Logo

Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi o'z ishini boshladi

Aprel 06, 2025. 11:20 • 4 daq

162
Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi o'z ishini boshladi

TOSHKENT, 6-aprel. /"Dunyo" AA/. Kecha O'zbekiston poytaxtida Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi o'z ishini boshladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, assambleyaning ochilish marosimi "Tashkent City" xalqaro biznes markazining Kongress xollida bo'lib o'tmoqda.

Bugun jahon siyosiy maydonida o'zining mustahkam o'rni, obro'si va o'z so'ziga ega bo'lgan Parlamentlararo ittifoq parlament diplomatiyasini rivojlantirish, demokratik institutlarni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro'yobga chiqarish kabi muhim yo'nalishlarda faol ish olib bormoqda.

Tashkilot milliy qonunchilik organlarining ilg'or tajriba va amaliyotlarini o'zaro integratsiya qilish orqali zamonaviy tahdidlarni bartaraf etish bo'yicha parlamentlar uchun umumiy strategiyalarni ishlab chiqishda ko'maklashib kelmoqda.

Ayniqsa, geosiyosiy vaziyat tobora taranglashib borayotgan bir davrda Parlamentlararo ittifoq dunyoda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, nizolarni hal etish, xalqaro huquq va tinchlikparvar siyosatni rivojlantirish borasida parlamentlar rolini kuchaytirishga harakat qilmoqda.

Shu jihatdan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi nafaqat o'zining tarixiyligi, balki uning mazmun-mohiyati jamiyat va davlat o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga, mamlakatlar barqaror rivojlanishini ta'minlashning muhim sharti bo'lgan ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

"Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati" mavzusida o'tkazilayotgan assambleyada 190 ta mamlakat, 15 ta kuzatuvchi davlat hamda 25 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Assambleya doirasida ijtimoiy taraqqiyotga erishishda, adolatli jamiyatni barpo etishda parlamentlar ishtirokni kengaytirish va faolligini oshirishga qaratilgan 90 ga yaqin turli tadbirlar va debatlar tashkil etiladi.

Xususan, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva so'zga chiqar ekan, bugun Parlamentlararo ittifoq jahon siyosiy maydonida o'zining mustahkam o'rniga ega bo'lganini hamda parlament diplomatiyasini rivojlantirish va demokratik institutlarni mustahkamlash borasida o'z faoliyatini amalga oshirayotganini ta'kidlab o'tdi:

– Bugun Yangi O'zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida islohotlar izchillik bilan davom etmoqda, taraqqiyotning hal qiluvchi bosqichiga qadam qo'yildi.

Milliy parlamentlarning ushbu jarayonlarda muhim ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy vazifalarni hal etishdagi roli, vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi.

So'nggi yillarda O'zbekiston parlamenti xalqaro parlament mexanizmlariga faol ravishda integratsiyalashib bormoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Parlamentlararo ittifoq 150-yubiley assambleyasi ishtirokchilarini qutlab, mazkur tadbirning parlamentarizm tarixidagi ahamiyati haqida alohida to'xtalib o'tdi:

– Qonunchilik sohasida, dunyo miqyosidagi muloqot va sheriklikni mustahkamlash, parlamentlarning ijtimoiy taraqqiyotni va adolatni ko'zlagan holda faollik ko'rsatib, tajriba almashish borasida Parlamentlararo ittifoq istiqbolda o'zining muvofiqlashtiruvchilik rolini yana-da kuchaytiradi deb umid qilamiz.

Tadbirda so'zga chiqqanlar Assambleyaning bosh mavzusi "Ijtimoiy rivojlanish va adolat uchun parlament harakati" ekanligini qayd etib, bu borada davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalarga e'tibor qaratdi.

Xususan, Parlamentlararo ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson xonim quyidagi fikrlarni bildirdi:

– O'zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarni va mamlakatingiz qanday taraqqiy etayotganining guvohi bo'lib turibmiz. Shu munosabat bilan yana bir bor O'zbekiston Prezidentini hamda Senat Raisini bu boradagi harakatlari natijasi bilan tabriklayman. Bu mamlakat barqaror rivojlanib bormoqda.

Assambleya davomida biz adolat va ijtimoiy taraqqiyot mavzularini jamlab, ular qanday uyg'unlashishi mumkinligini muhokama qilmoqchimiz. Sababi ba'zida ijtimoiy adolatsizliklar bo'ladi va ayrim davlatlar bu adolatsizliklarni taraqqiyot nomidan oqlashga urinadilar. Biz esa bu ikki tushuncha birgalikda rivojlanishi kerak, deb hisoblaymiz.

Bosh kotib Martin Chungong esa shunday dedi:

– Bu hafta davomida Toshkent parlament diplomatiyasining poytaxtiga aylanadi. Bu yig'ilish global hamjamiyat duch kelayotgan muammolar, ziddiyatlar va nizolarni muloqot orqali hal qilish mumkinligini ko'rsatuvchi namunaga aylanadi. Ayni vaqtda dunyo murakkab muammolar, urushlar va ziddiyatlar girdobida qolayotgan bir paytda ushbu assambleyaning O'zbekistonda o'tkazilishi yurtingizdagi bebaho ne'mat – tinchlik hukmronligini hamda mamlakat rahbariyatining ko'p tomonlama hamkorlik va parlament diplomatiyasini rivojlantirishga bo'lgan sodiqligini ko'rsatadi. Bu uchun Parlamentlararo ittifoq juda minnatdordir.

Assambleya doirasidagi barcha tadbirlar 5-9-aprel kunlari "Tashkent City" xalqaro biznes markazining Kongress xollida bo'lib o'tadi.

Shuningdek, Assambleya doirasida muhim xalqaro hujjatlar, jumladan, Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinadi.

Toshkentda o'tkazilayotgan yubiley Assambleya Parlamentlararo ittifoq, jahon parlamentarizmi tarixida unutilmas voqeaga aylanishiga hamda Assambleya doirasida ilgari surilgan tashabbuslar, qabul qilingan hujjatlar Ittifoqqa a'zo davlatlarning qonunchilik islohotlariga ijobiy ta'sir ko'rsatishiga ishonch bildirildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish