Logo

Zomin tumanida "Jizzax–2025" xalqaro biznes-forumi bo'lib o'tmoqda

Aprel 23, 2025. 20:27 • 2 daq

187
Zomin tumanida "Jizzax–2025" xalqaro biznes-forumi bo'lib o'tmoqda

ZOMIN, 23-aprel. "Dunyo" AA/. Bugun Zomin tumanida "Jizzax – 2025" xalqaro biznes-forumining birinchi ish kuni muvaffaqiyatli bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur biznes-forum Jizzax viloyatining investitsion jozibadorligini namoyish etish, xalqaro va mahalliy tadbirkorlar o'rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yangi investitsiya loyihalarini muhokama qilish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida uyushtirildi.


Forum Jizzax viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi va qator xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.


Unda mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ko'magida 30 dan ortiq yetakchi hamkor davlatlardan 200 dan ziyod yetakchi kompaniyalar rahbarlari, shuningdek, mahalliy tadbirkorlar, davlat organlari, hamkor tashkilotlar va OAV vakillari ishtirok etmoqda.


Iqtisodiy anjuman doirasida Jizzax viloyatining investitsiyaviy imkoniyatlari, qishloq xo'jaligi, sanoat, turizm va xizmat ko'rsatish sohalarida loyihalar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imtiyozlar va qulay shart-sharoitlar hamda mahalliy brendlar va eksport salohiyatini oshirish masalalari bo'yicha taqdimot va muhokamalar bo'lib o'tayapti.


Shuningdek, forum maydonida maxsus ko'rgazmalar, V2V shaklidagi uchrashuvlar, investitsiya loyihalarining taqdimotlari tashkil etilmoqda. Xorijiy mehmonlar Zomin tumanining betakror tabiati va sayyohlik salohiyati bilan ham tanishadilar.


Tashkilotchilarga ko'ra, "Jizzax–2025" xalqaro biznes-forumi viloyatni global iqtisodiy hamkorlikning yangi bosqichiga olib chiqishda muhim platforma vazifasini o'taydi.


Bundan tashqari, Jizzax viloyatining katta xomashyo zaxiralari, qulay logistika infratuzilmasi, boy tabiiy resurslari, rivojlanayotgan turizm sektori va yuqori inson kapitali kabi ustunliklarini namoyon etish bilan birga, viloyatning xorijiy hamkorlar bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.


"Jizzax – 2025" xalqaro biznes-forumi 24-aprel kuni o'z ishini davom ettiradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish