Varshavada Farg'ona viloyati Oltiariq tumani va Polsha ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etildi
Iyun 10, 2024. 12:17 • 2 daq
• 123
VARSHAVA, 10-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida Farg'ona viloyati Oltiariq tumani hokimi Shamsiddin Turdaliyev boshchiligida delegatsiyaning Polshaga amaliy tashrifi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif davomida "Polsha–Osiyo" Savdo palatasida ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etildi. Unda O'zbekiston va Polsha ishbilarmon vakillari ishtirok etdi.
Forumni "Polsha–Osiyo" Savdo palatasi prezidenti Yanush Pexochinski ochib berdi. U o'z nutqida Polsha va O'zbekiston o'rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganini, xususan ikki tomonlama savdo aylanmasi so'nggi yillarda uch barobarga oshganini alohida qayd etdi. Bundan tashqari, tashqi mehnat migratsiyasi sohasida ishga solinmagan imkoniyatlar mavjudligiga e'tibor qaratildi.
O'zbekiston elchisi Amirsaid A'zamxo'jayev o'z ma'ruzasida o'zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlarini, xususan, investitsiyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasini yanada kengaytirishni taklif etdi. Diplomatik missiya rahbari, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini bildirdi.
Transport-logistika masalalarini hal qilish maqsadida Polsha kompaniyalarining O'zbekistonda o'z vakolatxonalarini ochish masalasiga alohida urg'u berildi. Shuningdek, joriy yil avgust oyida "Polsha-Osiyo" Savdo palatasi prezidenti Yanush Pexochinski boshchiligida delegatsiyaning Farg'ona viloyatiga biznes-missiyasini tashkil etish to'g'risida kelishib olindi.
Biznes-forum natijasida Farg'ona viloyatidagi "Nurt fruit", "Oltiariq Eko Sanitar" va "Hamza Yexpo Art Tekstil" korxonalari hamda Polshaning "PPH EWA-BIS Sp z o.o.", "G.D. International Poland Sp. o.o.", "Bombacio" va boshqa kompaniyalar o'rtasida Polshaga to'qimachilik, charm-poyabzal, qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish bo'yicha kelishuvlarga erishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Budapeshtda ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida hamkorlik kengaytiriladi