Logo

Ispaniyadan munosabat: "C5+1" sammiti Markaziy Osiyo davlatlarini umumiy maqsad sari birlashtirdi

Noyabr 08, 2025. 09:09 • 2 daq

42
Ispaniyadan munosabat: "C5+1" sammiti Markaziy Osiyo davlatlarini umumiy maqsad sari birlashtirdi

MADRID, 8-noyabr. /"Dunyo" AA/. Ispaniyaning nufuzli San Pablo universiteti professori, Markaziy Osiyo mintaqasi bo'yicha mutaxassis Antonio Alonso "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidentining Vashingtonga amaliy tashrifi va Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining "S5+1" formatdagi sammitidagi ishtiroki haqida fikr bildirdi:

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga tashrifi nafaqat O'zbekiston–AQSh munosabatlari, balki Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik tizimini rivojlantirishda muhim voqea bo'ldi. Unda Toshkentning o'zaro anglashuv, ochiqlikni mustahkamlash, global va mintaqaviy muammolarga birgalikda yechim topishga qaratilgan faol va izchil tashqi siyosati aks etgan.

O'zbekiston va AQSh tashabbusi bilan tashkil etilgan "C5+1" formati mintaqa mamlakatlarini umumiy maqsadlar – barqaror rivojlanish, iqtisodiy o'sish, xavfsizlik va ekologiyani mustahkamlash yo'lida birlashtiruvchi samarali muloqot vositasiga aylandi. Yildan yilga ushbu format tobora ko'proq institutsional yetuklikni namoyish etmoqda.

O'zbekistonning "C5+1" doirasidagi faol roli alohida e'tirofga loyiq. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu format tizimli tus oldi: virtual kotibiyat tashkil etildi, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar va ta'limni rivojlantirish bo'yicha qo'shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Toshkent tomonidan nafaqat g'oyalar, balki ularni amalga oshirishning aniq amaliy mexanizmlari ham taklif etilmoqda. Bu mas'uliyat, pragmatizm va uzoq muddatli natijalarga asoslangan yangi diplomatik madaniyatdan dalolat beradi.

O'zbekiston yetakchisining AQSHga amaliy tashrifi ikki davlat o'rtasida strategik sheriklik izchil rivojlanib borayotganining mantiqiy davomidir. So'nggi yillarda ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi mazmun kasb etib, siyosat va xavfsizlikdan tortib iqtisodiyot, fan, ta'lim va madaniyatgacha bo'lgan barcha muhim sohalarni qamrab oldi. AQSh O'zbekistonning islohotlar, demokratlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi muvaffaqiyatlarini e'tirof etadi. Vashington O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lishini qo'llab-quvvatlagani mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga bo'lgan ishonch va e'tirofning yorqin namunasidir.

Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish ham muhim ahamiyatga ega. Amerika kompaniyalarining investitsiya forumlaridagi faol ishtiroki, "B5+1" biznes-platformasining kengayishi, qo'shma loyihalar sonining ortishi – bularning barchasi O'zbekiston Amerika biznesi uchun ishonchli va jozibador hamkorga aylanib borayotganini tasdiqlaydi. Global beqarorlik sharoitida O'zbekiston o'zaro manfaatli hamkorlik uchun real imkoniyatlarni taklif etib, vazmin va oldindan aytish mumkin bo'lgan yondashuvni namoyish etmoqda.

"C5+1" sammiti va Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga tashrifi konstruktiv sheriklikning yangi bosqichi ramzidir. Ularning natijalari muloqotning siyosiy kanallarini mustahkamlashga, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirishga, gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Bularning barchasi dunyoga ochiqlik, o'zaro ishonchni mustahkamlash va umumiy manfaatlarni ilgari surishga qaratilgan "Yangi O'zbekiston" strategik yo'nalishiga to'liq mos keladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish