Logo

O'zbekistonda tergov sudyalari institutining joriy etilgani qonun ustuvorligini ta'minlashda muhim qadam bo'ldi

Iyun 11, 2024. 23:08 • 4 daq

118
O'zbekistonda tergov sudyalari institutining joriy etilgani qonun ustuvorligini ta'minlashda muhim qadam bo'ldi

TOSHKENT, 12-iyun. /"Dunyo" AA/. Xorijiy ekspert doiralari vakillari "Dunyo" AA uchun intervyularida O'zbekiston Prezidentining "Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmonining ahamiyatini sharhladilar.

Ekspertlarning fikriga ko'ra, so'nggi yillarda mamlakatimizda "Inson sha'ni va qadr-qimmati yo'lida" tamoyili asosida Yangi O'zbekistonni barpo etish borasida, jumladan, demokratiya va ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan sud-huquq sohasida ham tub islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining "Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmoni qabul qilingani ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo'ldi.

Hujjatda jinoyat protsessini tubdan modernizatsiya qilish, jinoyat ishlari bo'yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etish, ularga sudgacha bo'lgan ish yuritish bosqichida protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun sanksiyalar berish va boshqalar nazarda tutilgan.

Ushbu huquqiy hujjatning yana bir o'ziga xos tomoni, "Xabeas korpus" instituti sohasini kengaytirish va tergov sudyalarini – sudgacha bo'lgan ish yuritish bosqichi ustidan "sud nazorati"ni amalga oshirishga vakolatli alohida sudyalarni shakllantirish orqali sud majlisida jinoyat ishini ko'rib chiqayotgan sudyaning xolisligi va adolatligi kafolatlanishidadir.

Mazkur Farmonning qabul qilinishi "O'zbekiston – 2030" strategiyasida sud-huquq sohasiga oid vazifalarni hayotga izchil tatbiq etishdan kelib chiqqan holda, Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta'minlash, chinakam adolatli sud-huquq tizimini shakllantirish va uning faoliyatini jinoyat protsessida fuqarolarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishga yo'naltirish, shuningdek, aholining huquqni muhofaza qilish organlariga ishonchini yanada mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega.

Zamirbek Bazarbekov, Qirg'iz Respublikasi Oliy sudi raisi:

– Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar Oliy sudlari raislarining o'n to'qqizinchi yig'ilishida biz O'zbekiston Oliy sudining erishgan yutuqlari bilan tanishdik. Bunday yuksak natijalarga O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qo'llab-quvvatlashi va e'tibori tufayli erishilmoqda. Ma'lumki, bugungi kunda O'zbekistonda inson huquq va erkinliklarini mustahkam himoya qilish tizimini, jumladan, tezkor-qidiruv va tergov faoliyatida tergov sudyasi institutini joriy etish orqali yangi bosqichga ko'tarishga qaratilgan keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Belgilangan yangi vazifalar tahsinga sazovor bo'lib, ular sud-huquq tizimini yanada rivojlantirish va ulkan muvaffaqiyatlar sari yetaklashi shubhasiz.

Sonya Prostran, Belgraddagi ikkinchi shahar sudi raisining o'rinbosari, sudya (Serbiya):

— O'zbekistondagi sud islohotlarini diqqat bilan kuzatib boryapman. Sohadagi ijobiy o'zgarishlar, albatta e'tirofga loyiq. Ulardan biri ayrim Yevropa huquqiy tizimlarida mavjud bo'lgan tergov sudyasi lavozimini joriy etishdir. O'zbekistonda tergov sudyalari institutining joriy etilishi qonun ustuvorligini ta'minlashda muhim qadam hisoblanadi. Sudyalik tajribamdan kelib chiqqan holda aytishim mumkinki, bu fuqarolarning haq-huquqlarini yanada samarali himoya qilish imkonini beradi.

Jamshid Piro, "36 Stone" va "Pero Chambers" advokatlik kompaniyalari advokati, xalqaro arbitr (Buyuk Britaniya):

– O'zbekiston Prezidentining "Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmonini katta qiziqish bilan o'qib chiqdim. Hujjat sud faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan. Xususan, Farmonda tergov harakatlarining xolisligini oshirish bilan birga inson huquqlarini ta'minlash bo'yicha muhim vazifalar belgilangan. Farmonga muvofiq, jinoyat ishlari bo'yicha tergov olib borish bo'yicha tergov sudyalari lavozimi joriy etildi. Bunday lavozim asosan fuqarolik huquqi mamlakatlarida mavjud bo'lib, ko'p yillardan beri qo'llanilmoqda.

Matis Zupan, "Mintaqaviy muloqot" dasturi direktori, huquqshunos (Sloveniya):

– O'zbekiston jinoiy sudlov tizimiga tergov sudyasi lavozimining joriy etilganini, albatta, inson huquqlarini himoya qilish borasidagi ijobiy qadam, deyish mumkin. O'ylaymanki, ushbu institutning boy xorijiy tajribasini o'rganib, O'zbekiston o'z sudlarida tergov sudyasini tizimini joriy etishda o'ziga xos yo'l va muvozanatni topadi.

Sumeyn Tandon, "Legal Consultant" advokatlik kompaniyasi advokati (Hindiston):

– O'zbekistonda "Inson sha'ni va qadr-qimmati yo'lida" tamoyili asosida inson huquqlari himoyasini kuchaytirish borasida faol ishlar olib borilmoqda. Bu sa'y-harakatlar shaxs, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning huquq va erkinliklari kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgani aholining mazkur tizimga ishonchini mustahkamlashga xizmat qilyapti. Davlat rahbarining Farmoni sud-huquq tizimi samaradorligini oshirish, sudgacha bo'lgan ish yuritishda tenglikni ta'minlash va tergov harakatlari davomida huquqlarni ishonchli himoya qilishga qaratilgan. 2025-yil 1-yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo'yicha sudgacha bo'lgan bosqichda protsessual sanksiyalarni ko'rib chiqish uchun tuman va shahar sudlarida tergov sudyalari lavozimini joriy etish asosiy chora-tadbirlardan biri hisoblanadi. Mazkur sudyalarga ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishlarni va turli jinoyat ishlarini ko'rish vakolati berilmoqda. Ularning asosiy vazifalari ijtimoiy adolatni saqlash va fuqarolarning huquqlarini himoya qilishdan iborat bo'ladi. Shuningdek, ularning faoliyati mustaqil va qat'iy qonuniy bo'lib, mintaqada sud-huquq islohotlari uchun muhim namuna bo'ladi.

Nizamettin Oydin, Kutahya Dumlupinar universiteti dotsenti (Turkiya):

– O'zbekiston mustaqillikka erishganidan so'ng ichki ishlarida, xalqaro munosabatlarida ko'plab o'zgarishlar amalga oshirildi. Bu jarayonda mamlakat inson huquq va erkinliklarini ta'minlash sohasida ham boshqa davlatlar bilan munosabatlarda ham, ichki ishlarida ham salmoqli yutuqlarga erishdi. Fuqarolarga huquqiy kafolatlar berish katta foyda keltiradi. Xususan, boshqa davlatlar bilan aloqalar o'rnatilganda. O'zbekiston tomonidan qabul qilingan inson huquqlari va erkinliklariga oid normativ-huquqiy hujjatlarni baholagan holda aytishim mumkinki, mamlakat inson huquqlarini ta'minlash sohasida katta yutuqlarga erishdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish