Logo

Polsha Savdo-sanoat palatasi O'zbekiston bilan birgalikda tadbirkorlar kengashini tashkil etish taklifi bilan chiqdi

Fevral 24, 2024. 14:08 • 2 daq

183
Polsha Savdo-sanoat palatasi O'zbekiston bilan birgalikda tadbirkorlar kengashini tashkil etish taklifi bilan chiqdi

VARSHAVA, 24-yanvar. /"Dunyo" AA/. Amaliy tashrif bilan Polshaga borgan O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxobov boshchiligidagi delegatsiya ushbu mamlakat Savdo-sanoat palatasi raisi Marek Klochko muzokara o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda ushbu ikki tashkilotlar o'rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Marek Klochko O'zbekistonning sanoat salohiyati, xorijiy investorlarni jalb qilish uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholadi. Shuningdek, kimyo, to'qimachilik, farmatsevtika, kosmetika sohalariga Polsha biznesining O'zbekistonga bo'lgan yuqori qiziqishini ta'kidladi.

Shuningdek, joriy yil mart-aprel oylarida Polsha tadbirkorlar delegatsiyasining O'zbekistonga tashrifi rejalashtirilganini va yuqoridagi sohalarga oid ko'rgazmalarda qatnashish istagini bildirdi.

Uchrashuv yakuni bo'yicha O'zbekiston-Polsha ishbilarmonlar kengashini tashkil etish hamda ushbu kengashning birinchi yig'ilishini 2024-yil sentyabr oyida kengaytirilgan tarkibda o'tkazish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Mamlakatimiz delegatsiya a'zolari safar davomida, shuningdek, Polsha Taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi huzuridagi Investitsiyalar va savdo agentligi (PAIH) rahbariyati bilan uchrashdilar.

Muloqot chog'ida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va ushbu tashkilot o'rtasida o'zaro manfaatli aloqalar o'rnatish masalalari muhokama qilindi.

Polsha tomoni polyak kompaniyalari tashqi savdoni diversifikatsiya qilish maqsadida O'zbekistondagi kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va PAIH o'rtasida hamkorlik memorandumini imzolash, mazkur tashkilotning Toshkentda ofisini ochish masalasini ishlab chiqish, ko'rgazma va yarmarkalarda kompaniyalar ishtirokini ta'minlash, maxsus iqtisodiy zonalar o'rtasida tajriba almashish to'g'risida kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish