Logo

O'zbekiston va Qirg'iziston bilimdon yoshlari "Zakovat" intellektual o'yinida bellashdilar

May 16, 2025. 11:59 • 59 soniya

658
O'zbekiston va Qirg'iziston bilimdon yoshlari "Zakovat" intellektual o'yinida bellashdilar

O'Sh, 16-may. /"Dunyo" AA/. O'sh shahrida O'zbekiston va Qirg'iziston bilimdon yoshlari o'rtasida "Zakovat" intellektual o'yini o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Bilimlar bellashuvida O'zbekiston Bosh konsulxonasi vakillari, O'sh shahar Keneshi raisi Bolotbek Bayetov, "Imzo keydji" korxonasi rahbari Suhbatilla Mirayev, "Zakovat" klubi prezidenti Abdurasul Abdullayev boshchiligidagi mamlakatimiz bilimdonlari, Qirg'izistonning "Bilermen ordo" klubi a'zolari hamda vatandosh talabalar ishtirok etdi

Ilm-fan sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, o'zbek-qirg'iz xalqlarining tarixiy do'stligi va yaqin qo'shnichilik munosabatlarini yana-da mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan ikki kunlik intellektual o'yinlarda O'zbekiston va Qirg'iziston bilimdonlaridan tashkil topgan terma jamoalar "Zakovat" hamda "Breyn-ring" o'yinlarida o'zaro bellashdilar.

Intellektual o'yinlar ishtirokchilari mantiqiy fikrlash, jamoaviy ishlash va masalalarni hal qilishda kreativ yondashuv ko'nikmalarini namoyish etdilar.

Yuqori ishtiyoq va qizg'in muhokamalarga boy hamda do'stona ruhda o'tgan o'yinlarda ikki mamlakat bilimdonlari munosib ishtirok etishdi.

Jamoalar o'rtasida teng imkoniyat yaratish maqsadida savollar navbati bilan o'zbek va qirg'iz tillarida o'qib berildi. Musobaqalar yakunlariga ko'ra, O'zbekiston bilimdonlari jamoasi g'oliblikni qo'lga kiritdi.

Turnir yakunida g'oliblar va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.

Qirg'izistonlik bilimdonlarga "Zakovat" klubi tomonidan tayyorlangan savollar to'plamidan iborat kitoblar jamlanmasi topshirildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish