Xitoydan munosabat: O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlari ikki davlat yetakchilari saʼy-harakatlari tufayli strategik darajaga ko‘tarildi
May 20, 2026. 19:25 • 2 daq
• 128
PEKIN, 20-may. /“Dunyo” AA/. Pekin xalqaro muloqot klubi bosh kotibi Xan Xua “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 17–18-may kunlari Boku shahriga amaliy tashrifi hamda Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi tadbirlaridagi ishtiroki xususida o‘z munosabatini bildirdi:
– Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasidagi jarayonlarni diqqat bilan kuzatayotgan xitoylik ekspertlar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar jadal va barqaror surʼatlarda rivojlanayotganini alohida qayd etmoqda. Bu hamkorlik, avvalo, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning qatʼiy siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari tufayli strategik sheriklik hamda ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.
Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar chinakam qardoshlik va o‘zaro ishonch ruhida rivojlanmoqda. Shu bois mamlakat yetakchilari deyarli har yili o‘zaro tashriflar amalga oshirib, xalqaro maydonlarda ham muntazam uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda. Bu esa hamkorlikning barcha yo‘nalishlariga yangi surʼat bag‘ishlamoqda.
So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘n barobarga oshdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda Ozarbayjon sarmoyasi ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni qariyb 500 taga yetdi.
Tomonlar BMT, Qo‘shilmaslik harakati, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham yaqin hamkorlik qilib kelmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Ozarbayjonning 2025-yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga taklif qilinishi va unda to‘laqonli ishtirokchi sifatida qatnashishi ikki tomonlama munosabatlarda muhim voqea bo‘ldi.
O‘zbekiston Ozarbayjon hududi orqali Yevropaga yuk tashishni taʼminlaydigan Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan ham manfaatdor.
Shu nuqtai nazardan, davlat rahbarining Ozarbayjon Prezidenti taklifiga binoan Boku shahriga amaliy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim va o‘z vaqtidagi qadam sifatida baholanmoqda.
Ayni paytda, O‘zbekiston Prezidentining Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi doirasidagi Yetakchilar sammitida ishtiroki ham g‘oyat ahamiyatlidir. Chunki shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini arzon va sifatli uy-joy bilan taʼminlash, iqlim barqarorligini mustahkamlash kabi masalalar Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari bilan to‘liq uyg‘un hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Dushanbedan munosabat: O‘zbekiston urbanizatsiya sohasini davlat taraqqiyotining muhim yo‘nalishi sifatida baholamoqda

Bokudan munosabat: WUF-13da O‘zbekistondagi urbanizatsiya islohotlari yaqqol namoyon bo‘ldi


