“Associated Press of Pakistan” AA: O‘zbekistonda hududlarning iqtisodiy faolligi sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlari orqali baholandi
Aprel 01, 2026. 12:02 • 2 daq
• 50
ISLOMOBOD, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy “Associated Press of Pakistan” axborot agentligida “Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlari asosida O‘zbekiston hududlarining so‘nggi besh yillik iqtisodiy faolligini baholadi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonning hudud va shaharlari darajasida iqtisodiy faollikni baholash uchun sunʼiy yo‘ldosh orqali olingan tungi yorug‘lik (Nighttime Lights, NTL) maʼlumotlaridan foydalangani maʼlum qilingan.
“Tahlil natijalari sunʼiy yo‘ldosh ko‘rsatkichlari rasmiy statistika bilan yuqori darajada mos kelishini ko‘rsatdi. Jumladan, NASAning tungi yorug‘lik maʼlumotlari asosidagi baholashlarga ko‘ra, 2020–2025-yillarda O‘zbekistonda aholi jon boshiga to‘g‘ri kelgan yalpi ichki mahsulotning (YIM) nominal o‘sishi 80,3 foizni tashkil etib, bu o‘rtacha yillik 15,8 foizlik o‘sishga to‘g‘ri keladi. So‘nggi 5 yilda YAIM hajmi 2 090 dollardan 3 887 dollarga yetgan. Qiyoslash uchun, rasmiy statistika maʼlumotlariga ko‘ra, shu davrda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot o‘sishi 81,8 foizni tashkil etgan bo‘lib, o‘rtacha yillik o‘sish 16,1 foizga teng bo‘ldi. Natijada, bu ko‘rsatkich 2 048 dollardan 3 881 dollargacha oshdi”, – deyiladi maqolada.
So‘nggi besh yilda hududlar kesimida aholi jon boshiga YHM miqdori bo‘yicha eng katta o‘sish Toshkent shahrida qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich taxminan 5 ming dollarga oshib, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, 9,3 ming dollarni (rasmiy statistikaga ko‘ra 9,2 ming dollar) tashkil etdi.
2025-yilda mamlakatning qator yirik va o‘rta shaharlarida ham aholi jon boshiga YHM hajmi yuqori darajada bo‘lgan. Jumladan, Navoiy shahrida 9,3 ming dollar, Zarafshon shahrida 7,9 ming dollar, Samarqandda 7,2 ming dollar, Qo‘qon va Andijonda 6,7 ming dollardan, Ohongaron, Yangiyo‘l va Buxoroda esa mos ravishda 5,8 mingdan 5,2 ming dollargacha bo‘lgan.
Maqolada yozilishicha, olingan natijalar tungi yorug‘lik bo‘yicha sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlari rasmiy statistikani samarali ravishda to‘ldirishi va hududlarning iqtisodiy faolligini tezkor baholashda qo‘llanilishi mumkin. Bunday yondashuv iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini aniqlash, hududlarda infratuzilma va investitsiya faolligini rivojlantirish uchun davlat qo‘llab-quvvatlashini yanada manzilli yo‘naltirish imkonini beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi