Xitoydan munosabat: Rasmiy Toshkent va Boku ittifoqchilik munosabatlari doirasida aniq harakatlarga o'tmoqda
Iyul 04, 2025. 09:28 • 2 daq
• 81
PEKIN, 4-iyul. /"Dunyo" AA/. Xitoy Davlat kengashi huzuridagi Ijtimoiy rivojlanish tadqiqotlari markazi Yevroosiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti direktori o'rinbosari Syuy Tao "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2-4-iyul kunlari Ozarbayjonga buyurgan davlat tashrifi haqidagi fikrlarini bildirdi:

– O'zbekiston va Ozarbayjon Oliy davlatlararo kengashining ikkinchi majlisi yakunlari mamlakatlar o'rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining ta'sirchan dinamikasini namoyon etmoqda. Bunday keng ko'lamli hujjatlar to'plamining imzolanishi Toshkent va Boku ittifoqchilik munosabatlari doirasidagi deklaratsiyalardan aniq harakatlarga o'tayotganini tasdiqlaydi, bu esa Yevroosiyo integratsiyasi ruhi va Shanxay hamkorlik tashkiloti tamoyillariga to'liq mos keladi.
2025-2029-yillarga mo'ljallangan "Yo'l xaritasi" alohida e'tiborga loyiq. Chunki unda uzoq muddatli hamkorlikning tizimli vektori belgilangan. Bu shunchaki siyosiy signal emas, balki sanoat va qishloq xo'jaligidan tortib ekologiya va ta'limgacha bo'lgan asosiy sohalarni qamrab olgan aniq harakatlar rejasidir. Bunday yaxlit yondashuv Xitoyning keng qamrovli sheriklik modeliga mos keladi, biz uni "Bir makon, bir yo'l" tashabbusi doirasida ilgari suryapmiz.
2030-yilgacha tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard AQSH dollarga yetkazish dasturi va sanoat kooperatsiyasi iqtisodiy o'zaro bog'liqlikni mustahkamlaydi. Dengiz orqali tashish va "yashil" energiya sohasidagi kelishuvlar esa Kaspiy dengizi orqali tranzit uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Xitoy mintaqadagi eng yirik infratuzilma investori sifatida bunday loyihalarga katta qiziqish bildirmoqda, chunki ular bizning Markaziy Osiyo va Kavkazdagi logistika tashabbuslarimizni qo'llab-quvvatlaydi.
O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasida Tadbirkorlar kengashi hamda Sanoat-iqtisodiy zonalar forumining tashkil etilishi iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga innovatsion va pragmatik yondashuvni ifodalaydi. Ushbu mexanizmlar hukumatlararo kelishuvlarni shunchaki to'ldirmaydi – ular biznes hamjamiyatlari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqa kanallarini yaratadi.
O'zbekiston va Ozarbayjon qo'shni davlatlar geosiyosiy qarama-qarshiliklarsiz o'zaro manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yish mumkinligini ko'rsatmoqda. Bu Xitoyning birgalikdagi taraqqiyot va tinch-totuv yashash bo'yicha global tashabbusiga mos keladi. Ishonchim komilki, Pekin ko'p tomonlama platformalar, jumladan, SHHT va "Markaziy Osiyo – Xitoy" formati doirasida bunday formatlarni qo'llab-quvvatlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari