O'zbekiston va Pokiston qishloq xo'jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchilari qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini kelishib oldi
May 26, 2025. 07:14 • 2 daq
• 209
ISLOMOBOD, 26-may. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida "AgroTech Klaster" mas'uliyati cheklangan jamiyati vakillarining Pokistonning Lahor shahriga ishchi safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston vakillari safar davomida Pokiston qishloq xo'jaligi texnikasi, traktor ishlab chiqaruvchi kompaniyalari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o'tkazildi. Ularda O'zbekiston va Pokiston yetakchilarining Toshkentdagi oliy darajali uchrashuvida erishilgan sohaga oid kelishuvlarni amalga oshirish, hamkorlikda qo'shma loyihalarni ro'yobga chiqarish istiqbollari muhokama qilindi.
O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari, shuningdek, Pokiston Sanoat va ishlab chiqarish vazirligi, "Millat Tractors", "Al-Ghazi Tractors", "Pokiston avtomobil va qishloq xo'jaligi uchun ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchilar uyushmasi", "Hamza Wazir Tractors", "Buraq tractors" kabi yetakchi traktor kompaniyalarining ishlab chiqarish quvvatlari va qo'llaniladigan texnologiyalar bilan joyida tanishdi.
"AgroTech Klaster" MCHJ tomonidan ishlab chiqariladigan traktor va boshqa qishloq xo'jaligi texnikalari taqdimoti o'tkazildi. Taqdimotda ularning afzalliklari, texnik ko'rsatgchilari to'g'risida hamkor tomonni qiziqtirgan savollar bo'yicha atroflicha ma'lumotlar berildi.
Muzokaralar chog'ida ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, traktor va turli qishloq xo'jaligi texnikalarini O'zbekiston va Pokistonda birgalikda ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi vakillari, shuningdek, Pokiston mashinasozlik, jumladan traktor vositalari va qishloq xo'jaligi texnikalari bozoriga oid marketing ma'lumotlari, mahalliylashtirish darajasi, sohaga oid qonunchilik talablari bilan ham batafsil tanishdi.
Muzokaralar natijasida 50-85 ot kuchiga ega bo'lgan, ikki davlat iqlimiga moslashtirilgan traktorlarni va boshqa qishloq xo'jaligi texnikalarini hamda ular uchun ehtiyot qismlarni birgalikda ishlab chiqarishni ilgari surish, mahsulotlar narxini optimallashtirish masalalarida kelishuvlarga erishildi.
O'zaro muloqotni davom ettirish, "AgroTech Klaster" MCHJ faoliyati bilan joyida tanishish, yangi istiqbolli loyihalarni muhokama qilish uchun Pokistonning qishloq xo'jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchilari O'zbekistonga taklif etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi