O'zbekiston-Sloveniya: 30 yillik sheriklik va hamkorlikning yangi ufqlari
May 21, 2025. 06:54 • 5 daq
• 185
TOSHKЕNT, 21-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-22-may kunlari rasmiy tashrif bilan Sloveniyada bo'ladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu tashrif O'zbekiston-Sloveniya diplomatik munosabatlari o'rnatilganining 30 yilligi nishonlanadigan yilda amalga oshishi ramziy ma’noga ega. 1995-yil 16-yanvardan boshlab ikki tomonlama hamkorlik barqaror dinamikani namoyon etib, siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarni qamrab olgan holda izchil rivojlanib bormoqda.
Ekspertlarning fikricha, O'zbekiston va Sloveniya o'rtasidagi siyosiy hamkorlik o'zaro hurmat va konstruktiv muloqot ruhida yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish uchun salmoqli salohiyatga ega. Har ikki davlat tashqi siyosiy va iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilishga intilib, o'zaro manfaatli almashinuv va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladigan umumiy til topmoqda. Sloveniya Yevropa Ittifoqi a’zosi sifatida O'zbekiston uchun YEI bilan munosabatlarni chuqurlashtirish istagida muhim hamkor hisoblanadi.
Keyingi yillarda parlamentlararo aloqalar, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik faollashdi. Xususan, Lyublyana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O'zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to'g'risidagi "gi (2022-yil) va "Degradatsiyaga uchragan va qurg'oq hududlarda barqaror o'rmonzorlarni barpo etish, daraxt ekish va ularni targ'ib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi" (2024 yil) rezolyutsiyalarini qo'llab-quvvatladi va ularning hammuallifi bo'ldi.
2025-2027-yillar uchun BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (EKOSOS) a’zoligi uchun saylovda Sloveniya ham O'zbekistonga ovoz berdi. Bundan tashqari, tomonlar 2025-2028-yillarga mo'ljallangan Inson huquqlari bo'yicha qo'mita (O'zbekiston) va 2026-2028-yillarga mo'ljallangan Inson huquqlari bo'yicha kengash a’zoligiga (Sloveniya) bir-birining nomzodini o'zaro qo'llab-quvvatladi.
YUNЕSKO doirasida O'zbekiston 2017-yilda Sloveniyaning Xalqaro gidrologiya dasturining Hukumatlararo kengashi va Xalqaro ta’lim byurosi kengashiga ikkinchi saylov guruhi darajasidagi nomzodini yoqladi.
Ikki davlat tashqi siyosat idoralari o'rtasida ham konstruktiv muloqot izchil rivoj topayapti. Jumladan, 2024-yil noyabr oyida Toshkent shahrida Sloveniya Tashqi ishlar va Yevropa masalalari vazirligi davlat kotibi Marko Shtutsin ishtirokida siyosiy maslahatlashuvlarning uchinchi davrasi bo'lib o'tdi. Tomonlar o'zlarining diplomatik ishtiroklarini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar va maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini 2025 yilda Lyublyanada o'tkazishga kelishib oldilar.
Turli darajadagi muntazam uchrashuv va maslahatlashuvlar, jumladan, rasmiy delegatsiyalarning tashriflari hamda elchilar almashinuvi xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan bir-birlarining pozitsiyalarini yaxshiroq tushunishga xizmat qilmoqda.
Ikki davlat o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik ijobiy dinamika bilan ajralib turibdi. Sloveniya Yevropa Ittifoqi a’zosi sifatida YI bilan savdo va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish nuqtayi nazaridan O'zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega. Sloveniya bilan hamkorlikni rivojlantirish investitsiyalarni jalb qilish, ilg'or texnologiyalarni joriy etish va eksport bozorlarini kengaytirish uchun qo'shimcha imkoniyatlarni ochadi.
O'zaro tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshgan 2022-yildan buyon ushbu ko'rsatgich izchil o'sib bormoqda. Bunga O'zbekistonning Yevropa Ittifoqining "GSP+" umumiy imtiyozlar tizimining benefitsiari maqomini olishi ham qulaylik yaratmoqda. 2024-yil yakunlariga ko'ra, O'zbekiston va Sloveniya o'rtasidagi o'zaro tovar ayirboshlash hajmi o'tgan yilga nisbatan 60,3 foizga ko'paydi. 2025-yilning birinchi choragi statistikasi, o'tgan yilning shu davriga nisbatan o'zaro tovar ayirboshlash hajmi yana 47,8 foizga oshganini ko'rsatmoqda. E’tiborlisi, O'zbekistondan eksport 20 barobardan ziyodga ortgani, Sloveniyadan import esa 10 foizga qisqargani o'zbek mahsulotlarining Yevropa bozorida raqobatbardoshligi oshib borayotganidan dalolat beradi.
