O‘zbekistonlik talaba SHHT tanlovida g‘olib bo‘ldi
Iyun 13, 2026. 17:30 • 2 daq
• 8
PEKIN, 13-iyun. /“Dunyo” AA/. Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Kotibiyati 1-apreldan 20-maygacha tashkilotga a’zo davlatlar oliy o‘quv yurtlari talabalari, magistrantlari va aspirantlari o‘rtasida eng yaxshi ilmiy maqola uchun tanlov o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir SHHTning yubileyiga bag‘ishlandi va tashkilotni rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini rag‘batlantirishga qaratildi.
Tanlov “SHHTning 25-yilligi: barqaror kelajak yo‘lidagi sheriklik” mavzusida o‘tkazildi. Ishtirok etish uchun jami 600 dan ortiq ilmiy ishlar xitoy, rus va ingliz tillarida taqdim etildi. Tashkiliy qo‘mita qaroriga ko‘ra, birinchi o‘rin “SHHTga a’zo har bir davlatdan bittadan g‘olib” tamoyili asosida topshirildi.
O‘zbekistondan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 3-bosqich talabasi Nilufar Muratbayeva g‘olib bo‘ldi. Uning ilmiy ishi “Mintaqaviy hamkorlikdan barqaror o‘zgarishlarga: Markaziy Osiyoda institutsional va raqamli moslashuvni qo‘llab-quvvatlashda SHHTning roli” mavzusiga bag‘ishlandi.
Tanlov g‘oliblari SHHT Bosh kotibining diplomlari va tashkilotning 25-yilligiga bag‘ishlangan yubiley medalonlari bilan taqdirlanadi. Mukofotlar Xitoy Tashqi ishlar vazirligi va SHHTga a’zo davlatlarning Pekindagi elchixonalari orqali topshiriladi.
Tashkilotchilar yoshlarning tanlovga qiziqishi yuqori ekanini ta’kidladi. Unda SHHTga a’zo davlatlar fuqarolaridan tashqari, Ozarbayjon, Armaniston, Afg‘oniston, Bangladesh, Yaman, Moldova, Mo‘g‘uliston va Turkmanistondan yosh tadqiqotchilar ham ishtirok etdi. Eng yaxshi ilmiy ishlar SHHT Kotibiyati tomonidan qo‘shimcha rag‘batlantirish bilan taqdirlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi