Logo

Varshavada O'zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi

Iyul 18, 2024. 12:09 • 2 daq

199
Varshavada O'zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi

VARSHAVA, 18-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston ishbilarmon doira vakillari delegatsiyasining Polshaga safari davomida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan "Polsha-Osiyo" Savdo palatasi bilan birgalikda yurtimizning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda "EXIMMED2, "Al Af Expedition" va "Resursi" singari yetakchi o'zbek kompaniyalari, shuningdek, "Ferro", "A.T.Trading", "Polfrost", "Jeger", "Technomex", "Simed" va "ACTION" kabi Polsha kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Mamlakatimiz elchisi Amirsaid Agzamxodjayev tadbirning ochilish qismidagi nutqida, o'zbek-polyak hamkorligining istiqbolli yo'nalishlari haqida so'zlab berdi va investitsiyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasini yanada kengaytirish bo'yicha o'z takliflarini bildirdi. Ikki mamlakat ishbilarmonlari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi alohida ta'kidlandi.

"Polsha-Osiyo" Savdo palatasi prezidenti Yanush Pexochinski o'z navbatida, O'zbekiston va Polsha o'rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganini, xususan ikki tomonlama savdo aylanmasi so'nggi yillarda uch barobarga oshganiga qayd etdi.

Davra suhbati davomida ikki davlat o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va savdo aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Polsha kompaniyalari o'z texnologik ishlanmalarini O'zbekiston bozoriga joriy etish bo'yicha loyihalarini taqdim qildi. O'zbekiston ishbilarmon doira vakillari Polsha tajribasidan foydalanish va yuqori malakali mutaxassislar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tadbir doirasida o'tkazilgan "B2B" shaklidagi muzokaralar yakunida Polshaga qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish bo'yicha bir qator kelishuvlarga erishildi. "Polfrost" polyak kompaniyasi bilan birgalikda Polshada mahsulotlar logistikasi, ekspozitsiyasi, omborga joylashtirish, sotish va Yevropa bo'ylab tarqatishga ixtisoslashgan O'zbekiston savdo uyini ochish masalasi muhokama qilindi.

Bundan tashqari, transport-logistika masalalarini hal qilish maqsadida polyak kompaniyalarining O'zbekistonda vakolatxonalarini ochish istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish