Logo

2025-yilda O‘zbekiston Pokistonga 21,5 million dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilgan

Aprel 02, 2026. 08:10 • 3 daq

87
2025-yilda O‘zbekiston Pokistonga 21,5 million dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilgan

ISLOMOBOD, 2-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi raisi o‘rinbosari Ruxillo Zikrillayev hamda Pokistonning “Magna Processing” kompaniyasi rahbari Said Ulla bilan onlayn muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston to‘qimachilik sohasiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, mamlakatdagi past rentabelli to‘qimachilik korxonalarini xorijiy sarmoyadorlarga ishonchli boshqaruvga berish imkoniyatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Elchi Alisher To‘xtayev Pokiston tomonini O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida, jumladan, paxta-to‘qimachilik klasterlari tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, sohadagi tizimli o‘zgarishlar hamda davlat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyoz va rag‘batlantirish choralari bilan yaqindan tanishtirdi.

Uchrashuv davomida xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, paxta tolasini chuqur qayta ishlash bo‘yicha mavjud sanoat salohiyati, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari hamda O‘zbekistonning ichki va tashqi bozorlari ehtiyojlari haqida maʼlumot taqdim etildi.

Taʼkidlanganidek, to‘qimachilik va yengil sanoat sohalarida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun katta va hali to‘liq ishga solinmagan salohiyat mavjud. Xususan, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondan Pokistonga eksport qilingan to‘qimachilik mahsulotlari hajmi 21,5 million AQSH dollarini tashkil etgan.

Muzokaralarda xalqaro brendlar uchun raqobatbardosh tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini qo‘shma asosda ishlab chiqarish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston tomoni mavjud to‘qimachilik korxonalarini pokistonlik hamkorlarga ishonchli boshqaruvga berishga tayyor ekanini bildirdi hamda ushbu korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari, moliyaviy holati va modernizatsiya ehtiyojlari bo‘yicha batafsil maʼlumotlar taqdim etdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksporti bo‘yicha jahonda yuqori o‘rinlarni egallayotgani, eksport nomenklaturasi ip-kalavadan tortib tayyor kiyim-kechakkacha bo‘lgan to‘liq qiymat zanjirini qamrab olishi alohida taʼkidlandi.

Said Ulla O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalarini ishonchli boshqaruvga olish masalasiga katta qiziqish bildirib, bu borada amaliy qadamlar tashlashga tayyor ekanini maʼlum qildi. Uning aytishicha, pokistonlik mutaxassislar O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati, bozor infratuzilmasi va iqtisodiy muhitini chuqur o‘rganib chiqqan hamda hamkorlik istiqbollarini ijobiy baholagan.

– Biz O‘zbekiston hududida ip-kalava, gazlama va boshqa turdagi to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarib, ularni Pokistonga eksport qilish, qo‘shma brendlar ostida tayyor kiyim-kechaklarni Yevropa bozorlariga olib chiqish imkoniyatiga egamiz, – dedi Said Ulla. – Bugungi kunda Pokiston Yevropadagi qator nufuzli brendlar uchun tayyor mahsulotlar ishlab chiqarib bermoqda. Shu tajribani O‘zbekistonda ham joriy etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz.

Uchrashuv yakunida Pokiston tomonini qiziqtirgan qator masalalar, jumladan, O‘zbekistondagi to‘qimachilik korxonalarining ishlab chiqarish salohiyati, tayyor mahsulotlarning logistika yo‘nalishlari, eksport bozorlari hamda transport infratuzilmasiga oid savollarga atroflicha javob berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish