Logo

Madriddan munosabat: O'zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga tashrifi o'zaro hurmat, muloqot, taraqqiyot va tinchlik namunasidir

Iyul 05, 2025. 13:03 • 3 daq

70
Madriddan munosabat: O'zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga tashrifi o'zaro hurmat, muloqot, taraqqiyot va tinchlik namunasidir

MADRID, 5-iyul. /"Dunyo" AA/. YUNESKOning "Ipak yo'llari" xalqaro dasturi prezidenti, Xalq partiyasi deputatlari kongressining sobiq a'zosi Xose Marii Chikiyo (Ispaniya) "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2-4-iyul kunilari Ozarbayjonga buyurgan davlat tashrifi va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) sammitidagi ishtiroki haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Tashrif, shubhasiz, zamonaviy diplomatik amaliyotda yorqin voqea va strategik sheriklik munosabatlarini real mazmun bilan to'ldirishning namunasi bo'ldi.

Avvalo, ikki davlat rahbarlarining nafaqat siyosiy va iqtisodiy masalalarga, balki gumanitar-madaniy sohaga ham e'tibor qaratgani meni hayratda qoldirdi. Bu xalqlar o'rtasidagi ma'naviy yaqinlik, tarixiy aloqalar muhimligini chuqur anglaganidan dalolat beradi.

Boku shahridagi O'zbekiston elchixonasi yangi binosining tantanali ochilish marosimi tashrifning eng ramziy daqiqalaridan biri bo'ldi. Binoning o'zi milliy o'zlikni hurmat qilish timsoliga aylandi: zallar O'zbekiston viloyatlari nomi bilan ataldi va Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifi bilan do'stlik va hamjihatlik belgisi sifatida ulardan biriga Qorabog' nomi beriladi. Bu shunchaki diplomatik ishora emas – bu o'zaro ishonchni mustahkamlovchi, bir-birining tarixiy tuyg'ulari va an'analariga yuksak hurmat-ehtiromni namoyon etuvchi madaniy ko'prikdir. Elchixonada diplomatlar faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar O'zbekiston-Ozarbayjon hamkorligini barcha darajadagi mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Bokuning eng istiqbolli hududlaridan biri – "Oq shahar" mavzesida "O'zbekiston" bog'i qurilishining boshlanishi ham ahamiyatli bo'ldi. 4,5 gektar maydonni egallagan ushbu loyiha nafaqat dam olish maskani, balki madaniy almashinuv maydoniga ham aylanadi. Milliy o'zbek me'morchiligi elementlarini, me'moriy yodgorliklarni, yam-yashil xiyobonlarni qayta tiklash, shuningdek, mehmonxona, savdo va ko'ngilochar obyektlar yaratish rejalashtirilgan. Bu shunchaki bog' emas – bu ochiq osmon ostidagi madaniyat elchixonasi bo'lib, unda Ozarbayjon aholisi va mehmonlari O'zbekistonning boy tarixi, an'analari va estetikasi bilan tanishishlari mumkin. Davlat rahbarlarining poydevor qo'yishda shaxsan ishtirok etishi, ma'naviy-madaniy integratsiyaning yangi bosqichi boshlanganidan darak beruvchi kapsula qo'yish juda ramziy ma'noga ega.

Bundan tashqari, iqtisodiy sohada – tovar ayirboshlash va sarmoyalarni bir milliard dollarga yetkazish, hamkorlikning yangi formatlarini yo'lga qo'yish, "yashil" energetika va infratuzilmani rivojlantirish bo'yicha erishilgan kelishuvlar har ikki davlatning barqaror rivojlanishiga qaratilgan uzoqni ko'zlagan rejalarini namoyish etadi.

Transport aloqalari va O'rta yo'lakni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e'tibor strategik fikrlash va kengroq Yevroosiyo integratsiyasiga yo'naltirilganligi haqida gapiradi, bundan nafaqat Ozarbayjon va O'zbekiston, balki Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, jumladan, Ispaniya ham naf ko'radi.

Ilmiy-ma'rifiy nuqtai nazardan, rektorlar forumlari, parlamentlararo uchrashuvlar, yoshlar tadbirlari muvaffaqiyatli o'tayotgani ayniqsa quvonarlidir. Bu akademik hamkorlik, talabalar va olimlar almashinuvi, qo'shma tadqiqotlar uchun mustahkam platforma yaratadi.

Umuman olganda, O'zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga tashrifi diplomatiyani nafaqat rasmiy muzokaralar, balki insoniy va madaniy mazmun bilan ham to'ldirish mumkinligining ishonchli namunasi bo'ldi. Bu chuqur iz qoldiradigan va dunyoning boshqa mintaqalari uchun namuna bo'la oladigan tashrif – o'zaro hurmat, muloqot, taraqqiyot va tinchlik namunasidir.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish