Shanxaydan munosabat: O'zbekiston ochiqlik va ko'p vektorli yondashuv yo'nalishini namoyish etmoqda
Avgust 27, 2025. 10:50 • 3 daq
• 49
SHANXAY, 27-avgust. /"Dunyo" AA/. Shanxay ijtimoiy fanlar Akademiyasining Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarini o'rganish markazi professori Pan Davey "Dunyo" AA uchun intervyusida Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning 25-26-avgust kunlari O'zbekistonga buyurgan davlat tashrifi yakunlarini izohladi:

– O'zbekiston tashqi siyosatida ochiqlik va ko'p yo'nalishlilik strategiyasini izchil amalga oshirmoqda. So'nggi yillarda Toshkent Yaqin Sharq davlatlari bilan samarali hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor qaratmoqda. O'zbekistonning Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti hamda boshqa xalqaro platformalardagi faol ishtiroki ikki tomonlama va ko'p tomonlama aloqalarni mustahkamlash uchun muhim vosita bo'lib xizmat qilayapti. Ushbu jarayonlar O'zbekiston va Iordaniya o'rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratayotir.
O'zbekiston va Iordaniya islomiy sivilizatsiyaning muhim markazlari sifatida xalqaro maydonda o'ziga xos o'rin egallaydi. Tarixan Toshkent islom ilm-fani, madaniyati va ta'limining yirik markazi bo'lib kelgan, buning yaqqol dalillari sifatida Abu Abdulloh Muhammad al-Buxoriy, Abu Abdulloh al-Xorazmiy, Ibn Sino kabi buyuk olimlarning nomlarini keltirish mumkin.
Amman esa o'z navbatida, muqaddas joylarning himoyachisi va dinlararo muloqot markazi sifatida tanilib, an'analar bilan zamonaviy texnologiyalar va iqtisodiy taraqqiyotning uyg'unligini ta'minlashda muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Ikkala davlat ham Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqalarida barqarorlik va rivojlanish jarayonlarini qo'llab-quvvatlashda muhim rol o'ynamoqda. Ularning siyosiy, madaniy va iqtisodiy hamkorligi mintaqaviy integratsiya va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O'zbekiston va Iordaniya o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik jadal sur'atlarda rivojlanmoqda. Iordaniya farmatsevtika va kimyo sanoati, to'qimachilik ishlab chiqarishi, shuningdek, o'g'itlar va qurilish materiallari ishlab chiqarish bo'yicha kuchli sanoat salohiyatiga ega. Mamlakat fosfat va kaliy zaxiralari bilan mashhur bo'lib, ularning eksporti iqtisodiyotda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xitoyda Iordaniya Podshohining O'zbekistonga birinchi rasmiy tashrifi tarixiy voqea sifatida qabul qilinib, ikki tomonlama hamkorlik yangi bosqichga ko'tarilgani yuksak baholanmoqda. Ikki davlat rahbarlari ishtirokida o'tkazilgan sanoat ko'rgazmasi, investitsiyalarni o'zaro rag'batlantirish va himoya qilish bo'yicha kelishuvlar, vizasiz rejimni joriy etish, turizm va qishloq xo'jaligi sohalarida hamkorlikni mustahkamlashga doir bitimlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va turist oqimini oshirish uchun katta imkoniyatlarni ochmoqda.
Qishloq xo'jaligi, to'qimachilik sanoati, energetika kabi sohalardagi hamkorlik alohida e'tiborga loyiq. Iordaniya kompaniyalari O'zbekistondagi infratuzilma loyihalarida ishtirok etishga faol qiziqish bildirmoqda, bu esa mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilishning yangi istiqbollarini ochmoqda.
Ta'kidlash joizki, har ikki davlatning "Bir makon, bir yo'l" tashabbusidagi faol ishtiroki nuqtai nazaridan yangi, global miqyosga ega bo'layotgan transport va logistika sohasi hamkorlikning muhim yo'nalishi bo'lishi mumkin. Iordaniya dengiz ipak yo'lining asosiy tugunidir, O'zbekiston esa Markaziy Osiyodagi quruqlik yo'laklarining markazi hisoblanadi. Bu yo'nalishdagi o'zaro hamkorlik Osiyo, Afrika va Yevropani bog'lovchi "Bir makon, bir yo'l" loyihasi falsafasiga to'liq mos keladigan integratsiyalashgan transkontinental logistika ko'prigini yaratish imkonini beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari