Logo

Toshkent-Bryussel: Yevropa Ittifoqi bilan strategik hamkorlikning yangi bosqichi

Oktabr 24, 2025. 07:12 • 5 daq

433
Toshkent-Bryussel: Yevropa Ittifoqi bilan strategik hamkorlikning yangi bosqichi

TOSHKЕNT, 24-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan Bryusselga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Belgiya va Yevropa Ittifoqi poytaxti – Bryussel umumevropa siyosati va iqtisodiy kun tartibini shakllantirishda muhim rol o'ynaydi. Bryussel nafaqat Yevropaning siyosiy markazi, balki yetakchi xalqaro tashkilotlar, diplomatik missiyalar va moliyaviy institutlar manfaatlari kesishadigan nuqtadir. Aynan shu yerda YEI rivojlanishining asosiy yo'nalishlari va tashqi hamkorlar bilan aloqalarini belgilovchi qarorlar qabul qilinadi.

Boshlagan tashrif O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar va hamkorlik tarixida hal qiluvchi bosqich bo'ladi, deb aytish mumkin. Tashrif doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar va tashqi siyosiy faoliyatni aks ettiruvchi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarishga qaratilgan O'zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi yangi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim imzolanishi rejalashtirilgan. Yevropa hamjamiyatlari bilan aloqalar 1992 yil 15-aprelda O'zbekiston hukumati va Yevropa Ittifoqi komissiyasi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolanishi bilan boshlandi. Diplomatik munosabatlar 1994 yil 16 noyabrda o'rnatildi, 1995 yilda esa Bryusselda O'zbekiston elchixonasi ochildi, u ham Yevropa Ittifoqidagi vakolatxona vazifasini bajaradi. 2011 yildan buyon Toshkentda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi faoliyat yuritmoqda.

O'shandan beri Yevropa Kengashi prezidentining O'zbekistonga uchta tashrifi – 2019, 2022 va 2025 yillarda, shuningdek, Yevropa Komissiyasi prezidentining 2025 yilda tashrifi amalga oshirildi.

O'zbekiston "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" formati doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. 2023 yilning 2 iyun kuni Cho'lponota shahrida O'zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlarining uchrashuvi doirasida Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan uchrashdi. O'zbekiston Prezidenti 2023 yil 18 sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi ishtiroki doirasida ham Yevropa Kengashi prezidenti bilan uchrashdi. O'zbekiston Prezidentining Yevropa Kengashi prezidenti bilan BMTning iqlim bo'yicha sammitlaridagi ishtiroki doirasida 2023 yil 1 dekabrda Dubayda va 2024 yil 12-noyabrda Bokuda navbatdagi uchrashuvlari bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2025 yil 4-aprel kuni Samarqand shahrida Yevropa kengashi va Yevropa komissiyasi Prezidentlari Antoniu Koshta va Ursula fon der Lyayen, shuningdek, Markaziy Osiyo davlat rahbarlari ishtirokida "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi"ning birinchi sammiti bo'lib o'tdi. 2025 yil 4 aprelda Samarqand iqlim forumining ochilishida Yevropa Ittifoqi yetakchilari ham ishtirok etdi. "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti yakunlari bo'yicha munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko'tarishni e’lon qiluvchi Qo'shma deklaratsiya hamda muhim xom ashyo sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish niyatlari to'g'risidagi deklaratsiya qabul qilindi.

O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi munosabatlarda erishilgan asosiy yutuqlardan yana biri mamlakatimizning umumiy imtiyozlar tizimi – GSR+ doirasida benefitsiar maqomiga ega bo'lishi bo'ldi. Bu tizim O'zbekiston mahsulotlarini Yevropa bozoriga imtiyozli shartlarda eksport qilishga yo'l ochdi. Ushbu maqom nafaqat O'zbekistonning Yevropaga eksporti o'sishini rag'batlantirdi, balki mamlakatning inson huquqlari, mehnat standartlari, atrof-muhit muhofaza qilish va samarali boshqaruv sohalaridagi yutuqlarini e’tirof etilishiga xizmat qildi.

Iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar bo'yicha O'zbekiston-Yevropa Ittifoqi quyi qo'mitasi savdo-iqtisodiy masalalarda o'zaro hamkorlikning muhim mexanizmi hisoblanadi.

2024 yilda O'zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 6,4 milliard dollarni tashkil etdi. 2025 yilning yanvaridan avgustigacha bu ko'rsatkich 4,5 milliard dollardan oshdi, Yevropa kompaniyalari bilan amalga oshirilgan loyihalar portfeli esa 30 milliard yevroga yetdi. O'zbekistonning strategik hamkorlari qatoriga "Siemens", "Linde Group", "CLAAS", "Airbus", "Basf", "Alstom", "Total", "Orano", "OTP Group" va boshqalar kiradi. O'zbekistonda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari sarmoyasi ishtirokidagi 1069 ta korxona, shu jumladan, 304 ta korxona 100 foiz Yevropa kapitali bilan faoliyat yuritmoqda.

YEI O'zbekistonning mintaqada demokratik o'zgarishlar, bozor islohotlari va yaxshi qo'shnichilik munosabatlari yo'lidagi tashabbuslarini izchil qo'llab-quvvatlaydi. Bryussel Markaziy Osiyoda energetika va transport infratuzilmasi, suv resurslari, raqamlashtirish va ta’limni rivojlantirish loyihalarida faol ishtirok etib, O'zbekistonni mintaqadagi asosiy hamkor sifatida ko'radi.

Yevropa Ittifoqi bilan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. O'zbekiston Yevropa Ittifoqining 2021 2027 yillarga mo'ljallangan "Erazmus+" ta’lim dasturi va 2021-2027 yillarga mo'ljallangan "Horizon Europe" ilmiy-tadqiqot dasturining faol ishtirokchisi hisoblanadi. 

Yangi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitimning imzolanishi O'zbekistonning Yevropa bilan o'zaro tushunish, ochiqlik va ishonchni mustahkamlashga qaratilgan izchil tashqi siyosatining mantiqiy davomi bo'ladi. Hujjat savdo va sarmoyadan tortib, fan, texnologiya, madaniyat va atrof-muhitni muhofaza qilishgacha bo'lgan keng ko'lamli sohalarni qamrab oladi.

Ushbu kelishuv nafaqat iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, balki siyosiy muloqotni kengaytirish, barqaror rivojlanishni ta’minlash, global muammolarga birgalikda javob berish vositasi bo'lib xizmat qiladi. Bu O'zbekistonning pragmatik va tinchlikparvar siyosat olib boruvchi ishonchli sherik sifatida tan olinishi ramzidir.

Tashrif doirasida davlatimiz rahbari Belgiya Qiroli Filipp bilan uchrashadi. Belgiya O'zbekistonning Yevropadagi asosiy hamkori hisoblanadi.

O'zbekiston va Belgiya o'rtasidagi munosabatlar o'zaro hurmat va ishonch asosida rivojlanib bormoqda. Keyingi yillarda siyosiy muloqot faollashdi, iqtisodiy aloqalar kuchaydi, gumanitar hamkorlik kengaydi. Mamlakatlar savdo, investitsiya, innovatsiyalar, "yashil" energiya, logistika, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda konstruktiv hamkorlikni davom ettirmoqda.

Belgiya tomoni O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida iqtisodiyotni liberallashtirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, hukumat ochiqligini oshirishga qaratilgan islohotlar samaralarini ijobiy baholaydi. Bryussel rasmiy Toshkentning jamiyatning barcha jabhalarini modernizatsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlarini olqishlab, bu islohotlar barqaror rivojlanish va O'zbekistonga xalqaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. 

Shu ma’noda, O'zbekiston Prezidentining Bryusselga boshlangan rasmiy tashrifi va Yevropa Ittifoqi bilan keng qamrovli yangi Bitimning imzolanishi o'zbek diplomatiyasi tarixida muhim voqea bo'ladi. Bu qadam O'zbekistonning Yevropadagi mavqeini mustahkamlabgina qolmay, hamkorlikni yanada rivojlantirish, sarmoyalarni jalb etish, yangi texnologiya va g'oyalar almashish uchun kuchli turtki bo'lib xizmat qiladi. Belgiya va Yevropa poytaxti hamda xalqaro diplomatiya markazi bo'lgan Bryussel Yevropaning O'zbekistonga ishonchi ortib borayotgani, uning Yevroosiyoda barqarorlik, barqaror rivojlanish va o'zaro hamjihatlikni ta’minlashdagi muhim roli e’tirof etilgan maydonga aylanadi.

O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish