Kuvayt, Iroq va Suriya investorlari Yangi Toshkent loyihalariga qiziqish bildirmoqda
Oktabr 29, 2026. 12:30 • 2 daq
• 255AL-KUVAYT, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 20–28-oktabr kunlari Kuvayt, Iroq va Suriyaning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Kuvaytdagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan safar davomida Yangi Toshkent direksiyasi, tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy kompaniyalar bilan turli muzokaralar o‘tkazilib, qator investitsiyaviy hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Xususan, Suriyaning “Oulabi” xoldingi vakillari bilan uchrashuvlarda Yangi Toshkent hududida zamonaviy turar joy majmualarini barpo etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Suriyalik investorlar “Murad Building” va “Hayot Group” mahalliy qurilish kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Kuvaytlik investorlar bilan muzokaralarda ko‘p funksiyali tijorat majmuasini qurish, xususiy bank tashkil etish hamda moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, “Euro Sky Investment” va “Noor Financial Investment Co” kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Iroqning “Al-Khafaji Holding Group” va “Al-Wateen & Al Razan” kompaniyalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda qurilish, ko‘chmas mulk va savdo infratuzilmasi sohalarida hamkorlik qilish, “Sarmed Al Khafaje” brendi ostida zargarlik mahsulotlari savdo tarmoqlarini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar taklif etilgan loyihalarni atroflicha o‘rganish va muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar. Ayni paytda xorijiy investorlarning takliflarini aniq loyihalarga yo‘naltirish, mahalliy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash va dastlabki kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Mazkur tashabbuslar Yangi Toshkentning xalqaro investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, O‘zbekistonning arab mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish hamda mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