O'zbekiston Sloveniyaga asosan xomashyo va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qiladi. Sloveniya esa yuqori texnologiyali uskunalar, farmatsevtika, avtomobil butlovchi qismlari va boshqa sanoat tovarlarini yetkazib beradi. Ayniqsa, ishlab chiqarish sanoati va axborot texnologiyalari sohasida tovar va xizmatlar turlarini kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjud.
2023-yil fevral oyida Toshkentda O'zbekiston-Sloveniya biznes-forumi bo'lib o'tdi va uning doirasida Iqtisodiy hamkorlik to'g'risidagi bitim imzolandi. Avtomobilsozlik, gidroturbinalar, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, agrosanoat majmuasini yaratish, shuningdek, Sloveniyaning "Mercator Group" savdo tarmog'ining O'zbekistonda filialini ochish bo'yicha qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
O'zaro investitsiyaviy sheriklikdan tomonlarning manfaatdorligi hamkorlikni rivojlantirishning muhim omili hisoblanadi. Iqtisodiy islohotlarni faol amalga oshirayotgan O'zbekiston Sloveniya kompaniyalariga turli tarmoqlar, jumladan, to'qimachilik, qurilish, farmatsevtika va turizm sanoatiga investitsiya kiritish uchun qulay shart-sharoitlarni taklif qilmoqda. Sloveniya kompaniyalari, o'z navbatida, O'zbekistonga innovatsiyalar va yuqori texnologiyalarni taklif etishi mumkin. Bugungi kunda O'zbekistonda Sloveniya investitsiyasi ishtirokidagi uchta korxona faoliyat ko'rsatyapti. Ulardan bittasi qo'shma va ikkitasi esa 100 foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonadir.
Energetika, logistika, turizm kabi jabhalarda ham qo'shma loyihalar amalga oshirilyapti. Betakror tabiati va rivojlangan sayyohlik infratuzilmasi bilan mashhur Sloveniya o'zbekistonlik sayyohlarda katta qiziqish uyg'otmoqda. Shu bilan birga, O'zbekistonning qadimiy shaharlari va boy tarixi sloveniyalik sayyohlarni tobora ko'proq o'ziga jalb qilayotir. Turistik almashinuvlarning rivojlanishi shaxslararo aloqalarning chuqurlashishiga yordam beradi.
Oliy darajadagi O'zbekiston-Sloveniya sammiti arafasida O'zbekiston ishbilarmon doiralari delegatsiyasining Lyublyanada o'tkazgan muzokaralari chog'ida to'qimachilik va meva-sabzavot mahsulotlari, mineral o'g'itlar, plastmassa, rangli metallar, qurilish materiallari, farmatsevtika mahsulotlari, sanoat uskunalari va boshqa tayyor mahsulotlar nomenklaturasi va yetkazib berish hajmlarini kengaytirish hisobiga o'zaro tovar ayirboshlashni 500 million dollargacha oshirish bo'yicha bir qator aniq kelishuvlarga erishdi.
O'zbekistonning Markaziy Osiyodagi va Sloveniyaning Yevropadagi jug'rofiy joylashuvi ikki mintaqani bog'lovchi transport yo'laklarini rivojlantirishda samarali hamkorlik qilish uchun imkoniyatlar yaratadi. Shu bois ikki davlat ham transport-logistika yo'nalishidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, ikki davlat poytaxtlari o'rtasida to'g'ridan to'g'ri aviaqatnovlarni yo'lga qo'yishdan manfaatdor.
Ikki tomonlama munosabatlarda madaniy-gumanitar rishtalar muhim o'rin tutadi. Mazkur jabhadagi yaqin hamkorlik xalqlar o'rtasidagi o'zaro hamjihatlik va do'stlikni mustahkamlashga hissa qo'shmoqda.
Madaniy almashinuv doirasida ikki mamlakat madaniy merosini ommalashtirishga xizmat qiladigan ko'rgazmalar, konsertlar va festivallar kabi turli madaniy tadbirlar muntazam o'tkazilayotir.
2024-yil noyabr oyida Toshkentda Sloveniya Tashqi va Yevropa masalalari vazirligi davlat kotibi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, unda ilmiy va ta’lim loyihalari, akademik almashinuvlar va qo'shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tahlillar har ikki davlatning ta’lim sohasidagi hamkorlikka qiziqishi ortib borayotganini ko'rsatdi. Shuning uchun bu sohani rivojlantirish o'zaro manfaatli va samarali bo'ladi.
Ta’kidlash joizki, diplomatik munosabatlar o'rnatilganining 30 yilligi nishonlanadigan yilda O'zbekiston va Sloveniya o'zaro hurmat hamda umumiy manfaatlarga asoslangan hamkorlikni yanada mustahkamlash istagini namoyon etmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, O'zbekiston Prezidentining Sloveniyaga bo'lajak tashrifining tig'iz kun tartibi, oliy darajadagi rejalashtirilgan uchrashuv va muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarning yangi ufqlarini ochib, ularga jadal tus berishi, shubhasiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot