Novosibirsk viloyati tadbirkorlari O'zbekiston bilan hamkorlikka alohida e'tibor qaratmoqda
Aprel 20, 2025. 12:07 • 50 soniya
• 125
NOVOSIBIRSK, 22-aprel. /Dunyo" AA/. O'zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov Novosibirsk viloyati Eksportni qo'llab-quvvatlash markazi rahbari Alina Musiyenko bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy sohadagi aloqalarning ustuvor jihatlari batafsil muhokama qilindi, shuningdek, O'zbekiston hududlari va Novosibirsk viloyati tadbirkorlari o'rtasidagi sheriklikning asosiy yo'nalishlari belgilab olindi.
Novosibirsk viloyati Eksportni qo'llab-quvvatlash markazi faoliyati eksportning yangi yo'nalishlarini ochish hamda eksport hajmini oshirishga qaratilgan. Markaz 2013-yildan buyon Novosibirsk viloyati kichik va o'rta biznes subyektlariga tovarlar, xizmatlar va texnologiyalarning xalqaro bozoriga chiqishida ko'maklashib kelmoqda.
Markaz O'zbekiston hududlari, xususan Farg'ona va Surxondaryo viloyatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratmoqda. Shuningdek, Novosibirsk viloyati biznes vakillari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Surxondaryo viloyatidagi "Ayritom" erkin iqtisodiy zonasi orqali Afg'onistonga eksportini tashkil qilishga qiziqish bildiryapti.
Uchrashuv yakunida joriy yilning iyun oyida Novosibirsk shahrida Surxondaryo va Farg'ona viloyatlari ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum o'tkazish, oktyabr oyida esa "Ayritom" erkin iqtisodiy zonasi hududida Novosibirskda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko'rgazmasini tashkil etishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi