Pokiston kompaniyasi Yangi Toshkent hududida zamonaviy turar joy majmualarini qurishni rejalashtirmoqda
Oktabr 28, 2026. 12:30 • 3 daq
• 117
ISLOMOBOD, 28-oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning “Izhar Group” kompaniyasi rahbari Umar Izhar bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot avvalida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy shaharsozlik tashabbuslari va infratuzilmaviy loyihalar, xususan, Yangi Toshkent shahrini barpo etish loyihasining taqdimoti o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, Yangi Toshkent shahri loyihasining umumiy maydoni 20 ming gektarni tashkil etadi. Loyihaning birinchi bosqichida 6 ming gektar hududni o‘zlashtirish hamda qariyb 50 milliard AQSh dollari miqdoridagi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
O‘z navbatida, “Izhar Group” rahbari kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, developerlik sohasidagi tajribasi va xalqaro bozorlarda amalga oshirayotgan loyihalari haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, kompaniya faoliyatida kottejlar va villalardan iborat zamonaviy turar joy majmualarini barpo etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, kompaniyaning Turkiya va boshqa mamlakatlarda to‘plagan tajribasidan kelib chiqib, Yangi Toshkent shahrini barpo etish jarayonida hamkorlikning maqbul modellarini qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, investorning loyihaning dastlabki bosqichida yer sotib olish uchun katta miqdorda mablag‘ sarflash zaruratini kamaytirish, qurilish ishlarini tezroq boshlash va loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga xizmat qiladigan mexanizmlarga e’tibor qaratildi.
Umar Izharning fikricha, bunday yondashuv investitsiya resurslaridan samarali foydalanish, loyihalarni amalga oshirish jarayonini jadallashtirish va Yangi Toshkent hududini o‘zlashtirish sur’atlarini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Bundan tashqari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq qator amaliy masalalar, jumladan, texnik va huquqiy talablar, moliyalashtirish mexanizmlari, soliqqa tortish, yer uchastkalarini ajratish, ipoteka va lizing imkoniyatlari hamda qurilish sohasidagi me’yor va talablar yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida investitsiya loyihalarini amalga oshirish shartlarini batafsil o‘rganish va muhokama qilish maqsadida O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish hamda “Izhar Group” delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
1959-yilda tashkil etilgan “Izhar Group” Pokistonning ko‘p tarmoqli kompaniyalar guruhlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya qurilish, EPC-pudrat, metall konstruksiyalar ishlab chiqarish, temir-beton mahsulotlari tayyorlash, muhandislik tizimlari, turar joy va sanoat obyektlarini barpo etish kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi. Guruh shu kunga qadar Pokistonda 100 dan ortiq sement va mineral o‘g‘it ishlab chiqarish zavodlari, energetika obyektlari, aeroportlar, to‘g‘onlar, shifoxonalar, shuningdek, sanoat va tijorat obyektlarini qurishda ishtirok etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi