Logo

Malayziya korporatsiyasi O'zbekistonning tog'li hududlarida kichik va o'rta gidroelektr stansiyalarini qurishi mumkin

Iyul 22, 2025. 16:27 • 2 daq

140
Malayziya korporatsiyasi O'zbekistonning tog'li hududlarida kichik va o'rta gidroelektr stansiyalarini qurishi mumkin

KUALA-LUMPUR, 22-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning "Tenaga Nasional Berhad" korporatsiyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Megat Jaloliddin bin Xasan bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda O'zbekistonda energetika sohasida o'zaro manfaatli loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Korporatsiyaning elektr energiyasi ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va iste'molchilarga yetkazib berishning butun zanjirini qamrab olgan noyob tajribasini O'zbekistonda ham joriy qilish tomonlar uchun manfaatli bo'lishi ta'kidlandi.

Malayziya vakiliga O'zbekistonning tog'li hududlarida kichik va o'rta gidro elektr stansiyalarini qurishga sarmoya kiritish, davlat-xususiy sherikchilik asosida elektr tarmog'i infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish loyihalarini amalga oshirish taklifi bildirildi.

Korporatsiya prezidenti o'zbek tomonidan bildirgan takliflar kompaniya mutaxassislari tomonidan ko'rib chiqilishini ma'lum qildi. Hamkorlik loyihalarini muhokama qilish uchun korporatsiyaning mas'ul xodimini biriktirishga kelishib olindi.

"Tenaga Nasional Berhad" korporatsiyasi 1949-yilda tashkil etilgan bo'lib, Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik energetika kompaniyasi hisoblanadi. Korporatsiyaning 45 foiz ulushiga mamlakat hukumatiga qarashli maqsadli jamg'armalar egalik qiladi. Uning asosiy faoliyati elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash, elektr stansiyalarini ta'mirlash, sinovdan o'tkazish, ularga muhandislik, qurilish va texnik xizmatlarini ko'rsatish hamda ko'mir qazib olishdan iborat. Korporatsiyada 14 mingga yaqin ishchi-xodim mehnat qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish