O'zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari Xorazm viloyatiga investitsiyalar va sayyohlarni jalb etish imkoniyatlarini o'rgandi
May 06, 2025. 15:19 • 2 daq
• 115
XIVA, 6-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To'xtayev, Afg'onistondagi elchisi Oybek Usmanov, Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov, Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichev va Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanov kecha xizmat safari bilan Xorazm viloyatida bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif Xorazm viloyati tumanlarining savdo va sanoat imkoniyatlari, eksport va investitsion salohiyatidan unumli foydalangan holda Pokiston, Afg'oniston, Misr, Ozarbayjon va Ukraina bilan iqtisodiy diplomatiya yo'nalishidagi munosabatlarni yangi pog'onaga olib chiqish, yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o'rganish maqsadida uyushtirildi.
Xorazm viloyati hokimi Jo'rabek Rahimov bilan uchrashuvda xorijiy mamlakatlarning savdo-iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqqan holda o'zaro hamkorlikni kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xorazmda ishlab chiqarilgan qishloq xo'jaligi va sanoat mahsulotlarini hamkor davlatlarning istiqbolli bozorlariga eksportini oshirish, viloyat mutasaddilari va tadbirkorlaridan iborat delegatsiyalarning tashriflarini tashkil etishga e'tibor qaratildi.
Hududning iqtisodiy imkoniyatlari va investitsiyaviy jozibadorligi xususida taqdimotlar va xorijlik ishbilarmon doiralar bilan maqsadli natijaga yo'naltirilgan muzokaralar tashkil etish, madaniy hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, may oyida Qohirada o'tkazilishi rejalashtirilgan "Sayfiddin Qutuz so'ngi zarba" kitobining taqdimotida viloyat delegatsiyasining ishtirok etishi masalalarida kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, viloyat hokimi bilan tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash va biznes yuritishni yengillashtirishga qaratilgan ilg'or yechimlarni hududga joriy etish borasida ham fikr almashildi.
Shundan so'ng, elchilarning viloyatda iqtisodiyotning turli sektorlarida faoliyat ko'rsatuvchi tadbirkor bilan ochiq muloqoti tashkil etildi. Unda eksport, investitsiya, qo'shma loyihalar va tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Tadbirkorlarning takliflari o'rganildi.
Shuningdek, korxonalar faoliyatiga xorijiy investorlar va ilg'or texnologiyalarni jalb qilish, yangi eksport bozorlarini topish, xorijda viloyatdagi issiqxona loyihalari taqdimotlarini o'tkazish, chet ellik yoshlarni viloyatdagi xususiy oliy ta'lim muassasalariga jalb etish, to'qimachilik yo'nalishida qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko'rib chiqildi.
O'zbekiston diplomatik missiyalari rahbarlari, shuningdek, "SAG" MCHJning "Xiva gilam kombinati", "Geotex Productions", "Rebar Uzbekistan", "Khorezm Insulation Group" va "Thermo Plus" zavodlari faoliyati bilan tanishdilar. Kompaniyalar mutasaddilari bilan kechgan uchrashuvlarda ularning mahsulotlarini xorijiy bozorlarda ilgari surish, istiqbolli qo'shma loyihalar uchun hamkorlar topishga ko'maklashish masalalari muhokama qilindi.
Elchilarning navbatdagi manzili "Arda Xiva" turistik majmuasi bo'ldi. Majmuada sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar va infratuzilma obyektlari bilan tanishildi. Viloyatga, jumladan, ushbu majmuaga xorijiy sayyohlar oqimini oshirish, yangi loyihalarga chet ellik investorlarni jalb etish bo'yicha muvofiqlashtirilgan vazifalar kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi