tashqari, bankka a’zo davlatlarning iqtisodiy o'sishiga ko'maklashish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va investitsiya faoliyati orqali Yevroosiyo hududida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, YOII doirasida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi. Mamlakatimizni YOIIning integratsiyalashgan axborot tizimiga va "Raqamli ittifoq" loyihasiga ulash tashabbusi ilgari surildi. Agrar sohada qishloq xo'jaligi mahsulotlarini o'zaro yetkazib berishni yengillashtirish, innovatsion agrosanoat loyihalarini amalga oshirish va ilmiy ishlanmalarni joriy etishga qaratilgan kooperatsiya dasturini tayyorlash taklif etildi. Sayyohlik almashinuvlarini rag'batlantirish maqsadida davlatimiz rahbari YOII davlatlari fuqarolariga O'zbekistonga ichki hujjatlar bilan kirish imkonini beruvchi tartibni joriy etishga tayyorligini bildirdi.

Shu o'rinda ta’kidlash joizki, O'zbekiston Prezidenti tomonidan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi majlislarida ilgari surilayotgan, tuzilmaga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlarning barcha manfaatlariga to'liq javob beradigan ochiq va pragmatik tashabbuslarning aksariyati hayotga tadbiq etilyapti. E’tiborlisi, davlatimiz rahbarining mazkur taklif va tashabbuslari ishtirokchi davlatlar rahbarlari tomonidan ham yakdillik bilan qo'llab-quvvatlanmoqda. 

Bundan tashqari, O'zbekiston Bosh vaziri boshchiligida YOII mamlakatlari va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlik bo'yicha idoralararo ishchi guruhi tuzilgan. Ishchi guruh YOII bilan o'zaro hamkorlikni muvofiqlashtiradi, iqtisodiy aloqalarni tahlil qiladi va hamkorlikni chuqurlashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqadi.

2024-yil 1-oktabrda O'zbekiston hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi o'rtasida 2024-2026-yillarga mo'ljallangan Qo'shma harakatlar rejasi imzolandi.

YOII platformasida kuzatuvchi davlat sifatida ishtiroki orqali O'zbekiston muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda, tuzilmaga a’zo barcha davlatlar bilan faol hamkorlik qilyapti, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirmoqda. Ushbu omillar esa barqaror o'sish sur’atlarni ko'rsatayotir.

Hozirgi vaqtda YOII tomonidan xorijiy sheriklar bilan hamkorlik aloqalari Jahon savdo tashkiloti (JST) normalari va tamoyillariga muvofiq tarzda o'rnatilgan.

YOII xalqaro tashkilotlar va institutlar bilan ham faol hamkorlik olib bormoqda. Jumladan, Jahon savdo tashkiloti (JST), Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OYECD), Jahon bojxona tashkiloti (WCO), Xalqaro migratsiya tashkiloti (MOM) va boshqalar bilan o'zaro aloqalar yo'lga qo'yilgan. Shuningdek, mazkur ittifoqqa a’zo davlatlarning asosiy qismi Jahon savdo tashkiloti (JST)ga ham a’zo hisoblanadi.

Ushbu omillar hisobga olinib, O'zbekiston tomoni kuzatuvchi davlat sifatida YOIIning to'rtta pilot loyihalarida ishtirok etmoqda. Xususan, Temir yo'lda yuk tashishni raqamlashtirish loyihasi YOII davlatlari va Xitoy o'rtasida temir yo'l yuk tashishlarini raqamlashtirish bo'yicha chora-tadbirlarni nazarda tutadi.

Ushbu reja bosqichma-bosqich o'tishni nazarda tutadi va elektron raqamli imzodan foydalangan holda elektron hujjat aylanishiga va elektron jo'natma hamda unga qo'shilgan hujjatlarni almashish bo'yicha chora-tadbirlarni o'z ichiga oladi. O'zbekiston vakolatli organlari vakillari 2022-yil iyun va 2023-yil yanvarda ushbu loyihani amalga oshirish bo'yicha uchrashuvlarda ishtirok etdi. Unda mamlakatlar o'rtasida transport va bojxona hujjatlarini elektron almashishni bosqichma-bosqich amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. O'zbekistonning mazkur loyihada ishtiroki texnik va huquqiy sharoitlarni yaratilishini nazarda tutadi.

Shuningdek, O'zbekiston YOII doirasida amalga oshirish bosqichida bo'lgan Transchegaraviy (tashqi) elektron tijorat, Iqlim kun tartibi, "Yevroosiyo agroekspress" loyihalarining tomonlar uchun samaradorligini tahlil qilmoqda.  

O'zbekistonning mazkur integratsion uyushmada kuzatuvchi davlat maqomida bo'lishi respublikada rivojlanayotgan ilmiy va texnologik inqiloblar, xalqaro savdo, kapitalning ko'chib yurishi, zamonaviy transport, aloqa va axborot tizimlari iqtisodiy hayotning xalqarolashuvi jarayonining global shakllangan darajaga o'tishiga yordam bermoqda.

Shu o'rinda alohida ta’kidlab o'tish kerakki, O'zbekistonning eksport salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun YOII mamlakatlari bilan savdo aylanmasini kengaytirish muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, O'zbekiston va boshqa a’zo davlatlar o'rtasidagi o'zaro integratsialashuv ishlab chiqarish hajmining o'sishiga, yangi texnologiyalarning keng va jadal tarqalishiga, infratuzilmalarning rivojlanishiga, xalqaro iqtisodiy tashkilotlar, fondlar rolining yanada oshishiga, savdo va bozorlarning erkinlashuviga va boshqa yutuqlarga erishilishiga xizmat qilayapti.

Xulosa o'rnida ta’kidlash kerakki, O'zbekiston Prezidentining Minsk shahrida bo'lib o'tadigan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig'ilishida ishtiroki, YOII mamlakatlari o'rtasida investitsiya, savdo-iqtisodiy va transport-logistika sohalarida yaqin hamkorlik asoslarini mustahkamlash va kengaytirish yangi sur’at bag'ishlaydi hamda mintaqa xalqlari o'rtasidagi do'stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish