9-fevral – Alisher Navoiy tavallud topgan kun
Fevral 09, 2024. 07:26 • 2 daq
• 849
SHANXAY, 9-fevral /"Dunyo" AA Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi arafasida g'azal mulki sultonining Shanxay shahridagi haykali poyiga gul qo'yish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda mamlakatimizning Shanxay shahridagi Bosh konsulligi xodimlari, mazkur shaharda ta’lim olayotgan vatandoshlar qatnashdi.
Alisher Navoiy haykali Xitoyning eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biri Shanxay universiteti hududida 2017-yilda qad rostlagan. Ushbu yodgorlik bugungi kunda nafaqat mazkur oliygoh talabalari uchun balki, xorijlik mehmonlar, shu jumladan, Shanxay shahriga tashrif buyurgan har bir vatandoshimiz uchun sevimli manzilga aylangan. Xususan, bundan bir necha kun avval Toshkent va Shanxay shaharlari o'rtasida hamkorlik aloqalari o'rnatilganining 30 yilligini nishonlashga bag'ishlangan tantanali tadbirlar doirasida ushbu shaharga kelgan bir qator madaniyat, san’at arboblari ushbu universitetga tashrif buyurib, Alisher Navoiy xotirasiga ehtirom ko'rsatdilar.
Shanxay universiteti magistratura bosqichi talabasi Muhammad Primov:
— Har yili 9-fevral sanasi buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy tavallud kuni sifatida keng nishonlanadi. Bugun biz Shanxay universiteti hududida joylashgan Navoiy haykali poyiga gul qo'yish va uning xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun keldik. Navoiy g'azal mulkining sultoni va o'zbek tilining asoschisi sifati butun dunyoda tan olinadi va e’zozlanadi.
Ushbu buyuk siymo xotirasiga bag'ishlangan haykalning aynan biz tahsil olayotgan oliy bilim yurtida joylashgani men kabi barcha o'zbekistonliklarga faxr tuyg'usini bag'ishlaydi.
Shanxay universitetining 1-kurs talabasi Valeriya Pak:
— Alisher Navoiy ko'plab devonlar, ilmiy asarlar va risolalar yaratish orqali jahon adabiyoti va madaniyati uchun mislsiz meros qoldirgan. Shuningdek, uning ulkan ilmiy-adabiy merosi hozirgi kunga qadar xalqlar o'rtasida do'stlik aloqalarini mustahkamlashga hissa qo'shib kelmoqda.
Shanxay universiteti hududida qad rostlab turgan ushbu mahobatli san’at asarini buyuk ajdodimizning insoniyat taraqqiyoti, jahon madaniyati va xalqlar do'stligini mustahkamlashga qo'shgan ulkan tarixiy hissasining ramziy ifodasi, deb bilaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi