Logo

Qozog'istondan munosabat: Toshkent xalqaro investitsiya forumi – Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy taraqqiyotiga global ta'sir ko'rsatmoqda

Iyun 13, 2025. 07:15 • 3 daq

84
Qozog'istondan munosabat: Toshkent xalqaro investitsiya forumi – Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy taraqqiyotiga global ta'sir ko'rsatmoqda

OSTONA, 13-iyun. /"Dunyo" AA/. Maqsut Narikbayev universiteti professori Iqboljon Qoraboyev (Qozog'iston) "Dunyo" AA uchun intervyusida 10-12 iyun bo'lib o'tgan to'rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlarini quyidagicha izohladi:

– Bu hafta Markaziy Osiyo yana bir bor xalqaro investitsiyaviy hamjamiyatning diqqat markazida bo'ldi. 10-12-iyun kunlari Toshkentda har yili salmoqli va xalqaro rezonansga ega bo'lgan eng yirik mintaqaviy investitsiya platformasi – to'rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) bo'lib o'tdi.

Ushbu forumning miqyosi haqiqatan ham misli ko'rilmagan darajada bo'ldi. Fikrimni 8000 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, 100 ga yaqin mamlakatdan 3000 ga yaqin xorijiy delegat qatnashgani tasdiqlaydi. Bu yil tadbirda bir qancha davlat rahbarlari, jumladan, Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Qozog'iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Qirg'iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Adilbek Qosimaliyev, Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzoda, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o'rinbosari Nokerguli Ataguliyev ishtirok etdilar. Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Renad-Basso va Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Russef qatnashdi.

Bunday yuqori darajadagi vakillik O'zbekiston va butun Markaziy Osiyoning sarmoyaviy obro'-e'tibori qay darajada mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.

Forumda O'zbekiston birinchi milliy sanoat va investitsiya salohiyati ko'rgazmasi alohida o'rin tutdi. Unda 10 dan ortiq soha – neft-kimyo, mashinasozlik, qurilish sanoati, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa sohalardan 90 ta kompaniya vakillari o'z salohiyatlarini namoyish etdi. Ushbu platforma xalqaro investorlarga hamkorlikka tayyor bo'lgan real loyihalar portfeliga to'g'ridan-to'g'ri kirish imkonini beradi.

Forum tadbirlari fonida energetika, infratuzilma, qishloq xo'jaligi, tog'-kon sanoati va raqamli texnologiyalar sohalarida – aynan mintaqalar iqtisodiyoti tuzilmasini sifat jihatidan o'zgartirishni ta'minlaydigan sohalarda yuqori faollik namoyon bo'ldi.

Tadbirga nafaqat investorlar, balki yetakchi xalqaro ommaviy axborot vositalari ham alohida qiziqish bildirdi. 31 davlatdan 114 nafar jurnalist akkreditatsiyadan o'tgan. Ular orasida CNN, Euronews, The Guardian, ZDF, Al Jazeera, Diplomat Magazine, EU Reporter, Daily Times, Doha News bor.

Bir necha kun davomida TXIF boy dasturni taklif etdi. panel muhokamalari, loyihalar taqdimotlari, ikki tomonlama muzokaralar, O'zbekiston, mintaqa davlatlari va xalqaro ishtirokchilar o'rtasidagi sarmoyaviy sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan bitimlarning imzolashi shular jumlasidandir.

Men forum yakunlari bo'yicha uchta asosiy xulosani bildirmoqchiman. Birinchidan, TXIF Markaziy Osiyoning sanoat va iqtisodiy salohiyatini namoyish etuvchi yetakchi platformaga aylanmoqda. Mamlakat rahbarlari, yirik investorlar va xalqaro banklarning ishtiroki mintaqa imkoniyatlari namoyishi sifatidagi forumning strategik ahamiyatini ta'kidlaydi. Ikkinchidan, forum mintaqa davlatlarining global qiymat zanjirlarida yuqori bo'g'inlarga ko'tarilishiga yordam beradi. Energetika, raqamli iqtisodiyot, qayta ishlash va infratuzilmadagi loyihalarning xilma-xilligi an'anaviy xomashyo eksportidan murakkabroq ishlab chiqarish va innovatsion mahsulotlar yaratishga o'tishni yaqqol ko'rsatmoqda. Uchnchidan, TXIF Markaziy Osiyo davlatlarining jahon miqyosida ko'rinishi va subyektivligini kuchaytiradi.

Keng miqyosdagi xalqaro ishtirok, yetakchi jahon ommaviy axborot vositalari tomonidan faol yoritilishi va jahon moliya institutlarining ishtiroki mintaqa davlatlariga o'zlarini jahon iqtisodiy makonida jiddiy va mas'uliyatli hamkorlar sifatida e'lon qilish imkonini beradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish