Logo

Ispaniyadan munosabat: O'zbekiston rahbari izchil va tizimli ravishda mintaqaviy muloqot uchun yangi arxitekturani bunyod etmoqda

Avgust 06, 2025. 07:14 • 2 daq

48
Ispaniyadan munosabat: O'zbekiston rahbari izchil va tizimli ravishda mintaqaviy muloqot uchun yangi arxitekturani bunyod etmoqda

MADRID, 6-avgust /"Dunyo" AA/. San Pablo universiteti professori, Markaziy Osiyo mintaqasi bo'yicha mutaxassis Antonio Alonso (Ispaniya) "Dunyo" AA uchun intervyusida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonning "Avaza" milliy turistik hududida bo'lib o'tgan BMTning Dengizga chiqish yo'li bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo'yicha uchinchi konferensiyasidagi ishtiroki haqidagi fikrlarini bayon qildi:

– Kasbiy faoliyatimning salmoqli qismini Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va davlatchilik jarayonlarini o'rganishga bag'ishlagan inson sifatida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev faoliyati meni chindan ham hayratga qoldiradi.

Birinchidan, uning mintaqa mamlakatlari o'rtasidagi yaxshi qo'shnichilik va strategik aloqalarni mustahkamlashdagi beqiyos rolini ta'kidlamaslik mumkin emas.

Men uning mintaqaviy muloqot uchun yangi arxitekturani izchil va tizimli ravishda qurayotganini katta qiziqish bilan kuzatyapman. Davlatingiz rahbarining Turkmanistonga tashrifi, xalq yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan bo'lgan mazmunli uchrashuvlari o'zbek diplomatiyasining yetukligi va siyosiy donoligini yaqqol namoyon etdi. Bu shunchaki protokol tadbirlari emas – bu ishonchni mustahkamlash va hamkorlik uchun yagona makonni shakllantirishga qaratilgan aniq qadamlardir.

Ikkinchidan, Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashabbuslarga asoslangan siyosiy yetakchilik namunasini ko'rsatmoqda.

"Shovot-Toshhovuz" chegara savdo zonasining yaratilishi, tovar ayirboshlash hajmining o'sishi, yangi hukumatlararo platformalarning ishga tushirilishi – bularning barchasi uning integratsiyaning iqtisodiy tomonlarini chuqur anglaganidan dalolat beradi. Iqtisodchi sifatida men ushbu tashabbuslar barqarorlik, o'zaro manfaat va rivojlanishga qaratilgan holda amalga oshirilayotganining aniqligini alohida qadrlayman.

Uchinchidan, tadqiqotchi sifatida men O'zbekiston yetakchisining mintaqaviy o'ziga xoslikka ega bo'lgan uzoqni ko'rgan yondashuvidan ilhomlanaman. Toshkentda bo'lib o'tadigan yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko'rish, iqlim va suv masalalari bo'yicha kun tartibini ishlab chiqish, "yashil" energiyaga urg'u berish nafaqat dolzarb mavzular, balki mintaqa kelajagi uchun strategik qadamdir. O'zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo manfaatlar mutanosibligi, hamjihatlik va suverenitetga hurmatga asoslangan xalqaro sheriklikning yangi formati uchun namuna bo'la olishini yaqqol ko'rsatib bermoqda.

Va nihoyat, Prezident Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning oliy ordenining topshirilishi bilan ifodalangan xalqaro e'tirofning yuksak darajasini ta'kidlab o'tmoqchiman.

Bu nafaqat shaxsan unga bo'lgan hurmat belgisi, balki O'zbekistonning mutanosib, ilg'or, bunyodkorlik siyosatini olib borayotgan davlat sifatidagi nufuzining tasdig'idir.

Ishonchim komilki, O'zbekiston o'z rahbari rahnamoligida Markaziy Osiyoning tinch, barqaror va o'zaro bog'langan kelajagini shakllantirishda muhim rol o'ynashda davom etadi. Olim va fuqaro sifatida buni zamonaviy rahbarlikning eng katta yutug'i deb bilaman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish