Logo

Belgiyadan munosabat: Markaziy Osiyo bilan tarixiy va madaniy aloqalarga ega Bolgariya bilan hamkorlikni mustahkamlash YEIga strategik darvozani ochadi

Iyun 12, 2025. 10:15 • 3 daq

64
Belgiyadan munosabat: Markaziy Osiyo bilan tarixiy va madaniy aloqalarga ega Bolgariya bilan hamkorlikni mustahkamlash YEIga strategik darvozani ochadi

BRYUSSEL, 11-iyun. /"Dunyo" AA/. Yevroparlament deputatining siyosiy maslahatchisi, Yevropa talaba demokratlari xalqaro kotibi Ivan Botucharov (Belgiya) "Dunyo" AA uchun intervyusida Bolgariya Prezidenti Rumen Radevning O'zbekistonga amalga oshirgan tashrif haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Bolgariya va O'zbekiston, kengroq ma'noda Yevropa Ittifoqi va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar dinamikasi o'sishda davom etmoqda. Shu haftada bo'lib o'tayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi, O'zbekiston-Bolgariya biznes-forumi, Bolgariya Prezidenti tashrifi chog'ida ikki tomonlama shartnomalar imzolangani kabi tadbirlar hamkorlik jadal rivojlanib borayotganidan dalolat bermoqda.

Borgan sari yaqinroq bo'lib borayotgan ushbu hamkorlik YEI va O'zbekiston o'rtasidagi umumiy munosabatlarni chuqurlashtirish uchun qimmatli namuna va katalizator bo'lib xizmat qiladi.

Markaziy Osiyo bilan tarixiy va madaniy aloqalarga hamda muhim geosiyosiy mavqega ega Yevropa Ittifoqiga a'zo davlat – Bolgariya bilan hamkorlikni mustahkamlash YEI sari strategik darvozani ochadi.

Shunday qilib, Bolgariya va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi YEI bilan kengaygan siyosiy, savdo-iqtisodiy, odamlar o'rtasidagi, fuqarolik va madaniy almashinuvlarga yo'l ochishi mumkin, bu esa har ikki tomon uchun ham manfaat keltiradi.

Yaqinda 2025-yil aprel oyida Samarqandda Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevrokomissiya Prezidenti Ursula fon der Lyayen va Markaziy Osiyoning beshta davlati rahbarlari, boshqa yuqori darajadagi rasmiylar ishtirokida bo'lib o'tgan "Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo" sammiti munosabatlarimiz tarixidagi muhim lahza bo'lib, bir qator yo'nalishlar bo'yicha hamkorlikni mustahkamlashga muhim turtki bo'lib xizmat qilishi mumkin.

Yosh aholisi, tabiiy resurslari va mintaqaviy aloqalari tobora ortib borayotgan mintaqangiz nafaqat iqtisodiy va savdo hamkorlik, balki ijtimoiy va madaniy almashinuv uchun ham katta imkoniyatlar yaratadi.

YEI allaqachon Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun asosiy savdo va sarmoyaviy hamkor hisoblanadi, biroq o'sish salohiyati katta. Savdoni osonlashtirish, muayyan bozorlarga kirishni yaxshilash va standartlarni uyg'unlashtirish iqtisodiyotlarimizni yana-da chuqurroq integratsiya qilish imkonini beradi.

Yevropa Ittifoqining "Global darvoza" tashabbusi bu yerda savdo yo'llarini kengaytiruvchi, logistikani yaxshilaydigan va to'siqlarni kamaytiradigan infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish orqali muhim rol o'ynashi mumkin. Shu bilan birga, uzoq muddatli barqarorlikni ta'minlash uchun Markaziy Osiyoda kichik hamda o'rta korxonalarni rivojlantirish va diversifikatsiya qilishni rag'batlantirish zarur.

Bog'liklik ham bizning hamkorligimizning asosi bo'lishi kerak. Transport va raqamli infratuzilmani takomillashtirish orqali biz yuqori sifatli transport yo'laklarining to'liq salohiyatini ochib, boshqa, unchalik barqaror bo'lmagan yo'nalishlarga bog'liqlikni kamaytirishimiz mumkin. Biz Yevropa va Osiyo o'rtasidagi xavfsiz, barqaror va ishonchli aloqadan manfaatdormiz.

"Yashil" o'tish ham hamkorlik uchun katta imkoniyatlarni taqdim etadi. Markaziy Osiyo suv tanqisligidan tortib iqlim o'zgarishi ta'sirigacha bo'lgan ekologik muammolarga duch kelmoqda, biroq u toza energiya, ayniqsa quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish uchun katta resurslarga ega. YES texnologiya transferi, salohiyatni oshirish va qayta tiklanadigan energiya infratuzilmasiga sarmoya kiritish orqali mintaqani qo'llab-quvvatlashi mumkin.

Bu sohalarning barchasi bir-biriga bog'langan. Strategik hamkorlik deganda biz bir-ikki yo'nalishni tanlamasdan, barcha sohalarda har tomonlama, muvozanatli va o'zaro manfaatli hamkorlikda ish olib borishimizni anglatadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish