Seuldan munosabat: O'zbekiston Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlarining muhim markazlaridan biriga aylandi
Avgust 06, 2025. 11:37 • 3 daq
• 139
SEUL, 6-avgust. /"Dunyo" AA/. Janubiy Koreyaning O'zbekistondagi sobiq elchisi, Sunmun universiteti professori Chve Yon Xa "Dunyo" AA uchun intervyusida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonning "Avaza" milliy sayyohlik hududida bo'lib o'tgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo'yicha uchinchi konferensiyasidagi ishtiroki haqidagi fikrlarini bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonda bo'lib o'tgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo'yicha uchinchi konferensiyasi hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish masalalariga bag'ishlangan maxsus tadbirdagi ishtiroki rasmiy Toshkentning tashqi siyosatdagi faol, tashabbuskor yo'nalishlarini yana bir bor namoyon etdi.
Tashrif doirasida ilgari surilgan tashabbuslarning barchasi qator muhim sohalar, xususan, transport, energetika, suv resurslari va iqlim o'zgarishi kabi yo'nalishlardagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan bo'lib, bu butun mintaqaviy taraqqiyot uchun strategik ahamiyatga ega.
Bugun O'zbekiston Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlarining muhim markazlaridan biriga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev o'z nutqida mintaqa yangi transport yo'nalishlarini shakllantirishda faol va tashabbuskor rol o'ynashga tayyor ekanini ta'kidladi.
Alohida e'tiborga molik tomoni shundaki, O'zbekiston yetakchisi faqat iqtisodiy masalalarni emas, balki global ishlab chiqarish zanjirlariga mintaqa mamlakatlarining chuqur integratsiyasini ta'minlash, sun'iy intellekt va raqamli texnologiyalarni jadal rivojlantirish, transchegaraviy investitsiyalarni kengaytirish va startaplarni qo'llab-quvvatlash kabi masalalarini ham uzoq muddatli strategik yo'nalish sifatida ko'rsatib o'tdi.
O'zbekiston rahbari umumiy bayonotlardan amaliy, aniq va o'lchanadigan mezonlarga o'tishni taklif qilmoqda. Bu esa xalqaro tashkilotlarning bunday mamlakatlarga yordam ko'rsatishdagi yondashuvini jiddiy ravishda qayta ko'rib chiqishiga turtki bo'lishi shubhasiz.
Transport sohasini raqamlashtirish va logistikada xususiy-davlat sherikligini rivojlantirish masalalari O'zbekiston Prezidenti nutqining eng muhim jihatlaridan biri bo'ldi, deyishim mumkin. Bu O'zbekiston muammolarni faqat qayd etish bilan cheklanib qolmasdan, ularni zamonaviy va aniq yechimlar orqali hal etishga intilayotganini yaqqol ko'rsatadi.
Shu bilan birga, tadbirlar doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning "Hamkorlikni rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun" ordenining topshirilgani O'zbekiston yetakchisining mintaqadagi yetakchilik rolini e'tirof etilgani hamda mamlakatning yaxshi qo'shnichilik, o'zaro ishonch va hamkorlik tamoyillariga asoslangan siyosatini yuqori baholangani, desam aslo mubolag'a bo'lmaydi.
Bunga Prezident Shavkat Mirziyoyevning nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, balki butun Markaziy Osiyoning yangicha, yagona va hamjihat mintaqaviy hamkorlik modelini shakllantirishdagi hissasini tan olinishi sifatida ham qarash mumkin.
Ta'kidlash joizki, O'zbekiston faqat mintaqaviy jarayonlarda ishtirok etish bilan cheklanib qolmayapti, balki ularni tizimli ravishda institutsionallashtirishga intilmoqda. Yoshlar va OAV forumlari, xavfsizlik, sanoat, energetika, suv va ekologiya sohalari bo'yicha vazirlar uchrashuvlari kabi qator mexanizmlarning joriy etilishi ushbu hamkorlikni doimiy va amaliy yo'nalishga aylantirmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Turkmanistonda bo'lib o'tgan tadbirlar O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mintaqada shaxsiy nufuzi va yetakchiligi yanada mustahkamlanayotganini yana bir karra namoyon qildi. Shuningdek, Markaziy Osiyo o'zining xavfsizlik, barqaror rivojlanish va xalqaro hamkorlik borasidagi qarashlarini mustaqil ravishda shakllantirayotgan yangi geosiyosiy markaz sifatida yuzaga chiqayotganini ham ko'rsatdi, deyish mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari