Logo

O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Goa shtati bosh vaziri bilan hududlararo hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

Dekabr 06, 2025. 10:38 • 2 daq

434
O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Goa shtati bosh vaziri bilan hududlararo hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

PANAJI, 6-dekabr. / “Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha saʼy-harakatlar doirasida mamlakatimizning Dehlidagi elchisi Sardor Rustamboyev Goa shtati bosh vaziri Pramod Savant bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida diplomatik missiya rahbari O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, jadal rivojlanayotgan xalqaro aloqalar hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay va jozibador shart-sharoitlar haqida batafsil so‘zlab berdi. Mamlakatimiz barqaror iqtisodiy va ijtimoiy o‘sishga erishayotgani, shuningdek, aholi farovonligi muntazam ortayotgani alohida qayd etildi.

Tomonlar ikki davlat o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan keng qamrovli munosabatlarni va ularni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Muzokaralarning diqqat markazida ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish, investitsiyalarni rag‘batlantirish, O‘zbekiston hududlari va Goa shtati o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash masalalari turdi.

Pramod Savant Goa shtatining iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini turizm, farmatsevtika, muqobil energetika, “yashil” iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalar va boshqa sohalar tashkil etishi mumkinligini urg‘uladi.

Bosh vazir Goada joylashgan qator farmatsevtika kompaniyalari O‘zbekiston bilan sheriklik qilishga katta qiziqish bildirayotganini alohida taʼkidladi.

Tomonlar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi tomonidan joriy yil 3 dekabr kunidan boshlab Toshkent – Goa – Toshkent yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar taqdim etayotgan yangi imkoniyatlarga eʼtibor qaratdi. Mazkur qadam o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishda muhim omil sifatida eʼtirof etildi.

Goa shtati rahbariyati O‘zbekiston bilan keng qamrovli iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga va faollashtirishga tayyorligini bildirdi.

Ushbu uchrashuv O‘zbekiston–Hindiston strategik sherikligini amaliy va pragmatik loyihalar bilan boyitishga bo‘lgan o‘zaro manfaatdorlikni tasdiqladi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish