O‘zbek va turk olimlari Navoiy ijodini tahlil qildi
Aprel 07, 2026. 09:00 • 2 daq
• 189
ANQARA, 7-aprel. /“Dunyo” AA/. Turkiya poytaxtida Anqara Ijtimoiy fanlar universiteti, O‘zbekiston Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi hamkorligida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi.
“Alisher Navoiyning merosi” mavzusi o‘tkazilgan anjumanning ochilish marosimida Turkiya Buyuk millat majlisining O‘zbekiston bilan parlamentlararo do‘stlik guruhi hamraisi Osman Mesten, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi direktori o‘rinbosari Feruza To‘raxo‘jayeva hamda universitet prorektori, professor Munira Kavsar Bosh ishtirok etdi.
Anjuman doirasida o‘tkazilgan ilmiy-maʼrifiy sessiyada O‘zbekiston va Turkiyaning yetakchi olimlari – Abdurahmon Go‘zal, Kemal Yavuz Ataman, Narzulla Jo‘rayev va Abduhalil Mavrulov mavzu yuzasidan so‘z yuritdi. Maʼruzalarda Alisher Navoiyning turkiy dunyo madaniyatiga qo‘shgan ulkan hissasi tarixiy va falsafiy jihatdan tahlil qilindi.
Ishtirokchilar Navoiy merosining bugungi kundagi ahamiyatiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Taʼkidlanishicha, O‘zbekistonda shakllanayotgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasida ulug‘ ajdodlar, jumladan, Navoiyning maʼnaviy merosi muhim o‘rin tutadi.
Anjuman yakunida ishtirokchilar Anqara shahridagi Alisher Navoiy haykalini ziyorat qilib, uning poyiga gul qo‘ydi.
Ushbu tadbir o‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi adabiy va madaniy aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi