Logo

O'zbekiston elchisi va Umumpokiston to'qimachilik uyushmasi raisi hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlarini belgilab oldilar

Oktabr 04, 2025. 11:33 • 2 daq

47
O'zbekiston elchisi va Umumpokiston to'qimachilik uyushmasi raisi hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlarini belgilab oldilar

LAHOR, 8-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Lahor shahrida Umumpokiston to'qimachilik uyushmasi raisi Kamran Arshad bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Suhbat chog'ida to'qimachilik klasterlari faoliyati, kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni hamkorlikda boshqarish istiqbollari hamda "GSP+" tizimi orqali Yevropa Ittifoqi bozoriga hamkorlikda kirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uyushma rahbariyatiga O'zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, to'qimachilik sanoatini jadal rivojlantirish va xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida atroflicha ma'lumot berildi.

Kamran Arshad O'zbekistonda amalga oshirilayotgan o'zgarishlarni yuqori baholab, amaliy hamkorlikka tayyorligini tasdiqladi. U uyushma a'zolarida O'zbekistondagi to'qimachilik klasterlari bilan hamkorlikda ish olib borish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va sohaviy fabrikalarni birgalikda boshqarish bo'yicha qiziqish mavjudligini qayd etdi.

Muloqot davomida uyushma rahbariyati va a'zolari 14-16-oktyabr kunlari Toshkent shahrida o'tkaziladigan "Heimtextil Uzbekistan 2025" xalqaro ko'rgazmasiga taklif etildi.

Ushbu tadbir Pokiston kompaniyalari uchun o'z imkoniyatlarini namoyish qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni o'rnatish va hamkorlik loyihalarini kelishish uchun muhim platforma bo'lishi ta'kidlandi.

Uchrashuv yakunida to'qimachilik sohasida izchil hamkorlik qilish, aniq qo'shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida ishchi muloqotlarni yo'lga qo'yish, ikki tomon ishlab chiqaruvchilari va investorlari o'rtasida onlayn uchrashuvlar tashkil etish, Umumpokiston to'qimachilik uyushmasi delegatsiyasining O'zbekistonga safarini amalga oshirishga kelishib olindi.

Umumpokiston to'qimachilik uyushmasi Pokistonning eng yirik va nufuzli to'qimachilik uyushmasi bo'lib, 300 dan ziyod a'zolar va 400 dan ortiq fabrikalarni birlashtiradi. Uyushma mamlakat umumiy eksportining qariyb 60 foizini ta'minlaydi va yalpi ichki mahsulotning 8,5 foizini shakllantiradi. Pokiston to'qimachilik mahsulotlari asosan AQSh, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Buyuk Britaniya, Xitoy, Bangladesh kabi bozorlarga yetkazib beriladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish