Logo

Dehlidan munosabat: Zomin biznes-forumi O'zbekiston-Hindiston savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada mustahkamlash va kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi

Aprel 23, 2025. 09:34 • 2 daq

106
Dehlidan munosabat: Zomin biznes-forumi O'zbekiston-Hindiston savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada mustahkamlash va kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi

DEHLI, 23-aprel. /"Dunyo" AA/. Bugun Jizzax viloyatining Zomin tumanida boshlanayotgan xalqaro biznes-forumning hindistonlik ishtirokchisi, "Neo Institute of Medical Sciences and Technology Ltd." kompaniyasi boshqaruvchi direktori, doktor Divya Sunita Raj Burra "Dunyo" AA uchun intervyusida bo'lajak yirik tadbirning ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Hindistonlik tadbirkor sifatida Jizzax viloyatida bo'lib o'tadigan biznes-forumdagi ishtirokimiz mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonaman. O'zbekiston bilan Hindiston o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi bir milliard dollarga yetganini inobatga oladigan bo'lsak, forum mazkur ko'rsatkichni yanada oshirish uchun qulay maydoncha bo'lib xizmat qiladi.

Mamlakatlarimiz tadbirkorlarida energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, to'qimachilik, farmatsevtika, ta'lim va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun istiqbolli imkoniyatlar mavjud, deb hisoblayman.

O'zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay va jozibador shart-sharoit yaratilgan va bo'lajak biznes-forum doirasida hamkorlik uchun yangi loyihalar topishimga ishonaman.

O'zbekistonda muvaffaqiyatga erishgan yirik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar menga mahalliy bozor sharoitlarini yaxshiroq tushunishga va biznes strategiyalarimni moslashtirishga yordam beradi.

Forum o'zbekistonlik tadbirkorlar va hukumat amaldorlari bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni o'rnatish uchun qulay imkoniyat bo'lib, bu o'zaro manfaatli shartnomalar tuzishga olib kelishi mumkin.

Mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo-sotiq aloqalari izchil o'sib borayotganini inobatga olgan holda, forum Hindiston va O'zbekiston o'rtasidagi iqtisodiy rishtalarni mustahkamlaydigan yangi tashabbus va loyihalarning katalizatoriga aylanishiga ishonaman.

Umuman olganda, men ushbu forumni hamkorlikni chuqurlashtirish va O'zbekistonda hind biznesi uchun yangi ufqlarni ochish yo'lidagi muhim qadam deb bilaman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish