Logo

O'zbekistonning Pokiston, Afg'oniston va Misrdagi elchilari Sirdaryo viloyati bilan hududlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini o'rgandi

May 02, 2025. 12:03 • 2 daq

87
O'zbekistonning Pokiston, Afg'oniston va Misrdagi elchilari Sirdaryo viloyati bilan hududlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini o'rgandi

GULISTON, 2-may. "Dunyo" AA/. O'zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To'xtayev, Afg'onistondagi elchisi Oybek Usmonov va Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichev xizmat safari bilan Sirdaryo viloyatida bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif davomida hududning eksport va investitsiyaviy salohiyatini to'liq ishga solish, xorijiy sheriklar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va yangi qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini o'rganildi.

Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o'rinbosari Faxriddin Qo'shoqov hamda viloyat rahbariyati bilan uchrashuv o'tkazildi. Unda sanoat, to'qimachilik, qurilish, farmatsevtika sohalarida Pokiston, Afg'oniston va Misr bilan iqtisodiy diplomatiya yo'nalishidagi aloqalarni jadallashtirish, ushbu mamlakatlardan investorlar jalb qilgan holda qo'shma sanoat loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Viloyat mutasaddilari hududda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, infratuzilmani yana-da yaxshilash bo'yicha olib borilayotgan ishlar, erkin iqtisodiy zonalardagi imkoniyatlar to'g'risida batafsil ma'lumot berdi.

Sirdaryo viloyati tadbirkorlari delegatsiyalarining Afg'oniston, Pokiston va Misrga biznes-missiyalarini uyushtirish, ushbu mamlakatlardagi savdo uylarida Sirdaryo mahsulotlari ko'rgazmalarini tashkil etish, viloyatda o'tkaziladigan ko'rgazma va biznes-forumlarga xorijiy ishbilarmonlarni taklif etish to'g'risida kelishib olindi.

 Diplomatlar, shuningdek, Pokistonning "Getz Pharma" kompaniyasi tomonidan "Sirdaryofarm" erkin iqtisodiy sanoat zonasida tashkil etilgan "Novugen Pharma" farmatsevtika zavodiga tashrif buyurdilar. Korxona faoliyati va ishlab chiqarayotgan mahsulotlar bilan tanishildi.

"Getz Pharma" rahbari Xalid Mahmud bilan onlayn tarzda muzokara o'tkazildi. Unda yangi turdagi mahsulot hisobiga ishlab chiqarish hamda eksport hajmlarini oshirish, zavod faoliyatiga zamonaviy biotexnologik liniyalarni joriy etish, yangi ish o'rni yaratish masalalarida kelishuvlarga erishildi.

"Novugen Pharma" zavod rahbari Javid Xan bilan kompaniyaning Pokiston va O'zbekistondagi ishlab chiqarish quvvatlari bazasida o'zbek mutaxassislari va talabalari uchun grant asosida amaliyot hamda malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo'yicha loyihani amalga oshirish yuzasidan ahdlashib olindi.

O'zbekiston elchilarini, shuningdek, Boyovut va Yangiyer tumanlarida ham bo'lib, ushbu hududlardagi sanoat obyektlari va erkin iqtisodiy zonalar salohiyatini o'rgandi. Ushbu tumanlarda yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini Afg'oniston, Pokiston va Misrga eksport qilish imkoniyatlari bo'yicha fikr almashildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish