Polsha OAV: O‘zbekiston Osiyodagi hamkorlari bilan tranzit yo‘lagi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda

Iyun 13, 2026. 19:00 • 2 daq

2
Polsha OAV: O‘zbekiston Osiyodagi hamkorlari bilan tranzit yo‘lagi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda

VARSHAVA, 13-iyun. /“Dunyo” AA/. Polshaning ommabop “Kierunek Kaukaz” elektron portalida “O‘zbekiston Osiyodagi hamkorlari bilan tranzit yo‘lagi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda” sarlavhali tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston Markaziy Osiyo davlatlarini Arab dengizi portlari bilan bog‘laydigan yangi tranzit yo‘lagini tashkil etish bo‘yicha konseptual kelishuvga erishganlar.

Polsha nashri O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyevning so‘zlaridan iqtibos keltirgan holda, hozirgi kunda mazkur strategik loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha faol ishlar olib borilayotgani va yo‘lakning zarur o‘lchov ishlari boshlab yuborilganini ma’lum qilgan.

Maqolada ta’kidlanishicha, dengizga chiqish imkoniyatini beruvchi boshqa muqobil savdo yo‘nalishi — Eronning Bandar-Abbos port yo‘lagi hozirgi vaqtda Yaqin Sharqdagi beqaror va oldindan aytib bo‘lmaydigan vaziyat tufayli ko‘rib chiqilayotgani yo‘q. Mintaqada saqlanib qolayotgan siyosiy keskinlik o‘rta muddatli istiqbolda Tehron orqali o‘tadigan har qanday savdo yo‘nalishlari uchun noaniqliklarni keltirib chiqaradi.

“Ayni shu sababli bizning asosiy maqsadimiz — Afg‘oniston orqali Pokistonga o‘tish hamda Karachi va Gvadar portlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritishdir, — deya tushuntiradi Jasurbek Choriyev. — Bu o‘zbek tomoni yaratishga intilayotgan mutlaqo yangi yo‘nalish hisoblanadi. Yangi transport yo‘laklari o‘z vaqtida va kechikishlarsiz barpo etilishi uchun Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari va hamkorlari bilan sa’y-harakatlarimizni birlashtirishimiz zarur”.

Shu bilan birga, polyak nashri uch tomonlama tranzit yo‘lagini barpo etishda bir qancha moliyaviy va geografik qiyinchiliklar mavjudligiga ham e’tibor qaratgan. Xususan, Afg‘onistonning tog‘li hududlari orqali yo‘l solish va loyihani moliyalashtirishni kafolatlash muhim vazifalardandir.

Maqola yakunida Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda kuzatiladigan davriy keskinliklarga qaramay, ushbu savdo yo‘lagining hayotga tatbiq etilishi butun mintaqaning iqtisodiy bog‘liqligini ta’minlash va tranzit salohiyatini oshirishda tarixiy ahamiyatga ega ekanligi alohida baholangan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish