Logo

O'zbekiston bosh konsuli Tomsk viloyati gubernatori bilan hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qildi

May 02, 2025. 18:44 • 2 daq

79
O'zbekiston bosh konsuli Tomsk viloyati gubernatori bilan hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qildi

TOMSK, 2-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston diplomatik missiyalari rahbarlari bilan birgalikda Rossiyaning Tomsk viloyati gubernatori Vladimir Mazur bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Gubernator Vladimir Mazur tadbir avvalidagi nutqida Tomsk viloyati va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi munosabatlar, ayniqsa, iqtisodiyot, madaniyat, ta'lim va turizm kabi sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta'kidladi. Viloyat rahbarining aytishicha, o'zaro manfaatli hamkorlikni, jumladan, O'zbekiston bilan yana-da tizimli va izchil mustahkamlashdan manfaatdor.

Shuningdek, ilm-fan va texnologiya sohasida qo'shma loyihalarni davom ettirish, Tomsk viloyati va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari o'rtasida sanoat va texnologik hamkorlikni rivojlantirish, "Xalqaro hamkorlik va eksport" milliy loyihasi vositalaridan samarali foydalanishga alohida e'tibor qaratildi.

O'zbekiston hududlari Tomsk viloyatining asosiy tashqi iqtisodiy hamkori ekanligi aytib o'tildi. Ma'lum qilinishicha, 2024-yil oxiriga kelib mamlakatimiz Rossiyaning ushbu hududining ikkinchi savdo hamkoriga aylandi.

"2024-yilda biz O'zbekiston bilan hamkorlikda sanoat kooperatsiyasi yo'lida katta qadam tashladik. 2024-yil kuzida Tomsk viloyati delegatsiyasi respublikaga tashrif buyurdi. Ishchi tashrif yakunlari bo'yicha biz mamlakat korxonalari bilan sanoat sohasida hamkorlik bo'yicha "Yo'l xaritasi"ni imzolashga kelishib oldik. Hozirda hujjatni tayyorlash ishlari yakunlanmoqda va shu yilning iyun oyi boshida imzolanishi kutilmoqda. "Yo'l xaritasi"ga kiritilgan yo'nalishlar mashinasozlik va asbob-uskunalar ishlab chiqarish kimyo, suvni tozalash, neft va gaz sanoati texnologiyalari va tibbiyotni o'z ichiga oladi" – dedi Tomsk viloyati gubernatori.

O'zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov o'z navbatida, joriy yilning birinchi choragida O'zbekiston va Tomsk viloyati o'rtasidagi ikki tomonlama hududlararo hamkorlik yakunlari haqida batafsil to'xtalib o'tdi.

Tomsk viloyati va O'zbekiston hududlari o'rtasida ta'lim, turizm va madaniyat sohalaridagi aloqalarni yana-da rivojlantirish va mustahkamlash bo'yicha mavjud salohiyatdan to'liq foydalanish har ikki tomon uchun manfaatli bo'lishi qayd etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish